www.ziyouz.com
kutubxonasi
92
quvonib ketdi.
— Voy girgittonlar, voy o‘zim girgittonlar! — degancha kalovlanib o‘rnidan turdi. Qo‘li
xamir yuqi bo‘lgani uchun bilagi bilan yelka qoqib ko‘rishdi. Paytavani qalin o‘ragan
ekanman, piymamni yechguncha qiynalib ketdim. Xolposh xola bir zumda dastur-xon
yozdi. Xanik chetida cho‘nqayib o‘tirib yong‘oq chaqdi, tut mayiz, shinni qo‘ydi... Oyim
qizarib-bo‘zarib, ammam esa chimirilib o‘tirardi. U tancha ichidan oyimning oyog‘iga
o‘xshatibgina tepdi shekilli, onamning ixcham gavdasi silkinib ketdi.
— Ko‘p ovora bo‘lavermang, — dedi battar qizarib.— Biz bir yumush bilan keluvdik.
— Voy girgitton, ovorasi bor ekanmi? Eshonoyimning oyoqlariga qo‘y so‘ysak arziydi.
Ammam: «Gapirasanmi-yo‘qmi?» deb qoshini qoqqan edi, oyim tutilib-tutilib gap
boshladi:
— Biz... Haligi... Qulchilikka keluvdik, aylanay...
Xolposh xola bir zum dovdirab qoldi. Choy quyib uzatayotgan piyolasi havoda muallaq
turib qolgandak edi. U yagona ko‘zi bilan oyimga hayron tikildi.
— Shundoq bo‘p qoldi, — dedi ammam jilmayishga urinib. Uning tabassumi yig‘idan
battar ayanchli edi.— Shu, Afzalxon tushmagur Risolatxondan bo‘lagiga ko‘nmayapti...
Bilmadim, mabodo taqdir qo‘shgan bo‘lsa...
Xolposh xola yagona ko‘zini ammamga qadab piyolani dasturxonga qo‘ydi.
— Albatta, sizga og‘ir, — dedi oyim ovozi titrab.— Xudo shohid, dilingizni og‘ritmoqchi
emasmiz. Bilamiz, bu gapning mavridi emas, o‘zingizning og‘zingiz to‘la qon...
Xolposh xola boshini xam qilib o‘yga toldi.
— Risolatni kelinmas, qizim deganman, girgitton,— dedi anchadan keyin. — Nima qilay,
urush judo qildi o‘g‘limdan. Bolamning o‘rniga bolam, deb etagidan tutgan edim. —
Uning ovozi titray boshladi. — Mayli, ilojim qancha, meni deb yosh umrini o‘tkazsa, Xudo
nima deydi.
Ammam boshqacha gap kutgan ekan shekilli, rangi o‘chdi.
— Men aytdim, — dedi ovozini balandlatib. — «Hoy, bola, yoshlik qilma, keyin shoxing
sinib qoladi», deb necha marta aytdim.
— Albatta, teng tengi bilan degan gap bor. — Xolposh xola hamon boshini quyi solib
o‘tirardi. — O‘g‘lingiz ko‘z ochmagan yigit bo‘lsa. Qizim... — U jimib qoldi. — Tag‘in
o‘zlari bilishadi. Ikkovining ko‘nglida shu niyat bo‘lsa bizning qo‘limizdan nima kelardi. —
U qandaydir ichki sezgi bilan sergaklandi.— Shoshmang, girgitton, bolam keldi. Orifim
keldi.
Chindan ham eshik ochildi-da, eski paltosining ustidan yelkasiga jild osgan Orif paydo
bo‘ldi. U telpagining quloqchinini tomog‘i ostidan o‘tkazib bog‘lab olgan, qoshiqdek
yuzida ko‘zoynagi allaqanday kulgili yaltirab turardi.
— Keldingmi, bolam, — Xolposh xola darrov Orifning jildini oldi.
— Sovuq qotib ketibsan-ku, shakartoyim.
Orif uchinchida o‘qiydi. Ularning darsi tugagan bo‘lsa, demak, men ham tezroq
maktabga jo‘nashim kerak.
— Oyi, ketaylik, — dedim tipirchilab.
— Hali vaqtli, biz uchta o‘qidik. — Orif yelkamga qo‘lini tashladi. — Yur, qubba
o‘ynaymiz.
— Mayli, narigi uyga kira qolinglar, — dedi Xolposh xola darrov ko‘nib. — Kattalarning
gapiga quloq solsa uyat bo‘ladi, girgittonlar.
Orif ikkalamiz qirov bosgan, derazasidan xira nur tushib turgan katalakdek uyga kirdik.
Bu Risolat opaning xonasi bo‘lsa kerak, burchakda stol, suyanchig‘i baland stul bor edi.
Stol ustida daftar-kitoblar taxlab qo‘yilgan. Kirpech osilgan devorda Risolat opaning
chust do‘ppi kiygan kishi bilan tushgan surati. Risolat opa do‘ppili kishining yelkasiga
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |