AMIR TEMUR MAQBARASI
Maqbara gumbazining tepasida sof oltindan yasalgan kattakon qubba quyosh nurlarida yarqirab turgan. Maqbaraning fil suyagi va har xil qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan eshiklarini o’z davrining eng mohir ustalari yasaganlar. Ushbu maqbaraga Mir Sayyid Baraka, Amir Temur va Muhammad Sultonlardan keyin, sohibqironning o’g’illari Mironshoh, Shohruh va nabirasi Mirzo Ulug’beklar ham dafn etilgan. Olimlarning fikrlaricha, maqbaraga, shuningdek, Sayid Umar va Ulug’bekning bevaqt vafot etgan ikki o’g’ilchalarining jasadlari ham dafn etilganlar. Tarixiy manbalarda yozilishicha, maqbaraning ikki yonida Muhammad Sulton tomonidan barpo qilin¬gan xonaqo va madrasa bo’lgan, ammo, vaqt o’tishi bilan bu ikki tarixiy inshoot vayron bo’lib ketgan. Ammo, Amir Temur maqbarasi uzoq asrlarning suronlariga bardosh berib bizning kunlarimizgacha yetib kelgandir. Amir Temur va temuriylardan so’ng Samarqandda huqmronlik qilgan podsholar va hokimlar ham ulug’ sohibqiron yotgan maqbarani ta’mirlashga g’amxo’rlik qilganlar. Hattoki, uzoq Hindistonda huqmronlik qilayotgan boburiy Avrangzeb, ulug’ bobokoloni Amir Temurning maqbarasiga g’amxo’rlik qilgan, u shu maqsadda Samarqandga Hindistondan mablag’ jo’natgan. Maqbara samarqandliklar orasida ham katta ehtiromga ega edi, biror kishi maqbara yonidan ot minib o’tmas, o’tayotganlar qur’ondan oyatlar tilovat qilar edilar... 1868 yili ruslar Samarqandni istilo qilganlarida bu ulug’vor maqbara yaxshi holatda edi. Ayrim rus olimlari maqbarani har tomonlama o’rganishga kirishdilar. Lekin, aynan shu davrlarda maqbara boshiga qora kunlar tushdi. Maqbara gumbazining tepasidagi oltin qubba o’g’irlandi, naqshinkor, fil suyagi va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan eshik o’g’irlanib xorijga olib ketildi. Shuningdek, maqbaraning jimjimador panjarasi qo’porilib Sankt-Peterburgga jo’natildi, 1903 yilning 18 mayida shimoli-g’arbiy minora qo’lab tushdi. Rus ma’muriyati maqbara atrofida barpo qilgan bog’dan suv qochib sag’anadagi qabrlarni ikki marta suv bosdi. 1905 yili maqbara eshigi tepasidagi yozuv bitilgan nafis panno ham o’g’irlab ketildi... 1907 yilning 8 oktyabrida yuz bergan zilzila tufayli qarovsiz qolgan maqbara ziyon ko’rdi. 1923 va 1929 yillarda yodgorliklarni asrash komissiyasining xodimlari maqbarada ayrim ta’mirlash ishlarini o’tkazdilar
Do'stlaringiz bilan baham: |