www.ziyouz.com
kutubxonasi
101
— Janoblarining yonlarida bo‘lish men uchun ulug‘ iltifot va sharaf. Lekin qurollanib,
qilich-yarog‘ taqib, dushmanga qarshi jangga borish muqaddas burchimdir.
Armanistondagi muhorabaga borishni menga ham loyiq ko‘rsangiz, deb iltimos qilishni
ko‘pdan o‘ylab yurgandim. Agar ijozat bersangiz, ulug‘ marhamat qilgan bo‘lardingiz.
Men hamisha sizning otgan o‘qingizman, dasturxoningizdan yeb-ichib, mamnun bo‘lgan
kishiman.
Zirg‘omning ziyrakligi va ayni muddaoni topib gapirganligi xalifaga ma’qul tushib, qozi
Ahmadga qaradi. Qozi «Sen xalifaning tayanchlarisan. Yonlaridan aslo siljitgilari
kelmaydi. Lekin qasrdan tashqari chiqmaganing uchun ancha siqilgan ko‘rinasan.
Negaki, botir sarkarda jang maydoniga borib, g‘alaba qozonib kelmaguncha, ko‘ngli
o‘rniga tushmaydi. Hozir Armanistonda urush olib boryapmiz. Qaysar Bobak o‘z
istehkomlariga kirib mustahkamlanib olgani uchun poylab turibmiz. Endi o‘sha tomonga
seni yo‘llasalar, sening qo‘ling bilan g‘alabaga erishsak, degan umidda men amiral
mo‘’mininga maslahat solgandim»,— dedi.
Zirg‘om qo‘l qovushtirib dedi:
— Mening inon-ixtiyorim amiralmo‘’mininda, «hozir bor» desalar ham tayyorman.
Xalifa Zirg‘omga qaradi:
— Armanistondagi musulmon askarlarga Afshin boshchilik qilayotganini bilsang kerak.
Qo‘mondonlaridan biri bo‘lib, uning ixtiyoriga borish senga malol kelmaydimi?
— Men amiralmo‘’mininning qinidan sug‘irilgan qi-lichlariman, istasalar boshliq, istasalar
itoatgo‘y qilib yubora beradilar. Hammasini ham bajonu dil qabul qilaman.
Xalifa xursand bo‘lib:
— Borakallo, boshqa qo‘mondonlarga nisbatan sening qadring ortiqligini hisobga olishni
ta’kidlab, Afshinga noma yuboraman, — dedi.
Zirg‘om oyoqqa turib:
— Bo‘lmasa, oq fotihalarini bersalar, men jo‘nab ketdim. Bazz qo‘lga olinib, Bobak qatl
etilmaguncha qaytib kelmaslikka so‘z beraman, — dedi.
Xalifa tabassum qilib: «Zirg‘omga bosh-oyoq sarpo berilsin», deb buyurdi. Zirg‘om
xalifaning oldidan ustidan og‘ir bir yuk olib tashlangandek yengil tortib chiqdi.
Bo‘lgan voqeani qasr darvozasi yonida uni kutib turgan Vardonga aytib berdi va: «Sen
onamning ko‘z oldilarida bo‘lib, shu yerda qolaversang yaxshi bo‘lardi», — dedi.
— Xotirjam bo‘lavering, u kishi xalifaning qasrida, hamma xizmatchilar yonlarida.
Shundan keyin Zirg‘om onasining oldiga borib: «Xalifa meni jang maydoniga
jo‘natyapti», — dedi. Onasi ham unga rozilik bildirib, xalifaning farmonini bajarishni
tavsiya etdi va eson-omon, g‘alaba bilan qaytib kelishini xudodan so‘rab, haqqiga duo
qildi.
Keyin Zirg‘om Yoquta yoniga borib, u bilan salomlashdi. Uning safarga otlanayotganini
eshitib, Yoquta ko‘ziga yosh oldi. Zirg‘om uni yupatdi:
— Ishqimga ravnaq tilab, haqqimga duo qilib tur. Ajab emas, yo‘lda Hammodni uchratib
qolsam. Meni undan beparvo bo‘lib ketdi, deb mutlaqo o‘ylama, — Zirg‘om shu gaplarni
aytarkan, ichida qattiq xo‘rsinib qo‘ydi. O‘z sevgilisini yo‘qotib, g‘amu g‘ussaga mubtalo
bo‘lgani yodiga tushdi.
Yoquta unga so‘z aytolmay, boshini quyi solib, indamay turardi, marvaridday ko‘z
yoshlari yuzlaridan oqib tushardi. Zirg‘om Yoquta bilan xayrlashib chiqdi-da, safar
tadorikini ko‘rishni Vardonga buyurdi. Keyin u: «Yoqutaning holidan xabardor bo‘lib
turing», deb onasidan iltimos qilib, u bilan xayrlashdi va farg‘onalik baquvvat yigitlardan
tuzilgan maxsus qo‘shini bilan yo‘lga chiqdi.
Ardabilda va boshqa jang maydonlarida musulmon askarlari bilan xurramiyalar o‘rtasida
bo‘lgan bir necha to‘qnashuvlar xurramiyalarning Ardabilni bo‘shatib chiqib ketishi bilan
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |