www.ziyouz.com
kutubxonasi
92
— Sen nodon qiz, o‘zini musulmon bilib, ichkilikni o‘ziga harom qiladigan yahudiylarga
o‘xshaysan. Jahonda sharobdan maza narsa bormi? U hamma lazzatlarning onasi, u
kishini baquvvat qiladi, qonni jo‘shtiradi, nafsni zo‘raytiradi.
— Taajjub, o‘zingiz zo‘r saltanat egasi, musulmonlarning ashaddiy dushmani bo‘la turib,
bu shahvoniy narsalarni dunyoning ziynati deb hisoblaysiz? Bahodir degan ulug‘vor,
hurmatli, so‘zi o‘tadigan, olisdagilar haybatli, yaqinlarga iltifotli bo‘lishi kerak.
Bobak uning gapini bo‘ldi:
— Men shunday emasmanmi?
— Shunday emas ekansiz. Uzoqdagilar ba’zan sizdan qo‘rqaru, lekin yaqinlar sizni
sevmas ekan. Tevarak-atrofingizdagi odamlar laganbardorlik qilib, nomingizni ko‘tar-
ko‘tar qiladi: ko‘zdan g‘oyib bo‘lishingiz bilan sizni yomonlashga tushadi. Chunki siz
ularni qoyil qoldiradigan ish qilmagansiz.
Bobak o‘zi mag‘lubiyatga uchraydigan masala ustida qiz bilan janjallashishini ep
ko‘rmadi. Ikkinchi tomondan, u qizga ortiqcha yalinishni ham xohlamadi. Jahonning
nasihatgo‘y yoki rahnamo sifatida muomala qilayotgani unga og‘ir tuyuldi:
— Hozir bu mashmashani bir yoqqa qo‘yib turaylik. Qani tur, ketdik, — deb o‘rnidan
turdi va Jahonni qo‘lidan ushlab turg‘izish uchun unga qo‘lini uzatdi. Jahon qo‘lini
bermadi, o‘tirgan joyidan qimirlamadi.
Bobak yana qo‘lini uzatdi. Jahon o‘rnidan turdi-da, qo‘lini orqasiga qilib:
— Bobak, haddingizdan oshmang, bu ishlaringiz bilan boshqalardan eshitishni istamagan
bir gapga munosib ekaningizni o‘zingiz quvvatlagan bo‘lasiz. Mendan nariroq turing!
Bobak yalinishga o‘tdi:
— Bo‘lmasa, senga mendan bo‘lak kim yaqin kela oladi? Axir, sen mening qaylig‘imsan.
Baxtga erishgin, deb seni turk mamlakatining eng olis yeridan ne mashaqqatlar bilan
oldirib keldim. Endi meni baxtsiz qilma!
— Qidirgani qiz-juvon bo‘lib, buning o‘zi nufuzli hukmdor bo‘lgan kishi hech qachon
baxtsiz bo‘lmaydi. Chunki uning istagan narsasiga qo‘li yetadi. Mol bilan bo‘lmasa, qilich
bilan muddaosini amalga oshiradi. Qasringizda yuzlab go‘zal ayollar bo‘lsa-yu, bitta men
bo‘ysunmaganim uchun o‘zingizni baxtsiz hisoblasangiz! Siz meni bu yerda yo‘q deb
hisoblayvering, o‘z holimga qo‘ying.
— O‘z baxtimni senda bilmaganimda yoki sensiz yashashim mumkin bo‘lganida, seni
keltirish uchun bunchalik ovora bo‘lmagan, ne-ne tadbirlarni ko‘rmagan bo‘lardim.
Do‘stim Somon bo‘lmaganda, bu baxt menga muyassar bo‘lmasdi.
Shu payt Jahon o‘zini ikki qo‘llab Bobakka topshirgan kishi akasi Somon ekanini aniqlab
oldi. Hozir u kimdan va qanday qilib o‘ch olishni bilmas edi. U Somon haqidagi gapni
eshitmaganday bo‘lib so‘radi:
— Meni qasringizdagi ayollar qatoriga qo‘shmoq uchun shuncha aziyat chekdingizmi?
— Seni ulardan ortiq izzat-hurmat qilib, ajoyib gavharlar tortiq qilaman. Kiyimning eng
yaxshisini kiydiraman, butun muhabbatimni senga bag‘ishlayman. O‘zingni bu
shaharning xojasi qilib qo‘yaman, nima desang, aytganingni muhayyo qilaman.
— Shunaqa deng, menga gavharlar taqasizmi? Gavharlar quruq yaltiroq tosh, xolos. Ular
kishining odamiyligini oshira olmaydi. Mana bu sandig‘im gavharlar bilan liq to‘la.
Farg‘onada qasrim, yer-suvlarim, hamma-hammasi bor. U yerda men bir malika edim,
lekin o‘sha davlat, mol-mulk, yer-suvni boshimga bitgan bir balo deb, voz kechdim.
Bobak uning gapini bo‘ldi:
— Eshituvimga qaraganda, otang — Hokim Ushrusana amiri Afshinni senga vasiy qilib
ketgan emish. Xayr, bu gaplarni qo‘yib turaylik, yaxshisi, yur, birga tanovul qilaylik. — U
Jahonning yoniga yaqin bordi. Jahon g‘azablanib, ketiga tislandi. Bobak ko‘zini ola-kula
qilib unga qaradi-da:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |