www.ziyouz.com
kutubxonasi
78
Janobingizning homiyliklarini eslab, «kel-e, boshimga tushganini ko‘rarman», dedim. Bu
nojo‘ya xatti-harakatim uchun afv etgaysiz, — dedi.
Mu’tasim kuldi:
— Halol ovni ushlabsan. Uni qo‘lda saqlashga hammadan ko‘ra o‘zing loyiqsan. Qizni
yaxshilab ko‘rdingmi, qalay ekan?
— Chakki emas, mavlono!
— Mana endi iqror bo‘lib, qo‘lga tushding.
Xalifa nima demoqchi bo‘lganini Zirg‘om tushunmay turgandi, qozi gapga aralashdi:
— Xalifa sen uchun bir qizga kishi qo‘yganlari esingda bo‘lsa kerak.
— Ha, esimda bor, — dedi Zirg‘om.
— O‘sha qiz xuddi shuning o‘zi. — Bu tasodifdan taajjublangan Zirg‘om nima deyishini
bilmay gangib qoldi. Qozi so‘zini davom ettirdi:
— Bir necha hafta burun Horis bu qizni o‘z nikohiga olishni talab qilib olib kelganda,
xalifaning nazarlari tushgan edi. Boshqa bir kishi ham uni o‘ziga mo‘ljal qilib yurar ekan.
Shunda xalifa menga qarab: «Bu qiz Sohibga munosib», dedilar-da, Horisga: «Men talab
qilgunimcha buni sen saqlab turasan», deb buyurdilar. Horis bugun ertalab kelib:
«Zirg‘om Yoqutani mendan tortib olib ketdi», deb ustingdan shikoyat qildi. Xalifa: «Bu
qiz Sohibniki, sen ovora bo‘lma», deganlaridan keyin lom-mim deyolmay chiqib ketdi.
Shuning uchun senga janob xalifa: «Halol ovni ushlabsan, iqror bo‘lib qo‘lga tushding»,
deyaptilar.
Zirg‘omning «xalifaning iltifotlari uchun rahmat» deb duo qilishdan bo‘lak iloji qolmadi:
— Amiralmo‘’minin o‘z qullari xususida nimaiki qilsalar, ixtiyorlari.
Shundan keyin Mu’tasim: «Somurroning eng go‘zal qiziga ega bo‘lding, qo‘sha
qaringlar!» dedi-da, qo‘lini qo‘liga urib hojibni chaqirdi va qulog‘iga nimanidir
shivirlagandi, u «xo‘b» deb chiqib ketdi. Keyin ustiga quyoshdek yaltirab turgan gavhar
bo‘yin tumor qo‘yilgan bir likopcha ko‘targan xodim kirib keldi. Uni Sohibga taqdim et,
deb xalifa imlagach, unga uzatdi. Uning yaltirashidan xayoli qochgan Zirg‘om tashakkur
aytmoq uchun o‘rnidan turgan edi, Mu’tasim: «Bu gavhar bo‘yin tumorni Yoquta
bo‘yniga taqib yasanadi», — dedi.
Zirg‘om hurmat va minnatdorchilik qilib, bosh egib, unga ta’zim qildi va
«amiralmo‘’mininning iltifot va marhamatlari benihoya bo‘ldi», — dedi.
— Senga bundan ham ko‘proq in’omlar qilsa arziydi.
Zirg‘om bo‘yin tumorini olib, ro‘molchasiga o‘radi-da, xalifani yana duo qildi, keyin
ruxsat olib, uning yonidan chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay xayol surib, uyiga bordi. Ammo Yoqutani
nikohiga olish masalasi uni jilla ham tashvishlantirmadi, chunki uni nikohiga olgan-
olmaganini xalifaga bildirmay, egasi kelguncha uyida saqlab turib, u kelishi bilan oshiq-
ma’shuqni bir-biriga topshirmoqni o‘yladi.
Zirg‘om uyga kelgach, onasi: «Xalifa seni nimaga chaqirgan ekan?» deb so‘radi. «Yoquta
to‘g‘risida», — dedi Zirg‘om.
Bu gapni eshitgan Yoqutaning badani jimirlashib ketdi, chunki u Horisning chaqimchilik
qilishidan qo‘rqib yurgandi. Lekin Zirg‘om onasiga kulib gapirganini ko‘rib, u ancha
xotirjam bo‘ldi, nazokat bilan unga bir qarab qo‘ydi. «Ochiqroq aytib ber, o‘zi nima
gap?» deb ona yana so‘radi.
— Horis ustimizdan xalifaga shikoyat qilibdi. Xalifa uning shikoyatini rad etdi va
Yoqutaga yaxshiroq qarab turishni menga topshirdi.
Shundan keyin qizning ko‘ngli yorishib, Zirg‘omga tahsinlar aytdi. Uning xalifa oldidagi
obro‘yini va unga so‘zi o‘tishini ko‘rib, mehri yana ziyoda bo‘ldi. Yoqutaning ko‘ngli
Hammodda bo‘lsa ham, Zirg‘omning o‘zi kutgandan ham ortiq ekaniga iqror bo‘ldi.
Zirg‘omdan xalifaning gapini eshitgandan keyin Yoquta uyalib, yuzlari qizarib ketdi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |