www.ziyouz.com
kutubxonasi
60
Odamlar, mollar orasidan o‘tib, nari ketdik. Ana, nihoyat bizning echkiga ham xaridor
topildi. Peshonasiga qiyiqcha tang‘igan kishi Qoraquloqni uyog‘idan o‘tib tomosha qildi,
buyog‘idan o‘tib tomosha qildi.
— Qancha so‘raysiz? — dedi oyimgamas, echkiga qarab.
— Besh yuz so‘m.
— Uch yuz! — qiyiqcha tang‘igan kishi echkining bo‘ynidan silab qo‘ydi. — Shoshib
turibman, olamanu ketaman.
— Yo‘q, amaki, bu zotli mol, — dedi oyim bosh chayqab. — Onasi har yili ikkitadan
tug‘adi, ko‘p sut beradi. Suti yog‘li, sigirnikiga o‘xshaydi. Besh yuzdan kamiga bo‘lmaydi.
Qiyiqcha tang‘igan kishi savdolashib o‘tirmay nari ketdi. Yana ikkita xaridor keldi. Biri
uch yuz o‘n so‘mga chiqdi, ikkinchisi ikki yuz ellikdan oshmadi. Keyin echkimizni hech
kim so‘ramay qo‘ydi. Turib-turib zerika boshladim, bir hovuch yong‘og‘imni u qo‘limdan
bu qo‘limga olaman, bu qo‘limdan u qo‘limga olaman... Kun isib borar, suv ichgim
kelardi. Oyim ham toliqib ketdi shekilli, nuqul atrofga javdiraydi.
— Dallol topmasak bo‘lmaydi shekilli, o‘g‘lim, — dedi ruhi tushib.
Xuddi shuni kutib turgandek, telpagining quloqchinini kuya yegan, paxtali shimining
tizzasigacha go‘ng bo‘lib ketgan kishi paydo bo‘ldi.
— Ha, yanga, uloqchaga xaridor chiqmadimi? — dedi shang‘illab.
— Uloqchamas, echki-ku, — dedi oyim ranjib. — Qarang, zotli mol, onasi har yili
ikkitadan tug‘adi. Ko‘p sut beradi. Suti quyuq, sigirnikiga o‘xshaydi.
— Ko‘rib turibman! — Telpakli kishi qo‘l siltadi.— Mushukdekkina echki ekan. Bo‘g‘oz
bo‘lganmi-yo‘qmi?
Oyim bosh chayqadi.
— Unisini aytolmayman. Yolg‘on gapirib nima qildim. Ammo onasi zotli. Har yili ikkitadan
tug‘adi, sersut...
Telpagini kuya yegan kishi bir zum o‘ylanib qoldi.
— Endi, yanga, gap bundoq, — dedi tag‘in shang‘illab. — Men xolis odamman, ko‘rib
turibman, boyadan beri turaverib, sarg‘ayib ketdingiz. Xo‘p desangiz, molingizni sotib
beraman. Ammo cho‘talni oldindan kelishib olamiz: yigirma besh so‘m!
— Mayli, bir gap bo‘lar, — dedi oyim sekin. — Baraka toping, insofli odamga
o‘xshaysiz... Ammo o‘zi zotli mol...
— Qancha so‘rayapsiz o‘zi? — dallol onamning gapini bo‘ldi.
— Besh yuz.
— Nima? — dallol dahshatli gap eshitgandek ko‘zini ola-kula qildi. — Besh yuz so‘mga
govmish sigir beradi-ku! Hozir bozor arzon. Qish kelyapti, yanga! Qish kelyapti! Yem
tashvishi bor, pichan tashvishi bor...
Onam norozi qiyofada yelkasini qisdi.
— Mana shu bolamga pufayka olib bermoqchiman. Adasi besh yuzdan kamiga ko‘nma
deganlar.
— Gapga pasmatri! — dallol xuddi onam gunoh ish qilib qo‘yganday qo‘lini silkitdi. —
Odamlardayam diyonat qolmapti o‘zi!
U endi burilib ketayotgan edi, oyim yalindi:
— Xudo xayringizni bersin, bitta-yarimta insofliroq xaridor toping. Mayli, haqingizni
beraman.
Dallol qaytib keldi. Qoraquloqning qornini paypaslab ko‘rdi.
— Mayli, — dedi to‘ng‘illab. — Shoshmay turing-chi.
Chorak soatchadan keyin u eskiroq chopon kiygan kishi bilan mendan kattaroq bolani
boshlab keldi. Bolaning boshida yap-yangi do‘ppisi bor edi. Do‘ppi uning uzunchoq
boshida g‘alati qiyshayib turardi. Pufaykadan ortgan pulga oyim mengayam yangi do‘ppi
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |