www.ziyouz.com
kutubxonasi
20
Somon pastki iyagida bitta-yarimta ko‘rinar-ko‘rinmas ko‘sa soqolli, yuzi yassidan kelgan
yigit. Uyqudan turgan kishining ko‘zidek ikki ko‘zining oqiga qizil aralashgan. Bundan
tashqari u g‘ilay bo‘lgani uchun sizga qaraganda shiftga yoki eshikka qarayapti, deb
o‘ylaysiz. Ko‘zi hamma vaqt alang-jalang. Siz bilan so‘zlashayotganda yerga qarab
turadi yoki qovoqlarini chimirgancha boshqa tomonga qarab gapiradi. Bir narsadan
qo‘rqqandek, lablari pirillab uchib turadi. Gap boshladimi, so‘zlari biri ikkinchisiga ulanib
ketaveradi. Shu bilan birga, u hiylakor, aldamchi, o‘zidan boshqaga hech narsani ravo
ko‘rmaydigan xudbin odam.
Otasi unga kirish uchun ijozat berishi bilan boshida ipak qalpoq, egnidagi butun jasadini
qoplagan uzun to‘ni etagiga chalishib ketgudek bo‘lib chopib ichkari kirdi-da, hokim
huzurida tik turgancha: «Kirshonshohga* bordim, lekin u yerda kohinni topmadim.
Aytishlaricha, u ertaga ertalab kelarmish, nima qilay? Uyiga borib, uni topib kelaymi?»
— dedi.
Hokim ensasi qotib:
— Bu yerga qaytib kelib o‘tirmay, uni topib kela qolsang bo‘lardi-ku, mayli, ertaga
boshqa odam yuboramiz, bor, ishingni qilaver, — dedi.
Otasining Somonga qilgan muomalasidan Jahonning: «Demak, otam uni yaxshi ko‘rmas
ekanlar», degan gumoni yana ortdi. U ilgari bunday muomalani ko‘rmagandi.
— Uning xuddi shu kechasi sizga zarurligini bilganimda, qaerdan bo‘lsa ham topib kelgan
bo‘lardim, bo‘lmasa hozir yana borib kela qolay? — dedi Somon.
Somon gapirayotganda otasi tikilib turgandi, u gapini tugatishi bilan yuzini boshqa yoqqa
burdi-da: «Yo‘q, kerak emas, meni o‘z holimga qo‘y, ozgina dam olmoqchiman», —
dedi.
Somon engashib otasining ikki qo‘lini o‘pdi-da, yurgan yo‘lida qoqilib-suqilib, chiqib
ketdi. Jahon tik turganicha goh otasiga termular, goh ikki ko‘ziga yosh olib, ma’buda
yonidagi shamga tikilar edi. Jahon otasining lab qimirlatishidan ko‘nglidagi yashirin bir
sirni aytmoqchi bo‘layotganini payqab, karavotga o‘tirdi-da, uning qo‘lini ushladi. Undan
sovuq ter chiqqanini, sal qaltirayotganini sezdida: «Dada, menda ishingiz bormi yoki
ketaveraymi?» — deb so‘radi. U yostig‘ini tuzatarkan: «Qizim, ketaver..., yo‘q..., tura
tur..., mayli, ketaver, borib dam ol!» — dedi. Jahon tashvishlanib:
— Dada, sizga nima bo‘ldi? Akam Somon aytganingizni bajarmagani uchun xafa
bo‘ldingizmi? U maqsadingizni yaxshi tushuna olmabdi, xolos, — dedi.
Hokim boshini bir silkib qo‘ydi.
— U mening maqsadimni tushunmabdi, lekin men uning maqsadini tushundim. Hisob
vaqti yaqinlashdi... — U shunday dedi-yu, yotib, uxlash uchun choyshabni ikki yelkasiga
ko‘tarib oldi. Endi otasi bu to‘g‘rida ko‘p gapiraverishni istamaganini sezgan Jahon uning
choyshabini to‘g‘riladi-da, qo‘lini o‘pib chiqib ketdi. U akasini o‘ylagancha o‘z xonasiga
bordi. Hayzuron uni uyda kutib o‘tirardi. Kelishi bilan yuqoriga olib, otasining ahvolini
so‘radi, «Kiyim-boshlaringni almashtirib, o‘rningga borib uxla», dedi.
Jahon hamon tik turardi. Uning xayoli Zirg‘omda ekanini payqagan Hayzuron tasalli
berdi:
— Hamma joy-joyiga ketdi, bog‘chada ham, ayvonda ham chirog‘lar o‘chirildi,
Zirg‘omdan hanuz darak yo‘q, balki ertaga kelib qolar.
Bu gapdan qanoat hosil qilgan Jahon uning yordami bilan kiyimlarini almashtirdi,
shundan keyin Hayzuron xayrlashib, chiqib ketdi. Jahon endi o‘rniga yotay deb turganida
bir xodima kirib: «Somon keldi, siz bilan gaplashmoqchi, huzuringizga kirishga ruxsat
so‘rayapti», — dedi.
Somon kelganini eshitgan Jahon xursand bo‘lib ketdi, chunki otasining unga qilgan
muomalasi Jahonga g‘alatiroq tuyulgandi. Somon g‘amgin, xafa holda kirdi. Uning
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |