www.ziyouz.com
kutubxonasi
61
oberadi, degan fikr lip etib xayolimdan o‘tdi.
— Mana! — dedi dallol shang‘illab. — Shundan yaxshi xaridor topolmaysiz.
— Qancha so‘raysiz? — eski choponli kishi negadir onamga emas, dallolga qaradi. —
Bo‘ladiganini ayting.
— Bo‘ladigani ikki yuz ellik so‘m! — Oyimning o‘rniga dallol javob berdi.
— Yo‘g‘-e, — dedi oyim cho‘chib. — Hozir uch yuzga bermadim-ku.
— O‘zimga emas, mana bu bolaga olyapman! — eski choponli kishi uf tortdi. — Rangini
qarang, bola bechorani! Kasaldan yangi turgan: sil!
Oyim ham, men ham bolaga tikilib qoldik. Hali do‘ppisiga qarapmanu o‘ziga qaramagan
ekanman. Bola chindan ham rangsiz, katta-katta ko‘zlari odamga ma’yus termilib boqar
edi.
— Yong‘oq! — dedi u qo‘limdagi yong‘oqlarni ko‘rib. Ovozi qizlarnikiga o‘xshagan
ingichka, iltijoli edi.
— Ber, ber! — dedi oyim shoshilib. — Hammasini ber.
Qo‘limdagi yong‘oqlarni ham, cho‘ntagimdagilarniyam bolaga berdim. Nima qipti, hali
terib olaveraman. Ko‘chamizda yong‘oqdan ko‘pi bormi?
— Yuz so‘m! — eski choponli kishi dallolning qo‘lidan tutdi. — Bor baraka!
— Voy, nima deyapsiz, amaki? — Oyim xuddi birov tortib olayotgandek echkining
arqonidan mahkam ushlab o‘ziga tortdi. — Bu zotli mol. Onasi har yili ikkitadan tug‘adi.
Sutni ko‘p beradi. Sutiyam yog‘li.
— Sizam insof qiling-da, birodar! — dallol endi xaridorga qarab qo‘lini paxsa qildi. —
Yangam rost aytyaptilar. Zotli mol, erta-indin qochib qolsa, bahorda maza qilib sutini
ichasiz.
Oyimga jon kirdi.
— Shuni aytaman-da! Zotli mol! Onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Ko‘p sut beradi. Suti
yog‘li, sigirnikiga o‘xshaydi.
Xaridor horg‘in bosh chayqadi.
— O‘zimga qolsa-ku, besh yuzga ham olaverardim. Shu bolaga so‘rayapman. — U tag‘in
bolaga imo qildi. Bola yong‘oqlarni u qo‘lidan bu qo‘liga olar, yupqa, qonsiz lablarini
pichirlatib sanar edi. — Hech kimi yo‘q bechoraning, — dedi xaridor ovozini pasaytirib. —
Savob bo‘lar deb boshiga do‘ppi oberdim. Otasi frontda o‘lgan. Yaqinda onasiyam qazo
qildi: sil edi bechora. Yetmish yashar kampir buvisi bilan qoldi. Men qo‘shnisi bo‘laman.
Kampir bechoraning kigiz tagiga yig‘ib qo‘ygan jindek puli bor ekan. Shunga bittagina
echki obering, deb yalindi. Savob uchun tushdim bozorga.
Goh bolaga, goh onamga qarab karaxt bo‘lib qoldim. Bola hamon yong‘oqlarini sanar,
oyim ham unga tikilib qolgan edi. Birdam onamning ko‘zlarida yosh aylandi. Bir qo‘li
bilan arqondan tutgancha ikkinchi qo‘li bilan bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.
— Aynoniya! — dedi ovozi titrab. — Hech nima qilmaydi. Hali shundoq yigit bo‘lasanki,
sen ko‘rganni hech kim ko‘rmaydi, bolam!
— Mana, bori shu! — xaridor bir so‘mlik, uch so‘mlik pullardan bir hovuchini dallolning
qo‘liga tutqazdi.
— Qancha? — dedi dallol.
— Yuz ellik so‘m!
Dallol oyimning arqon ushlab turgan qo‘lini kaftiga olib silkita boshladi.
— Bor baraka deng endi, yanga! Bor baraka deng!
U har siltaganda oyim qo‘li uzilib ketgudek bo‘lib butun gavdasi bilan silkinar edi.
— Hech bo‘lmasa yana ellik so‘m qo‘shing, amaki,— dedi onam eski choponli kishiga
iltijoli termilib. — Zotli mol, onasi har yili ikkitadan tug‘adi.
— Nima qilay, singil! — xaridor tag‘in bosh chayqadi. — Mengamas, bolaga deyapman-
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |