www.ziyouz.com
kutubxonasi
79
Dono va o‘tkir irodali bu qiz uyalinqirab, qizarib-bo‘zarib: «Janob Sohibning
marhamatlari uchun minnatdorman. Meni ham oriyatdan, ham o‘limdan qutqazdilar. O‘z
himoyalariga olib, martabamni ham ko‘tardilar»,— dedi.
Zirg‘om cho‘ntagiga qo‘lini uzatib, bo‘yin tumorni oldi-da: «Bu amiralmo‘’mininning
senga tuhfalari», — dedi.
Yoquta nima deyishini bilmay uni olib, Oftobga uzatdi. Oftob uni qo‘liga olib, ushlab
ko‘rdi-da: «Bu senga munosibga o‘xshaydi», — deb qizning bo‘yniga taqib qo‘ydi.
Ana shularning hammasi Zirg‘omning g‘am-tashvishini zarracha kamaytira olmadi.
Kecha kechqurun va bugun ertalab yuz bergan hodisalar Zirg‘omga o‘z sevgilisini
eslatardi. Xususan, Yoquta bo‘yniga taqqan gavhar bo‘yin tumorni aytmaysizmi. Zirg‘om
o‘ziga-o‘zi: «Jahon shu yerda bo‘lganda bu tumorni taqish albatta uning haqqi
emasmidi», — derdi. U shunday xayolga bordi-yu, Vardonni surishtirish uchun uydan
chiqib ketdi. Qo‘rquvdan o‘zini yo‘qotib kelayotgan Vardonni u yo‘lakda uchratdi.
Zirg‘omni ko‘rib u salom berdi. Zirg‘om shoshilib so‘radi:
— Ha, bormisan? Nega muncha jimjit bo‘lib ketding?
Ikkalasi bir chekkadagi uyga borib o‘tirishdi. «Afshin kechikib kelganligi tufayli ushlanib
qoldim. Uning Somurroga kelganiga bir-ikki kungina bo‘ldi. Topshirig‘ingizni bajarishga
zo‘rg‘a shu bugun muyassar bo‘ldim», — dedi Vardon.
— Jahon to‘g‘risida nima xabar topib kelding?
Vardon bir lahza sukut etib turgach: «Afshinning maxsus kishilari orasida uning hamma
kirdikorlaridan xabardor bir o‘rtog‘im bor. O‘shaning aytishicha, Jahon ulardan ilgari
Farg‘onadan chiqib ketgan emish», — dedi.
— Bu gapni sen ketganingdan keyin Jahonning akasi Somondan eshitgandim.
Somonning nomini eshitib Vardonning rangi o‘chdi.
— Somon shu yerdami? Qani u ablah? Hozir u la’nati munofiqning jonini sug‘urib
olaman.
Vardonning bu qadar jahli chiqqanidan taajjublanib Zirg‘om:
— Somonni nega o‘ldirmoqchi bo‘lyapsan? U nima qilibdi? — dedi.
— Uning qiliqlarini hozir aytib beraman. Ammo o‘zi nima deganini oldin menga gapirib
bersangiz.
— Uning aytishicha, Afshindan qochib, singlisi Jahon bilan Farg‘onadan chiqishgan
emish. Hamadonga yetishganda qaroqchilar duch kelib, Jahonni va oqsochini asir
olishganmish. Somon esa bizga bu xabarni yetkazish uchun ulardan qochib Somurroga
kelganmish.
— Qaroqchilarning qilgan ishidan xabardor bo‘libsiz. Endi u la’natining bugungi qilgan
ishini men sizga aytib beray: menga topshirgan vazifangizni bajarmoq uchun kecha
kechqurundan ishga kirishdim. Lekin uni zo‘rg‘a bugun erta bilangina ado eta oldim.
O‘sha o‘rtog‘imga uchrashdim, u hamma bo‘lgan voqeani birma-bir aytib berdi. O‘rtog‘im
menga gapirayotgan paytda Somon otiga minib, qir tomonga o‘tib qoldi, lekin men uni
yaxshi taniy olmadim. Suhbatdoshimdan: «Bu kim bo‘ldi, bevaqt nima qilib yuribdi?»
deb so‘radim. Uning aytishicha, xuddi shu odamning o‘zi shu bugun tongotar paytida
kelib, Afshin bilan suhbatlashgan, Jahonni qaroqchilar olib ketganini aytgan, bu ishda
aybdor Zirg‘om, deb sizni yomonlagan emish. Bu gapni u ketib bo‘lgandan keyin
o‘rtog‘im menga aytdi. Afsuski, ilgariroq bilganimda u badbaxt ko‘saning bo‘ynini
sug‘urib olgan yoki bo‘g‘ib o‘ldirgan bo‘lardim.
Zirg‘om Somonning munofiqligini, niyati buzuqligini avvaldan sezib, uning hech bir
gapiga ishonmay yurardi, lekin Jahonning olib ketilgani haqidagi xabardan ikkilanib,
o‘ziga-o‘zi: «Bu yigitning ikkiyuzlamachiligini bilarding, lekin Jahon to‘g‘risida bergan
ma’lumotini ham yolg‘on deb hisoblaysanmi?» — deb qoldi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |