www.ziyouz.com
kutubxonasi
72
— Birodar, o‘zi nima gap? Ochig‘ini aytib qo‘ya qol. Men bu yerga o‘zimga tegishli juda
muhim bir ish bilan kelgandim. Sen esa o‘z dardingni aytib, qayg‘umga qayg‘u
qo‘shding, — dedi.
— Sening ishing har qancha muhim bo‘lganda ham, men chekkan qayg‘u oldida
pashshacha ham emas. Men bag‘dodliklardan birining qizini sevib qolganman. U ham
meni sevadi. Uni endi o‘z nikohimga olishga chog‘langan paytimda Mu’tasimning
hamnishinlaridan Horis as-Samarqandiy degan kishi lop etib chiqdi-da, uni o‘ziga
so‘ratib, zo‘rlik bilan ilib ketdi. Shundan keyin sen aytgan o‘sha qozi Ahmad orqali
xalifaga arz-dodimni yetkazdim. U menga: «Sen o‘zingga boshqa qiz axtar, bu qiz senga
tegmaydi», degan javobni qildi. Lekin u qizni men qattiq sevishimni bilardi, — dedi-da,
Hammod «Ey Yoquta» deb bir xo‘rsinib qo‘ydi.
— Qizning oti Yoqutamidi?
— Ha, nomi Yoquta. Qani, ayt-chi, men xalifaning hamma yomonliklariga chidab
kelganman, endi bunisiga ham chidaymi? Xudo xaqi, men xalifadan ham, hukumatidan
ham noroziman. Men qaroqchilik qilish uchun emas, balki shu hukumatdan o‘ch olish
uchun bu ko‘yga tushdim. Bu nohaqlikka qarshi kishilar juda ko‘p.
Zirg‘om Yoquta voqeasiga qiziqdi, chunki o‘zining boshiga ham shunday falokat tushgan
edi. Bir falokatga uchragan yoki uchrashdan qo‘rqib yurgan kishi shunday falokatga
uchragan boshqa kishilarga hamdard bo‘la oladi. Uylanmagan odam farzandidan ayrilgan
otalarning dardiga uy-joy qilgan, bola-chaqa ko‘rgan kishichalik qayg‘urmaydi.
Oshiqdagi hissiyotni faqat ishq-muhabbatni boshidan kechirganlargina tushunadi.
Zirg‘om Hammodga tasalli bera boshladi.
— Do‘stim, ko‘nglingni xotirjam qil. Bu ishingda, ehtimol, men senga yordam berarman.
Endi mendan bir shingil gap eshit: men shu qorong‘i kechada bu yerga sendan bir
narsani so‘rashga kelganman. Gapimga quloq sol! Avvalo bilib qo‘yki, boshingga tushgan
bu dardingga malham bo‘luvchi avvalo men bo‘laman, chunki ikkimizning dardimiz bir xil
ekan.
— Gapir, botir, qulog‘im senda.
— Umr yo‘ldoshi bo‘lamiz deb, va’dalashib qo‘ygan bir qizim bor. U Farg‘onada edi, men
esa Somurroda. Qiz akasi va oqsochi bilan Somurroga safar qilgan. Ular Hamadonga
yetganda, qaroqchilar hujum qilib, qiz bilan oqsochni olib ketishgan. Akasi bu xabarni
menga yetkazgandan keyin darhol uni izlashga tushdim. Aloqachi meni shu tomonga
yo‘llagani uchun, bu yerga kelib qoldim. Xo‘sh, shu xususda sen qanday fikr berasan?
— Biz xotin-qizlarni olib qochadigan o‘g‘rilardan emasmiz. Qiladigan ishlarimizni senga
aytib berdim. Bu atrofda o‘g‘rilar ham, yo‘lto‘sarlar ham yo‘qligiga imonim komil.
— Axir, qizning akasi shu hodisa tepasida o‘zi bo‘lgan. Qochib borib, menga shu xabarni
yetkazdi-ku.
Hammod bu gapga ishonmagandek bosh silkidi:
— Bu yerda biz bir necha haftadan beri yotibmiz. Bunday voqeani mutlaqo eshitganimiz
yo‘q. Ehtimol, xabarchi noto‘g‘ri aytgandir.
Somonni tanigandan buyon uning niyati buzuqligini bilib yurgan Zirg‘omning ko‘zi
ochildi:
— Xabar yetkazgan kishi mana shu qirning oldida turibdi. Uni hozir chaqirtirib kelaman.
Voqeani o‘z og‘zidan eshitasan.
Hammod «Zirg‘om aytayotgan kishisini bu yerga chaqirib kel!» deb odamlaridan biriga
buyurdi. Ammo u odam «hech kimni topmadim» deb qaytib keldi. Shundan keyin
Zirg‘om o‘zi borib axtardi. Somonni turgan yerida topmagach, boyagi yo‘l ko‘rsatgan
kishidan surishtirdi. U: «Qaerga g‘oyib bo‘lganini bilmay qoldim», dedi. Zirg‘om uni har
qancha qidirtirsa ham, darak topmadi. Demak, bunda qandaydir bir sir bor. «U meni
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |