www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
Yoqutaning tovushini eshitgan Oftob g‘alati bo‘lib qoldi, ajablangandek labini
cho‘chchaytirib, ikki oq ko‘zini pir-pir o‘ynatdi:
— Ajabo, bu ovozni tanigandek bo‘lyapman.
— Oyi, uni siz Jahonning ovoziga o‘xshatyapsiz shekilli, haqiqatan juda o‘xsharkan. Men
ham uni dastavval eshitib, shunday gumon qilgandim.
Oftob unga javob bermay, sukut etdi. Keyin Yoqutani qo‘lidan ushlab, yoniga o‘tqazdi va
bag‘riga bosib quchoqlab: «Borakallo, qizim, zab kelibsan-da» — dedi-da, Zirg‘omga
qarab: «Bu Yoqutaga sen qanday duch kelib qolding? Qaerda ekan?» — dedi.
— Sizga aytgan ishimdan qaytib, shaharning quyi tomonidan kelayotuvdim, ikki kishi bu
qizni quvlab kelayotgan ekan. Uning qo‘rqib dodlaganini eshitib, oldiga bordim-da,
haligilar qo‘lidan qutqazdim. Keyin to‘g‘ri uyga boshlab kelaverdim. Bir odam bu qizni
majburan o‘ziga xotinlikka olmoqchi bo‘lganida u qochibdi, ular buni ushlab o‘sha
odamga eltib berishmoqchi ekan.
— U odam kim ekan?
— Xalifaning mulozimlaridan — Horis as-Samarqandiy degan kishi.
— Qiz nega uni istamadiykin, axir u badavlat, obro‘li odam-ku.
— Chunki bu qiz Hammod degan bir arab yigitini yaxshi ko‘rar ekan, oyi, siz uni
tanimaysizmi?
— Sen bilan bir kelganda ovozini eshitganga o‘xshayman. U hozir qaerda?
— Shaharda emas, ketgan, u qaytib kelgunicha Yoquta bu yerda istiqomat etib turadi.
Maylimi, sizga bemalolmi?
— Menga yoqqanda qanday, sen ish bilan ketganingda menga hamdam, ovunchoq
bo‘ladi, hozirning o‘zidayoq buni men ko‘p yildan buyon tanib yurgan kishidek his
qilyapman. Hay, hay, umring uzoq bo‘lgur qizim-ey.
Qizning kiyim-kechaklarini yangilab, yuvib-tarab kelishni Oftob Mas’udaga buyurdi.
Keyin ovqat keltirildi. Zirg‘om onasidan: «Vardon kelmadimi?» deb so‘radi.
— Bir necha kun bo‘ldi, kelib seni so‘radi. Qaerga ketganingni unga ayta olmadim.
— Afshin xususida u sizga hech narsa demadimi?
— Uning bu yerga kelib, Somurrodan tashqarida askari bilan to‘xtaganini, bir necha
kundan keyin biz tomonga o‘tishini aytdi. Vardon uning oldiga ketgan bo‘lsa kerak yoki
bugun-erta borar.
Ona-bolaning suhbati uzoqqa cho‘zilmadi. Ular dam olish uchun o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi.
Erta bilan turgandan keyin Zirg‘omni yana xayol olib qochdi. U tezroq Vardonni topib,
Jahon to‘g‘risida Afshinning hamrohlaridan eshitganlarini bilishga oshiqardi.
Shu kuni kechqurun xalifa Zirg‘omni yo‘qlab kishi yubordi. Zirg‘om qora kiyimlari va
qalpog‘ini kiyib xalifaning umumiy qabuliga bordi. Ijozat olib, xalifa oldiga kirdi va ta’zim
qilib, tik turdi. Xalifaning yonida qozi Ahmad o‘tirardi. Uni ham o‘tirishga taklif qilib,
ochiq chehra bilan: «Safardan qachon qaytding?» — deb so‘radi.
— Kecha kechqurun keldim, janob xalifam. Bugun o‘zim huzuringizga kelish uchun
tayyorlanayotgan vaqtimda, xalifa sizni chaqiryaptilar, deb uyimga kishi borib qoldi.
— Safardan qaytayotganingda yo‘lda kimni uchratding?
Horis kelib albatta Yoquta to‘g‘risida xalifaga shikoyat qilganini bilgan Zirg‘om: «Ikki
kishi qiynayotgan bir qiz bolani uchratdim», — dedi.
— «Tarki odat, amri mahol» degandek, u qizni qutqazgandirsan? Borakallo! — dedi
xalifa.
«Tarki odat, amri mahol», deb xalifa ilgari o‘zini sherning changalidan qutqazganiga imo
qilayotganini sezib, Zirg‘om xijolat tortsa ham, o‘zini bilmasga solib:
— Shu ahvolni ko‘rib turib, ko‘z yumib ketishga insofim yo‘l bermadi. Qizning joniga ora
kirdim. Qutqarib olib keldim. Keyin bilsam, u qiz davlat arboblaridan biriga tegishli ekan.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |