ZIRG‘OM BILAN JAHON
Jahon bugun barvaqt uyg‘ondi-da, guldor atlas peshmatini yopinib, otasi huzuriga bordi.
Otasi o‘z karavotida o‘tirgandi. Uning ahvoli kechagiga qaraganda birmuncha durust edi.
Jahon shodlanib: «Dada, tuzukmisiz?» deb so‘radi.
— Yaxshilik xudosiga ming qatla shukurki, bir oz durustman, bu kecha tinch uxladim.
Hozir ancha bardamman. Afshin Farg‘onaga kelgan, kelmaganidan xabaring bo‘lmadimi?
U bayram munosabati bilan keladigan edi.
Jahon Afshin nomini eshitishi bilan seskanib tushdida: «Bilmadim, ehtimol, kelgandiru,
lekin biz tomonda ko‘ringani yo‘q», — dedi.
— Biror kishi uni surishtirib kelsamikin?
— Undan xabar topib kelsin desangiz, albatta odam yuboramiz. Lekin Farg‘onaga kelgan
bo‘lsa, taklifimizni kutib o‘tirmay, o‘zi biznikiga kelgan bo‘lardi.
— To‘g‘ri aytding, qizim, akang kohinni chaqirib kelishga ketdimi?
— Uni qidirib saharlab chiqib ketgan edilar. Kecha kechasi uni topib kelolmaganim uchun
dadam mendan ranjidilar, deb ko‘p o‘ksindilar.
— Unday bo‘lsa yaxshi, qaytib kelib qolar, — dedi chol. So‘ng iltimos qildi: — O‘z qo‘ling
bilan menga suv ber, qizim.
Jahon sevinganicha chiqib ketdi, bir piyola suv olib kelib dadasiga uzatdi. Dadasi suvni
ichib bo‘lar-bo‘lmas eshikdagi soqchi kirib: «Iroqdan kelgan bir mehmon yigit
huzuringizga kirishga ruxsat so‘rayapti», — dedi.
— Bu mehmon albatta Afshin bo‘lishi kerak, — dedi hokim hayajon ichida va o‘z odatiga
xilof ravishda mehmonning kimligini surishtirib o‘tirmay, «Kiraversin!» dedi. Jahon shu
paytda bu yerda bo‘lganidan afsuslandi. Qani endi devor tars yorilsa-yu, bu yerdan
chiqib keta qolsa, lekin dadasini o‘ylab, tishini tishiga qo‘ydi. Jahon ichidan zil ketsa
ham, harakatidan sezdirib qo‘ymaslik uchun o‘zini dadil tutar, bardosh berib o‘tirardi.
Eshik soqchisi pardani ko‘tardi-yu, mehmon ichkari kirdi. Uni ko‘rgan Jahonning yuragi
duk-duk urib, birdan gulday ochilib ketdi, chehrasidagi avvalgi g‘am-qayg‘udan asar
qolmadi. Kelgan mehmon Afshin emas, Zirg‘om edi. Uni ko‘rish bilan hokim tabassum
qilib, dedi: «Xush kelibsan, o‘g‘lim Zirg‘om, men do‘stimiz Afshin keldimikin deb
o‘ylagandim. Sen Iroqdan kelyapsanmi?»
— Balli, sayidim, Iroqdan kelyapman, — dedi Zirg‘om.
— Afshin ham sen bilan keldimi?
— Yo‘q, u men bilan kelgani yo‘q, ammo Iroqdan chiqayotgan kunim uning ham
Ushrusanaga kelish niyati bor deb eshitgan edim. Kelgan bo‘lsa ham ajab emas.
Zirg‘om o‘ttiz yoshlar chamasidagi, xushbichim, xushfe’l, o‘rta bo‘yli, to‘ladan kelgan,
yelkalari va manglayi keng, kulcha yuzli yigit edi. Uning ko‘zlarida botirlik, saxovat va
rostgo‘ylik barq urib turardi. Yigit boshidagi qirmizi qalpog‘i ustidan qora salla o‘rab
olgandi. Egniga havo rang kamzul kiygan, uning ustidan oltin dastali qilich taqilgan.
Arg‘uvoni ipakdan tikilgan shim, kamzuli ustidan qora chakmon kiygan. Qaddi-
qomatidan zo‘r pahlavonlarga o‘xshab ketardi. Bir yerda tikka turgan bo‘lsa, uni o‘rnidan
siljitib bo‘lmaydigan tog‘ deb faraz qilasiz.
Zirg‘om hokimning huzuriga kirar ekan, u yerda Jahonni ham uchratishi xayoliga
kelmagandi. Jahon qanchalik hayajonlangan bo‘lsa, Zirg‘om ham shunchalik o‘zini
yo‘qotib, qizga nima deyishini bilmay qoldi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |