www.ziyouz.com
kutubxonasi
104
— Borakallo, — dedi Afshin xursand bo‘lib, — ba’zi ayg‘oqchilarimning gapiga
qaraganda, Bobakning eng sevimli xotinining nomi Gulnor emish. U juda aqlli, tadbirkor
ayol bo‘lib, Bobakka yordam berib, uning qaddini ancha tiklab qo‘ygan emish.
— Shu aytayotgan ayolingiz Jahonning xuddi o‘zi. U o‘zini tanitmaslik uchun atayin
ismini Gulnor qilib olgan. Yangi qaylig‘iga musulmon askarlarga qarshi urushda yordam
berishga va’da qilib, jonbozlik ko‘rsatyapti. Agar shu Jahon bo‘lmaganda, Bobak
allaqachon ko‘radiganini ko‘rardi.
Somonning niyati buzuqligi Afshinga ma’lum bo‘lsa ham, faqat yomon kishilar bajara
oladigan ishlarda undan foydalanish maqsadida yaxshi muomala qildi. Afshin Somon
o‘zini yomon ko‘rishini va qo‘lidan kelsa, o‘ldirib yuborishga ham tayyor ekanini bilsa
ham, xushmuomalalikni qo‘ldan bermadi, boshini chayqab, iyagini qashladi, telpagini
tuzatib oldi-da, o‘tirgan joyida bir qimirlab:
— Bizning yaxshiligimizga bu qiz shunday nonko‘rlik qildi. Uni deb men seni bir vaqtlar
xafa qilgandim ham. Ajab emas, yomonlik deb o‘ylagan ishing bir vaqt kelib yaxshilik
bo‘lib chiqsa, — dedi.
Afshin bir oz jimlikdan so‘ng: «Jahonning bu yerdaligini Zirg‘om bilgan emasmi?» —
dedi.
— Yo‘q, albatta, Jahon ham Zirg‘omning o‘lik-tirikligidan bexabar.
Afshin uning gapiga ishongisi kelmadi:
— Nega shunday deysan. Zirg‘om uni qidirsa, darak topmay qo‘yadigan odam emas-ku.
— Nomlarining o‘zgargani bu ishda katta yordam berdi. Men Jahonga Zirg‘om o‘ldirilgan
deganman. Uning shunga ishonganligiga xo‘p deyavering. Zirg‘om bo‘lsa: «Jahonni
qaergadir olib ketilgan», deb hayotdan umid uzib qo‘ygan. Janoblarining menga teskari
qarab yurganlariga, otamning merosidan meni mahrum qilganlariga qaramay,
rizoliklariga erishmoq uchun shu ishlarni qilganman, — dedi-da, Somon ko‘zlarini alang-
jalang qilib Afshinga qaradi.
— Men uchun astoydil xizmat qilganingga endi inondim. Endi shu harakatingni intihosiga
yetkazib, ishonchimni oqlasang, ulug‘ mukofotga sazovor bo‘lasan.
— Farmoningizga ma’talman, nima desangiz bajarishga tayyorman.
— Bazzda bo‘ldim deyapsan, xo‘sh, Bazzning odamlari, qo‘rg‘on va askarlari to‘g‘risida
nimalarni bilasan? — dedi Afshin.
— O‘zingiz ko‘rib turibsiz: shahar juda mustahkam. Askar va qurol-yarog‘lari yetarli.
Xurramiylar mol-joni bilan birlashgan, boshliqlarining buyrug‘ini bajarishga astoydil bel
bog‘lashgan. Shunga qaramay, ularning mag‘lub bo‘lishidan umidvorman.
Afshinning tusi o‘zgarib, tetiklanib ketdi:
— Nimaga tayanib shunday deyapsan?
— Bazzning ichki ahvolini mulohaza qilib, Bobakning mag‘lubiyatga uchrashidan umid
qilaman. Bilishimcha, u yerda musulmon va boshqa kishilardan juda ko‘p asirlar bor.
Shulardan yetti ming olti yuztasi ayollar va yosh bolalar. Bobak o‘ldirgan kishilarni ikki
yuz ellik mingtacha deb taxmin qilishadi. Odamlar, hatto uning shaharchasida
yashayotganlar ham Bobakning hukmdorligidan bezor bo‘lishgan deb eshitdim. Agar
sizdan yigirma kishi shaharga bostirib kirishga yo‘l topsa, Bobak odamlari ularni ko‘rsa,
butun xalq taslim bo‘lishiga aminman.
— Seningcha, shaharga kirish uchun hujumni qaysi tomondan boshlasak ma’qul bo‘ladi?
Somon o‘rnidan turib Bazz tomondagi bir tog‘ga ishorat qildi va: «Mana bu tarafdan. Bu
tog‘ni ko‘ryapsizmi? Dushman shu tog‘ chekkasidan nari yoqqa o‘tsa, shaharga kirish
yo‘li ochilishini bilgan Bobak yashirin askarlarini shu yerga joylashtirib qo‘ygan. Janoblari
shu tog‘ chekkasining orqa tomonidan borishga iloj topsalar bo‘ldi, marra o‘zlariniki,
muqarrar g‘alabaga erishadilar».
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |