www.ziyouz.com
kutubxonasi
86
Hayzuron uning kiyim-kechaklarini topishib berib, Haylonani qidirgani ketdi. Quyosh
botishga yaqinlashib, xizmatchilar qasr shamlarini yoqa boshlashdi. Jahon kiyimlarini
almashtirib bo‘lib yonboshladi, tevarak atrofga ko‘z yugurtirdi. O‘zining shunday ahvolga
tushib qolganini, Farg‘ona bilan shu turgan joyining orasi bir necha oylik masofa ekanini,
Somurro ham xuddi shunday olisligini xayolidan o‘tkazdi. Keyin u Zirg‘omni o‘ylab,
o‘ziga-o‘zi: «Mening boshimga tushgan bu falokatdan xabari bo‘ldimikin? Turgan
yerimni, hol-ahvolimni unga ma’lum qilsam, balki meni qutqazib olib ketarmidi?» —
dedi. U akasi Somonni eslab: «Unga nima bo‘ldiykin? U jang vaqtida halok bo‘ldimi yoki
boshqa joyga qochib ketdimi?» — dedi o‘ziga-o‘zi.
Jahon shunday xayollar ichida o‘tirarkan, birdan eshik taqilladi. Hayzuron kirib:
«Sayidam, Haylonani olib keldim», — dedi.
Jahon uning istiqboliga o‘rnidan turmoqchi edi, Haylonaning o‘zi yugurib kelib ko‘rishdi
va eskidan tanishdek kulib u bilan hol-ahvol so‘rashdi. Uning chiroyidan tashqari
xushmuomalasi, yoqimtoyligidan o‘ziga juda monand dugona topilganiga xursand bo‘ldi,
o‘zini go‘yo Farg‘onada, otasining qasrida, o‘z ahli ichida o‘tirgandek sezdi.
Haylona malla soch, moviy ko‘z, oq yuzli, labidan tabassum arimaydigan ayol edi. Jahon
ham tabassum bilan uning mehribonligiga tashakkur aytdi. Haylona unga dalda berish
va ko‘nglini ovlash uchun: «Xush kelibsiz, Farg‘ona malagi! Sizning husningiz,
donoligingiz ta’rifini eshitganimizga ancha bo‘ldi, ko‘pdan buyon yo‘lingizga muntazir
edik», — dedi.
— Men o‘zimni jahannamga ketdim deb o‘ylab turuvdim, sizni ko‘rib, g‘amim bir oz
yengillashdi.
Uning tovushini eshitib, Haylona zavqlandi, o‘ziga hamdard deb bildi. Shu payt o‘z
o‘tmishini esladi shekilli, ko‘ngli buzilib, «Qismatimiz shunday ekan, jonimni qoqay, siz
o‘z musibatingizni boshqalarnikiga qiyos etsangiz, sizniki hech narsa bo‘lmay qoladi.
Agar ular menga qilgan zulmni ko‘rganingizda, «iya, menga juda ham rahm qilishibdi-
ku», deb hisoblardingiz.
— Ularning fe’l-atvorini aytib bersangiz, ehtimol, tashvishlarim yengillasharmidi, — dedi
Jahon.
Haylona og‘ir xo‘rsindi:
— Mening ko‘rinishimdan va forschani yaxshi gapira olmayotganimdan eronlik
emasligimni sezgan bo‘lsangiz kerak. Men turk ham, arman ham emasman.
Armanistondan ushlab kelingan otamning Ammuriyyadagi uyida katta bo‘lgan yunon
qiziman. Menga arman ruhoniylaridan biri sovchi yuborib, xotinlikka oldi-da, o‘z shahriga
olib ketdi. U bilan ikki yilgina birga yashadimmi, yo‘qmi, ta’rifim Bobak Xurramiyga
yetipti, — u ovozini pasaytirdi. — Bobak meni erimdan tortib olmoqchi bo‘ldi. Erim
unamagach, uning yo‘q paytini mo‘ljallab turib, o‘z kishilarini yuborib, zo‘rlik bilan meni
bu yerga oldirib keldi. Mana, bir qancha yil o‘tib ketdi, lekin men hamon shu yerda
qamaldaman. Erimning qaerdaligini va mendan keyin qay ahvolga tushganligini
bilmayman. U mening qaerdaligimni biladiyu, lekin olib ketishga yo‘l topolmay sarson.
Kim biladi, uni o‘ldirib yuborishdimi? — Haylona shunday dedi-da xo‘rligi kelib,
piqillagancha ko‘z yoshini artdi va kulimsirab: «Bu sarguzashtimni aytishdan maqsad
sizning g‘amingizga g‘am qo‘shish emas, sizga tasalli bermoqchiman», — dedi.
Jahon o‘zicha: «Bu bechoraning boshiga og‘ir savdolar tushgan ekan», — dedi-da, o‘z
sarguzashtini ham unga aytib bermoqchi bo‘ldi, lekin uyaldi. Xo‘rsinib, gapni boshqa
yoqqa burmoqchi bo‘ldi:
— Bobakning o‘zi qaerda? Bu yerda qanday hayot kechiryapsizlar?
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |