UMAR ibn ABDULAZIZ, (Umar II), (681-720) - umaviylar xalifasi (717-720), Umar I
ning evarasi (ona tomondan); musulmon mualliflari uni yakdillik bilan Umaviylar orasida
yagona taqvodor xalifa deb hisoblashgan. Uning shaxsi va davlat tadbirlari haqidagi
ma’lumotlar juda chalkash, chunki 9-a. 1-yarmidayoq musulmon tarixshunosligvda
haqiqiy ahvol buzib talqin qilingan U. i. A.ning turmushdagi obrazi shakllangan. U. i. A.
Misrda (yoki Madinada) tug‘ilgan. U yerda Misr noibi bo‘lgan otasi vafot etguncha (704
yoki 705 y.) yashagan; Damashqqa ko‘chib o‘tgach, amakisi xalifa Abdulmalikning qiziga
uylangan. 706-712 (713 y.) ylarda Madina noibi bo‘lgan, Abdulmalik buyrug‘i bilan
Muhammad (sav)ning oddiygina masjidlarini qayta qurgan, uni ancha kattalashtirgan va
hashamatli qilgan, qurilishga vizantiyalik ustalar jalb qilingan. U serhasham kiyimi va
xushbo‘y atirlarga katta pul sarflashi bilan shuhrat qozongan, shoirlarga homiylik qilgan,
o‘z doirasidaga kishilardan hech bir ajralib turmagan. Xalifa bo‘lgach, u rivoyatlarga
ko‘ra, nafaqat o‘ziga tegishli xalifalik merosidan voz kechgan, balki barcha mol-mulkini
va barcha qullarini sotib, tushgan pullarni xayriya maqsadlariga sarf qilgan va kuniga
yegulik uchun ikki dirham bilan qanoatlangan, suvni o‘zi tashigan, xotini non yopib,
uning yagona libosini yuvgan. Ishonchli manbalarning birontasi bularni tasdiqlamaydi,
aksincha, ma’lumki uning bir necha xotini, cho‘rilari va o‘n beshga yaqin farzandi,
ko‘plab xizmatkorlari bo‘lgan. Faqat U. i. A. taxtga chiqqach, ilgariga qaraganda
kamtarona turmush tarzi kechira boshlagan deyish mumkin, xolos. U. i. A. xalifalikni
yemirib tashlayotgan ijtimoiy va etnik ziddiyatlarni yumshatishga uringan, shu
maqsadda hayotga shariat normalarini, avvalambor soliq solish sohasidagi o‘zgarishlarni
birin-ketin joriy eta boshlagan. U. i. A. musulmonchilikni qabul qilganlarni jizya
to‘lashdan ozod etgan, jangchi-mavolilarga maosh belgilagan, bo‘ysundirilgan xalqlar
bilan tuzilgan bitimlarga rioya etishni talab qilgan (shunga binoan, Qutayba tomonidan
Samarqanddan kuvg‘in qilingan sug‘diylarga hakamlar sudiga shikoyat bilan murojaat
qilishlariga imkon bergan), ruhoniylar va rohiblardan soliq olishni bekor qilgan.
Uning davrida musulmon arablarning maoshlari oshgan, shuning uchun viloyatlardan
markaziy xazinaga tushadigan mablag‘lar kamayib ketgan. Natijada U. i. A. yangi
bosqinchilik yurishlaridan voz kechishga majbur bo‘lgan, hatto notinch
Movarounnahrdan arablarni olib chiqib ketish ehtimoli ham yo‘q emasdi.
U. i. A. xorijiylar, alaviylar va abbosiylar bilan kelishishga intilgan. U. i. A. Xunasir
(Shim. Suriya)da vafot etgan va yaqin oradagi Simeon (Dayr Sim’an) monastiriga dafn
qilingan, uning qaerda joylashgani 13-a.dayoq noma’lum edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |