BAZZNING TASLIM BO‘LISHI
Somon chiqib ketgach, Afshin yolg‘iz qolib, undan eshitgan gaplar xususida fikr yurgizdi.
Somonning gaplari uning o‘ylab yurganlariga mos kelardi. Somon bu ishlarni Afshinni
sevganidan, undan qo‘rqqanidan yoki vasiyatnomani o‘zgartirarmikin, degan shum niyat
bilan qilganining Afshin uchun farqi yo‘q edi. Afshin Jahon haqida eshitganlarini yana
xayoldan o‘tkazdi. Uning go‘zalligi va mehrigiyosini eslab, daragini topgani uchun
sevindi. «Qo‘limga tushgandan keyin, hech qaerga qochib ketolmaydi, — dedi u o‘ziga-
o‘zi. U yana yo‘lida birdan-bir g‘ov bo‘lib turgan Zig‘romni esladi. Uni halok etish
borasida Somon bergan maslahatni ma’qul topdi.
Sohib — Zirg‘om hamrohlari bilan yetib keldi, degan xabarni olgunga qadar Afshin
shunday orzular bilan bir necha kunni o‘tkazdi. Ertasi ertalab Zirg‘om uning oldiga keldi.
Uni Afshin yaxshi kutib olib davlatga yordam berishga xayrixohlik qilgani uchun
tashakkur aytdi. Sohib ham tashakkur bildirdi. Jahondan umidini uzgan Zirg‘omning
chehrasida ancha o‘zgarish ro‘y berganini payqasa ham, Afshin e’tibor bermay, uning
bahodirligi va olijanobligini maqtay ketdi. «Davlat xizmatini o‘taganim va dinga yordam
ko‘rsatganim uchun maqtanarli bir ish qildim deb aytishdan ojizman», — dedi Zirg‘om
so‘z boshlab.
— Gaping to‘g‘ri, sen bizga juda zarur bir fursatda yetib kelding. Muhim ishlarda sendan
bo‘lak suyanadigan sarkardamiz yo‘q. Men seni sinovdan o‘tkazganman, shijoat va
matonatingni yaxshi bilaman.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
www.ziyouz.com
kutubxonasi
107
— Men bu urushning cho‘zilib ketgani va xurramiylar yerini qo‘lga olish bu qadar
og‘irlashganidan ajablangandim. Bu istehkomlarni va bu yerga kelish yo‘llarining
qiyinligini ko‘rganimdan keyin sizning bahodirligingizga tasanno aytdim. Sizning ilgarilab
ketishingiz yoki tezroq g‘alaba qozonishingizga men katta hissa qo‘shaman, deb
maqtana olmayman. Lekin bu muhorabadan chetda turishni o‘zimga ep ko‘rmadim.
Boshqalar qatori kelib, aralashishni lozim topdim. Qanday xizmat buyursangiz
tayyorman, — dedi Zirg‘om.
Zirg‘omning bu gaplaridan uning Jahondan umidi uzilganiga Afshin qat’iy ishondi.
Zirg‘omga halokat chohini tayyorlash uchun Afshin gapni boshqa yoqqa burmoqchi
bo‘ldi:
— Borakallo, himmatingga balli. Sen safardan kelding, avval dam olishing kerak... Xo‘sh,
Somurrodan gapir! U yerdagilarning ahvoli qalay, xalifa o‘zlari qalaylar?
— Bu Bobak badbaxtning ishidan hamma tashvishda. Ammo sizning irodangizga va olib
borayotgan oqilona siyosatingizga ular tasanno aytishmoqda... Xalifa bu urushni tezroq
tugatishga harakat qilayotganini sezib, shahid bo‘lish orzusida o‘zimni shu jangga
tashlash uchun keldim, — dedi Zirg‘om. Uning ko‘zlari charaqlab ochilib ketdi.
Zirg‘omning bu ko‘rinishidan Afshin o‘zicha xo‘p xulosa chiqarib oldi va unga qarab:
— Bu gaplarni ertaga hal qilamiz. Ammo hozir lashkargohlarimiz, sarkardalarning
o‘rnashgan yerlari, xandaq, qo‘rg‘on va askarlarning pistirmalarini senga ko‘rsataylik,—
dedi-da, o‘rnidan turib otlarni tayyorlashga buyurdi.
Zirg‘om o‘rnidan qo‘zg‘alarkan:
— Bu istehkomlarning ba’zilarini ko‘rib, harbiy intizom o‘rnatishda mo‘’jizakor ishlar
qilganingizni payqadim, — dedi.
Kunning qolgan qismini ular ikkalasi butun istehkom va qo‘rg‘onlarni aylanish bilan
o‘tkazishdi. Zirg‘om ko‘p sonli askarlarni va o‘rnatilgan puxta intizomni ko‘zdan kechirib
chiqdi. Afshin o‘zidan-o‘zi bu narsalarni ko‘rsatganidan Zirg‘om shodlanib:
— Shuncha aksar bor ekan, endi bu shaharni qo‘lga olishga darhol kirishilsa ham
bo‘larkan, — dedi. Afshin:
— Bu sustkashlikning sababini senga ertaga aytib beraman, — dedi-da, ikkalasi
ajralishdi.
Shundan keyin Zirg‘om o‘z chodiriga bordi. Uni Vardon kutib o‘tirardi. Vardon bilan
Zirg‘om ikkalasi haqiqiy og‘ayni, oralaridan qil o‘tmaydigan do‘st bo‘lib qolishgandi. Ikki
do‘st suhbatga tushishdi. Zirg‘om Afshin bilan bo‘lgan hamma gaplarni o‘rtog‘iga aytdi
va: «Afshin urushni tezlatishga va’da qildi. Men undan urushning eng og‘ir yeriga
yuborishni o‘tinib iltimos qildim. Hozirdan senga aytib qo‘yay, agar men qaytib
kelmasam, mushtipar onamning holidan xabardor bo‘lib yur!» — dedi bo‘g‘ilgan ovozi
bilan. Buni yashirish uchun yo‘talib qo‘ydi-da, gapini davom ettirdi:
— Mening ishq-muhabbatim tufayli u kishi chekkan aziyatlardan o‘zing xabardorsan.
Yoqutaning ham ehtiyotini qil. Ajab emas, xudo karam qilib jazmani bilan uchrashtirsa.
Bilishimcha, sen uni taniysan. Jahon masalasiga kelsak, mabodo u hayot bo‘lib, mening
vafotimdan keyin unga uchrashsang, ishqida tortgan dard-alamlarim haqida unga
aytishni senga omonat topshiraman.
Vardon uning so‘zini bo‘ldi:
— Menga vasiyatingizni qo‘ying! Sizdan keyin men sira tirik qolmayman. Siz qaerda
bo‘lsangiz, o‘sha yerda bo‘laman deb yoningizda birgalashib yuribman.
— Do‘zax azobi bu hayotdan qutulish uchun men o‘zimni halokat changaliga
tashlamoqchiman, senga nima bo‘ldi?
Vardon xo‘rsinib boshini egdi. Ko‘zlaridan yoshi oqib, yuziga tushdi. Xijolat tortgandek
boshini yuqori ko‘tardi-da:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |