www.ziyouz.com
kutubxonasi
89
— Eringiz ichadimi? — ro‘molli ayol hamdardlik bilan bosh chayqadi. — Ichkilik o‘lsin!
Boshida surishtirmagan ekansiz-da!
— Oldin unaqa emasdi, hozir itdek ichadi. Alamlaridan icharmishlar! — chiroyli juvon qo‘l
siltadi. — Murodjon akamga aytuvdim, jahllari chiqdi. «Bolang ko‘paymasidan yig‘ishtir,
razvodga beraver, o‘zim senga kooperativniy kvartira olib beraman», dedilar.
Ro‘molli ayol sergaklandi:
— Bolangiz bormi?
— Qizim bor...
— Bolangiz bo‘lsa, unaqa qilmang, singlim, — deya ro‘molli ayol nasihat qildi. — Har
qalay, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygansiz, bolani tirik yetim qilmang, opovsi
aylansin.
— E! — Ko‘hlik juvon tilla zanjirini yana asabiy o‘ynay boshladi. — Murodjon akam...
Bo‘lmadi. O‘z erini bemalol tuproqqa qorishtirib «Murodjon aka»sini og‘zidan bol tomib
maqtayotgan ko‘hlik juvon ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. «Ehtimol, ering seni deb
ichkilikka ruju qo‘ygandir, balki rostdan ham alamidan ichar!» Yana birpas o‘tirsam, shu
gaplar og‘zimdan chiqib ketishini bilib, o‘rnimdan turdim. Avvalo, birovning gapiga
aralashish odobsizlik. Qolaversa, o‘zgalarning shaxsiy hayoti bilan necha pullik ishim
bor? Lo‘qillayotgan chakkamni barmog‘im bilan bosgancha nari ketdim. Chekkim keldi.
Anchadan keyin qaytib kelsam, vrach eshigidan boyagi ko‘hlik juvon chiqib kelyapti.
«Murodjon aka»sining mashinasi kutib qolganidan ozor chekkan bo‘lsa kerak, shosha-
pisha yo‘lakka otildi. Tor xonaga kirsam, deraza oldidagi oppoq stol ro‘parasida yupqa
gardishli ko‘zoynak taqqan, xalatining tugmalarini yechib qo‘ygan naynov vrach o‘tiribdi.
— Yechining, — dedi u kattakon daftarga bir nimani yoza turib.
Xona o‘rtasida to‘xtab qoldim. O‘zi kalta yengli ko‘ylak kiygan bo‘lsam, tag‘in nimani
yechaman?
— Yechining! — vrach asabiylashib boshini ko‘tardi. Ko‘zoynagini yiltiratib bir lahza
tikildiyu o‘rnidan turib ketdi.
— Iye, domla, bormisiz! — dedi dilkashlik bilan. — Televizorda uncha-muncha ko‘rib
turamizu o‘zingizni hech topolmaymiz. — U chayir, uzun barmoqlari bilan qo‘limni
mahkam siqib ko‘rishdi. — Bir xil odamlarga hayron qolasan. Hozir bittasi kirib yarim
soat boshimni qotirdi. Tayinli kasali yo‘g‘u byulleten berasan, deydi. U yog‘ini
ishxonadagilari bilan o‘zi kelisharmish. — U jilmaygan edi, ko‘zoynak ortidagi mitti
ko‘zlari yanayam kichrayib ketdi. — Tanimadingiz-a? Men — Orifman.
Hech baloni eslay olmasam ham, odob yuzasidan bosh silkidim:
— Ha, bo‘ldi-bo‘ldi... Qalay, yaxshi yuribsizmi?
— Yolg‘on gapirmang, tanimadingiz! — U samimiyat bilan yelkamga qoqdi. — Men
Risolat opaning o‘g‘liman. O‘qituvchi opa bor edilar-ku!
Endi esladim! Axir, bu o‘zimizning Orif-ku! Risolat opaning o‘g‘li-ku! O‘shandayam
ko‘zoynak taqardi. Jo‘raboshimiz unga «Shapko‘r» deb laqab qo‘ygan edi.
— Dunyo shunaqa ekan, — dedi u o‘yga tolib. — Bu yoqda poshsha xolamlarni ham
berib qo‘yibsizlar, ma’rakada bormoqchi bo‘ldimu hovlinglarni topolmadim. Hammayoq
o‘zgarib ketibdi.
— Shunaqa bo‘ldi, — dedim sekin. Risolat opam tuzukmilar, deb so‘ragim kelsa-da,
qanday surishtirishni bilmasdim. Mabodo onasi vafot etgan bo‘lsa nima qilaman yarasini
yangilab. U ko‘zimdagi savolni uqdi.
— Bizdayam shundoq bo‘lgan. Uch yil ilgari... — dedi bir nuqtaga tikilib. — Oyim: «Hech
bo‘lmasa, bitta bolangni ko‘rsam, armonim yo‘q», derdilar. Bir emas, uchtasini opichlab
katta qildilar... Keyin yana Toshkentga kelib qoldik. Qorasuvda turamiz.
Kasal bir yoqda qolib o‘zimizning suhbatimizga berilib ketdik. Asakaga ko‘chib
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |