www.ziyouz.com
кутубхонаси
42
aylab, shunday fig'on qildi:
— Ey ishqing shiddati jonimda bo'lgan, xotirim oromi, ko'nglim quvvati! Har neki
istaging bo'lsa, buyur — qulingman. Agar bajarmasam, mayli, meni qatlga hukm et!
Ammo hijron so'zini aytma, meni vasl uyidan benasib etuvchi so'zga yo'lama!
Shunday deb u o'rnidan irg'ib turdi-da:
— Suruvni keltiring, “qo'y”ni cho'pon huzuriga yetkuring! Men gumrohga madad
aylab, iltifot qilib, otashgoh sari yo'l boshlang!— dedi.
Xullas, “qo'y”ni cho'pon huzuriga yetkardilar, uning ikkinchi tilagini ham bajo
keltirdilar. Shayx kunduz kunlari cho'chqa to'dasidan ogoh bo'lib, ularni boqsa, kechalari
uning manzilgohi otashgoh bo'lar edi.
Kechqurundan tong otgunga qadar uning ishi o't yoqish bo'lib, kufr olovini ravshanroq
yondirish bilan vaqtini o'tkazardi. Sahar payti butxonada qo'ng'iroq chalingach, ya'ni
qaro zulmat tuni yorishgach, u devonalikdan gulxanga yiqilgan odamdek dudga
belangancha kuldan chiqib kelardi. Qo'ng'iroq ohangiga mos holda kufr elining odat va
tartibida xirgoyi qilardi. Shu tariqa u to'ng'izlarga ro'para bo'lar, uning atrofida yuzdan
ortiq to'ng'iz bo'lardi.
Shunday qilib, u bu xil zulmatga giriftor va asir bo'lib qolgan edi. Uning farmonidagi
qavm bu ahvoldan uni xalos etish uchun ko'pgina chora-tadbirlar qilib ko'rishdi, ammo
bu tadbirlar unga qil uchichalik ham ta'sir etmadi. Ular Shayxni xalos qilishga hech
imkon topa olmagach, chorasiz holda har yoqqa tarqab ketishdi. Shayxning o'zi yolg'iz
qoldi. Ulardan har biri uyatdan bir tomon borib, Ka'bada qochoqlar kabi yashirindilar.
Shayxning bir foniy muridi bo'lar edi. U ishq jomidan haddan ziyod ko'p may ichgan
edi. Yetakchi (Shayx) karvonni qayerga boshlasa, bu solik (shogird) ham o'sha manzilda
unga hamroh bo'lguvchi edi. Ammo Shayx Rum sari safarga chiqqanida, unga o'zga bir
mamlakat maskan bo'lgan edi. Bu qutlug' qadamli yo'lovchi safardan qaytib, Ka'ba
tomon ko'pgina manzillarni bosib o'tdi. Yo'ldanoq u Shayx atrofidan panoh istay deb,
xonaqoh tomon yuzlandi. Ammo kelib qarasa, xonaqoh xarob, uning piri yo'q edi.
Xonaqohdagi to'rt yuzta taqvodordan birortasi ham ko'rinmasdi. U bu holni yaxshilab
tekshirib ko'rgandan so'ng unga sodir bo'lgan ahvolni boricha aytib berishdi: Shayxning
Rum sari yo'lga chiqqani va bu yerda uning boshiga ne ishlar tushganini so'zlab berishdi.
U Shayx muridlarining xalifasi (boshlig'i) bo'lgani uchun o'z o'rtoqlarini olib kelishga
kishilar yubordi. Shu tarzda himmat ko'rsatib, barchasini bir yerda jamladi hamda
ulardan Shayx ahvolini diqqat bilan surishtirdi. Unga tush bilan Rum voqeasini bayon
qilib, butxona va tarso qizi zulmini aytib berishdi. Shayxning ishq ichra beqaror
bo'lganini va holida beixtiyor qolganini, boda ichib, rindu mast bo'lganini; dinni tark etib,
butparast bo'lganini; yana otashgohni maskan etganini va "Kalomulloh"ni o'tga solganini
hamda qanday qilib zunnorni beliga to'rt aylantirib bog'laganini, hozir u kechalari
otashgohda o't yoqib, kunduz kunlari esa cho'chqa boqishligini hikoya qilib berishdi.
Shunda dard sohibi bo'lgan haligi xabardor rind ularga shunday dedi:
— Ey or-nomusni saqlashda to'ng'izlardan ham battar bo'lgan kishilar! Shayx sizning
piringiz edi, sizlar unga murid edingizlar. Uning ko'rsatmasidan barchaga najot umidi
yetardi. Faqr aro muridlik qilish sharti shunday: agar kimki qutlug' tabiatli bo'lib,
murshid bo'lsa, uning muridlari ham unga o'xshash bo'lishi kerak... Agar u o'zining
yaxshi-yomon kunlarida nima ish qilsa, siz unga taqlid etishingiz lozim. Siz vafosizlarga
faqr tartibi odatlari hayf! So'fiylar kiyadigan xirqayu o'raydigan salla ham hayf!
Dorilomon payti yolg'on lof urib, Shayxga sodiqligingizni isbot etishga tirishasiz.
Shayxning boshiga og'ir ish tushsa, o'zingizni undan uzoqqa tortasiz. Shayxingizga
bevafolik qilib, Qiblagohingizni butxona ichiga tashlab kelibsiz. Allohdan qo'rqmay, eldan
uyalmasdan, bu ish uning boshiga tushganda, uni yolg'iz qoldirib, orqangizga qaytibsiz.
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |