www.ziyouz.com
kutubxonasi
74
hamma yoqni qorong‘ilik bosdi. Zirg‘omning yuragi siqilib, yo‘lga tushish kerakligini
esladi. Otiga qamchi urib, asta-sekin yura boshladi va shaharning quyi tomonidagi
daraxtzor yerga borib yetdi. Daraxtsiz joydan unga Dajla daryosi ko‘rindi. Uning qirg‘og‘i
bo‘ylab qasrga bormoqchi bo‘ldi.
Havo toza. Hamma yoqni sukunat qoplagan. Dajlaga yaqinlashganda Zirg‘omni yana
xayol olib qochdi. Ot daryo bo‘ylab bormoqda. Zirg‘om jilovni qo‘yib yuborgan.
Mayingina shamol esadi, hamma yoq jimjitlikda, faqat daraxt barglarining shitirlashi va
ot tuyog‘ining taqir-tuqur ovozidan bo‘lak hech narsa eshitilmasdi. Chuqur xayolga botib
ketayotgan Zirg‘omning qulog‘iga hech qanday ovoz kirmasdi. To‘satdan orqa
tomondan: «Xudodan qo‘rqinglar, meni qo‘yib yuboring, odamlar, menga yordam
beringlar», deb dodlayotgan bir ayolning ovozi eshitildi. Zirg‘om yuragiga o‘q
qadalgandek cho‘chib ketdi. Ovoz bo‘g‘ilib chiqa boshladi. Bu xuddi Jahonning ovoziga
o‘xshagani uchun Zirg‘omning a’zoyi badani jimirlashib ketdi. «O‘g‘rilar bechora Jahonni
ham shunday qilishgandir, dodlaganda hech kim yordamga kelmagandir, men bu ayolga
yordam qilsam, ajab emas Jahonga ham yordam qo‘lini cho‘zguvchi biror mardni xudo
muyassar qilsa», dedi-da, otdan tushdi va qilichini yalang‘ochlab: «Mana men
yordamingga tayyorman! Hoy badbaxtlar, unga tegmanglar!» deb baqirgancha ovoz
kelayotgan tomonga yugurdi.
Kecha tim qorong‘i edi. Zirg‘om hech kimni uchratmagach, bu «Xayolmi yoki jinlar
Jahonga o‘xshab dodlab, meni gangitayotibdimi?» deb qo‘rqdi. Lekin hech qanday fursat
o‘tmay, bu ovoz yaqinlashdi, daryo qirg‘og‘idan «Xudo haqi menga yordam bering,
o‘limdan qutqaring» deb ikki qo‘lini ochgancha bir ayol chopib kelardi. Uning orqasidan
ikki kishi quvib kelyapti. Ulardan biri qilichini yalang‘ochlab: «Qaerga qochyapsan, hozir
o‘ldiraman», deb do‘q urardi.
Zirg‘om u kishiga qarab: «To‘xta, unga tegma, bo‘lmasa bo‘yningni sug‘urib olaman», —
deb do‘q urdi.
U kishi quloq solmay, xotinni quvlab yetib olay deganda, ayol Zirg‘omning oldiga kelib,
oyog‘iga o‘zini tashladi. Quvib kelayotgan kishi qo‘lidagi qilichi bilan ayolga hujum
qilmoqchi bo‘layotganda, Zirg‘omning qilichi bir zarb bilanoq uning tanasidan boshini
judo qildi. Keyin sherigiga yopishib, uni ham o‘ldirmoqchi bo‘lganda, uning qurolsizligini
payqab to‘xtadi va: «Kim bo‘lasiz?» deb ovoz chiqardi.
— Bizni so‘rashga nima haqqing bor? Sening ishing emas, qizni qo‘yib yubor-da,
yo‘lingga jo‘nay ber! Kimligimizni senga keyin ko‘rsatib qo‘yamiz.
— Joyingdan qimirlama, nomard, bo‘lmasa, seni ham boshingni uzaman, hozir o‘zingni
menga tanit va bu qiz voqeasini aytib ber!
— Bu qiz xojasidan qochgan. Bizni uni tutib kelish uchun yuborgan edi. Axtarib shu
yerdan topdik. Xojasiga borishdan bosh tortgandan keyin, sherigim po‘pisa qildi, sen
oraga tushmaganingda ushlab olib ketgan bo‘lardik. U sherigimning o‘limiga sababchi
bo‘ldi. Sen buning uchun javob berasan, albatta.
Charchab, holdan ketgan qiz ko‘kat ustida yonboshlab olgan edi, uning gapini eshitib
irg‘ib turdi-da: «Yolg‘on, xoinlar, yolg‘on aytyapsizlar», — dedi.
Qizning ovozini eshitib, Zirg‘om uni yana Jahonga o‘xshatdi. Yuragi duk-duk ura
boshladi. «Yo‘q, bu Jahon emas, Jahon bo‘lganda meni ovozimdan tanimasmidi», —
dedi-da, u kishiga qarab: «To‘g‘risini ayt, meni qo‘rqitmay qo‘ya qol, bo‘lmasa, seni ham
sheriging bilan bir go‘r qilaman», — dedi.
— Qizning gapiga ishonma, bu xalifaning xonadonidan qochgan. Uni ajratib olishga
kimning yuragi dov beradi?
— Men ajratib olaman, jo‘na, yo‘lingdan qolma.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |