www.ziyouz.com
кутубхонаси
84
Yo'l ahli, bu vodiyga qadam qo'ygach, unda hayronlikdan o'zga ish bo'lmaydi. Agar
tavhid borasida nimaga erishgan, yolg'izlik va ajralish vodiysida nimaiki ish qilgan bo'lsa,
bu yerda ularning barchasi yo'qolib ketadi. Hatto u o'zining borligini ham unutadi. Agar
undan, sen bormisan yoki yo'qmisan, deb so'rasalar, u bularning hech biriga javob bera
olmaydi, boru yo'qligiga xitob qilib, o'zini bildira olmaydi. U . o'zining o'rtada, yo bir
tarafda yoki tashqarida ekanligini ham, chekkada yoki keyin, yoxud oldinda turganligini
ham yaxshi bilmaydi, hayrat uni bularning barchasidan chetda tutadi.
U o'zining foniy ekanligi yoki boqiyligini ham, mast ekanligi yoki soqiyligini ham
anglamaydi, mavjudligi yoki mavjud emasligi ham, zotining malum yoki noma'lumligini
ham bilmaydi. Shu tariqa har yoqqa boqsa, cheksiz hayratga tushadi, o'zini hayrat ichida
g'arq bo'lgan holda ko'radi. O'ziga o'zi, oshiq ekanligimdan ajablanaman, ammo kimga
oshiq bo'lganimni bilmayman, debdi. Har bir zarraga zarralar orqali boqib, ularning
borligi yoki yo'qligini isbot etishdan hayratga cho'madi. Bu maqom ichra ana shu xil ajib
holatlar bo'lib, ulardan hali bittasi tugamasdan turib, mingtasi duch keladi.
CLX
Hikoyat
Jahonni zabt etgan bir podsho bor edi. Uning dargohida yuzlab sultonlar bosh egib
turardi. Mamlakati cheksiz bo'lib, barcha uning hukmiga bo'ysunardi.
Uning hammadan yashirib yuradigan bir gavhari bor edi. Bu go'zalning husni oldida
hur va parilar ham sharmanda bo'lib qolardi. U go'zallik bo'stonida bir noziknihol, bir
nozikniholgina emas, sarfaroz etilgan sarv edi. U jon yotog'idagi dilga xush keluvchi
sham, yo'q, sham emas, balki yorug' quyosh mash'ali kabi edi. Noz chashmasidagi uning
ko'zlari jonga balo keltirar, davron unday baloli ko'zni hanuzgacha ko'rmagan edi. Zulfi
va holi fitnaning anbar hidlarini taratib turar, bu fitnaga duch kelgan kishi omon qolmas
edi. Uning orazida la'li labi joylashgan bo'lib, benihoya fasih nafas egasi edi. Bularni
quyosh bilan Masihga qiyos qilsa bo'ladi. Uning vasli umidida necha davlatmand kishilar,
balki taxt egalari bo'lgan oliy shohlar yurar, ammo bu murod hech kimga muyassar
bo'lmay, hech bir ko'ngil hali uning vaslidan shod bo'lmagan edi. Bu go'zal' qizning o'zi
ham elga yaqin bo'lishni xohlamasdi. Ikkala tomon ham bundan o'zini tortar edi: ya'ni
davron ichra toq bo'lgan shunday go'zal qizga kim ham juft bo'la olardi? U shu xil xislat
egasi bo'lgach, el unga xaridor bo'la olarmidi?
Ittifoqo, bu go'zal qiz bir kecha tush ko'rdi. Tushida bir go'zal yigit uning ko'ngliga
g'ulg'ula soldi. Uning turgan-bitgani ruhdan mujassam bo'lgandek pokiza va toza edi.
Husn osmonida u go'yo sharq quyoshining o'zginasi edi. Husni sahifasiga mushk hidli bir
xat bitilgan, undagi xol esa o'sha xat ustidagi nuqtaga o'xshardi. Uning sho'xligi va
ra'noligi sarvning o'zginasi, nozikligi va zeboligi esa gulni eslatardi. Bu yigit agar quyosh
chirog'i bo'lsa, u qiz yog'du sochib turgan to'lin oy edi. Ikkalasi bir taxt ustida o'tirib,
dam-badam visol jomini ichishar, bir-birlarining vaslidan bahramand bolishar edi.
Gul yuzli bu uyqudan ko'z ochib, o'rnidan turdi. Ko'ngil mulkidan qarori yo'qolgan edi.
Bundan uning har damda shaydoligi orta borib, bu ahvolda rasvo bo'lishligi ayon bo'lib
qoldi. U har doim bu tushni qayta ko'rishni orzu qilar, lekin ko'zidagi bu uyquni ko'z
yoshi olib ketgan edi. Uning ko'nglida osoyish qolmagan, tinchligi buzilgan, kechasiyu
kunduzi orom nimaligini bilmas edi.
Kunlardan bir kun u hajr dardi malol kelib, o'zining oliy qasri uzra oshuftahol chiqdi.
Ko'ngliga taskin berish uchun har tomonga qarar, sabr va to'zimli bo'lishni istar edi.
Nogahon o'tli oh tortgancha, shoh bazm qurgan tomonga ko'z tashladi. Bu yerda tushda
ko'rgan kishiga ko'zi tushdi va oh urib, o'zidan ketdi. U ko'rgan kishi shoh xizmatkorlari
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |