www.ziyouz.com
kutubxonasi
90
oldilaridan keldim. U kishi safardan qaytdilar. Sizning kelganingizni bilib, bag‘oyat
xursand bo‘ldilar, «uni menga chaqirib kel», deb buyurdilar», — dedi.
Jahon oshiqmay, hayajonlanmay so‘radi:
— Qaerga?
— Qasrlariga, — dedi oqsoch.
— Mana shu biz turgan joy u kishining qasri emasmi?
— Ha, bu yer ham u kishining qasri, lekin o‘zlari bilan istiqomat qilishi lozim bo‘lgan
xotinlarni u yerga oldirib borishga odatlanganlar.
Jahon bunga rozi emasligi va qabul qilmasligini ishorat qilib, boshini chayqab, «yo‘q»
alomatini bildirdi. Boshqa gap qo‘shmadi.
Sherning changali orasida turib, dangal «yo‘q» deya olganidan oqsoch taajjublanib unga
qaradi:
— Bu qasr bilan Bobakning qasri orasida usti yopiq bostirma bor. Xotin kishi bunda o‘z
uyida yurgandek, bemalol yuzi ochiq yuraveradi. Uni hech kim ko‘rmaydi. Qani, bo‘la
qoling, sira qo‘rqadigan joyi yo‘q.
Jahon qimirlamay o‘tiraverdi. Oqsoch bu qizning takabburligidan xafa bo‘lib, qattiqroq
muomalaga o‘tdi:
— Qizginam, sizga yaxshilikcha aytyapman, tura qoling. Bu odam bilan o‘ynashib
bo‘lmaydi, jahli chiqqanda hech kimni ayamaydigan odam. — Oqsoch tovushini
pasaytirib, unga yaqinroq keldi va yalingandek qo‘lini uning yelkasiga tashladi:
— Men sizga faqat yaxshilikni ravo ko‘raman, negaki sizni birinchi ko‘rishimdanoq yaxshi
ko‘rib qolganman, jonimni qoqay, turing, tezroq bo‘ling.
Jahon boshini ko‘tarib, unga qaradi:
— Yaxshi ko‘rganingiz uchun qulluq. Lekin men bu uydan chiqmayman.
Jahonning javobi oqsochning g‘azabini qaynatdi, u eshik tomon burilib chiqib ketdi.
Hayzuron bular o‘rtasidagi hangomani tik turib tinglayotgandi. Jahonning u ayolga qilgan
muomalasi yoqmay, chiqib ketgandan keyin, o‘ziga Hayzuron dashnom bermoqchi
bo‘lganini sezgan Jahon undan oldin gap boshladi:
— Onajon, koyimay qo‘ya qoling, men bu ahmoq zolimning qo‘lidan keladigan ishdan
qo‘rqmayman. Men unga bosh egib, o‘z xohishim bilan borarmishmanmi, chuchvarani
xom sanabdi. Men sira ham bormayman, osmon qo‘lida bo‘lsa, tashlab yubora qolsin.
Men yolg‘izligimga, bu yerda asira ekanimga qaramay, o‘zimga yarasha nufuzim,
saltanatim bor deb hisoblayman. Men o‘zimni otamning qasrida, qavmu qarindosh,
urug‘-ayg‘omlarim orasida deb bilaman. Qo‘yavering, u qo‘lidan kelganini qilsin,
Farg‘ona malagi — Zirg‘omning sevgilisi birovga bo‘ysunish nima ekanini bilmaydi.
Sovuqdan eti uvushgan Jahon o‘rnidan turib, ipakli yo‘l-yo‘l kamzulini egniga tashlab,
boshiga gulli katta ro‘molini o‘radi. Chunki bu yerlarning iqlimi sovuq iqlim edi. «Yoniga
borishni rad qilganimni eshitib Bobak nima qilarkin», deya xayol surib u boshini
ko‘tarmay, uy ichida u yoq-bu yoqqa yurdi. Oxirgi nafasi qolguncha o‘z nomusini
saqlashga, o‘zini mudofaa qilishga qat’iy qaror qildi.
Jahon shu xayolda ekan, Hayzuron uning yonida qimirlamay turardi. Shu payt ilgari
eshitilmagan qattiq bir yo‘tal tovushi eshitildi. Bu Bobakning yo‘tali ekanini payqashdi.
Uning qasrga kelganini juda kam ko‘rgan ayollar shoshib qolib, u yoq-bu yoqqa
yugurishar, hamma yoq g‘ovur-g‘uvur bo‘lib ketgandi. Jahon oqsochning Bobakka
allanimalar gapirayotganini eshitib, peshayvonga qarab turgan derazadan mo‘raladi.
Bobak jadal bilan kelayapti. Ikki tomonda unga ta’zim qilayotgan xodimlar va boshini
egib hurmat bilan salom berayotgan ayollar. Ko‘pchiligi otashparast bo‘lgan, ularning
hammasi butga topingandek Bobakka topinar, u esa kibr bilan kelardi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |