www.ziyouz.com
kutubxonasi
100
— Qiziq, bu urush haqidagi xalifaga ma’lum bo‘lmagan gaplar senga qaydan ayon bo‘la
qoldi?
— Ha, xojam, vazirlar va xalifaga xos kishilar yaxshi siyosat olib borishning yo‘llaridan
biri — ba’zi xabarlarni xalifadan yashirishdir, deb hisoblashadi.
— Bu gaping to‘g‘ri, — dedi Zirg‘om, — lekin men ham o‘sha xos kishilardan biri bo‘la
turib, bundan bexabarman.
— Bu xabarni mendan bo‘lak kishi sizga yetkaza olmas deb o‘ylayman, chunki uni men
xalifaning xabarchilariga hech bir daxli bo‘lmagan manbadan eshitdim.
Vardonning bu gapi Zirg‘omga g‘alati tuyuldi-da: «Nima eshitding?» — deb so‘radi.
— Bobak al-Xurramiy Ardabildan Bazzga ko‘chib o‘tib, uni o‘z istehkomiga
aylantirgandan keyin harbiy qudrati zo‘rayib ketgan emish.
Zirg‘om uning gapini bo‘ldi:
— Buni kecha eshitgandim.
— U mag‘lubiyatga uchrab, qochmoqchi bo‘lib turgan bir paytda birdan kuchayib
ketganligi sababini ham bildingizmi?
— Ha, bildim. Musulmonlarga «xap sanimi» deb yurgan kishilar u bilan birlashib qolgani
tufayli Bobak yangi kuchga ega bo‘lib olgan.
Vardon tabassum qildi:
— Asl sabab bu emas, ehtimol, bugun xalifaga ham ma’lum bo‘lib qolar. Haqiqiy sabab
butunlay boshqa.
— Xo‘sh, bo‘lmasa nimada, aytib ber-chi? — so‘radi Zirg‘om.
— Armanistondan kelgan kishilardan biri menga bir gap aytdi. Bu gapni boshqa odam
aytgudek bo‘lsa, men ishonmasdim. Uning aytishicha, behayolik, sharobxo‘rlik, dag‘allik
va buzuqlik bilan dong‘i chiqqan Bobak o‘sha nomatlub ishlardan qaytib, yaxshi yo‘lga
kirgan, ulfatlari bilan may bazmlarida o‘tirganda sharob ichmaydigan bo‘lib qolgan
emish. Askarlarining ishini tartibga keltirgan, hamma kuchlarini to‘plab, odamlarini
musulmonlarga qarshi qo‘zg‘atayotgan emish. Bu gaplarni aytgan kishi Bazzning butun
ichki ishlaridan voqif. Bobakning hayotidagi bu o‘zgarishlarga uning xotinlaridan Gulnor
degan aqlli va tadbirli bir ayol sabab bo‘lgan emish. U xotin Bobakning jilovini qo‘lga
olgan, hamma ishlarida uning o‘ng qo‘li hisoblanar emish.
Zirg‘om bir fursat boshini egib jim turdi. Bobakning yomon xulq-atvordan qaytgani
uchun xafa bo‘ldi. Chunki Zirg‘om uning xulq-atvori biz uchun foydali deb o‘ylab yurardi.
Zirg‘om bir olma daraxtining yonida turib, qo‘lidagi kaltak bilan uning mevasini
tushirarkan, Bobak haqida o‘ylardi. Vardon uning yonida sukut saqlab turardi. Shu payt
xalifa xizmatchilaridan biri yugurib keldi. Uni ko‘rgan Zirg‘om o‘zini xalifa chaqirtirganini
payqab, Vardonga: «Xalifa meni urush voqealaridan xabardor qilmoq uchun chaqirtirgan
bo‘lsa kerak, bu odamning shoshib kelganligi bejiz emas», — dedi.
— Agar siz bu jangga qatnashishga rozilik bersangiz, men ham birga xizmatingizni qilib
boraman. Chunki men u yerlarning past-balandini yaxshi bilaman, foydam tegib qolar.
Zirg‘om: «Yaxshi bo‘ladi», — dedi-da, uyiga kirib qalpog‘ini, xalifa oldiga borganda
kiyadigan boshqa kiyimlarini kiyib, xalifa saroyidagi xos xonaga qarab yo‘l oldi. Yetib
borishi bilan darvozabon unga yo‘l ochib, xalifadan ruxsat ham olmay, to‘g‘ri ichkariga
kiritib yubordi. Xalifa huzurida faqt qozi Ahmad hayajon va g‘azab ichida o‘tirgandi.
Zirg‘om xalifaga ko‘rinib, salom bergach, uning chehrasi ochilib, o‘tirishga taklif qildi.
Zirg‘om o‘tirgandan keyin xalifa unga qarab: «Qasrdan tashqari chiqmay ko‘p zerikkan
ko‘rinasan, bu yerdagi kayf-safo ham joningga tegib, jang maydonini qo‘msayotganga
o‘xshaysan»,— dedi.
Xalifaning urushga otlanish kerakligi to‘g‘risida gap ochmoqchi ekanini, o‘zining
yordamiga qattiq zarurat bo‘lmasa, bunday qilmasligini payqagan Zirg‘om:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |