82-bob
Yosh bolani o'pish haqida
Faqih aytadilar: Yosh bolani o'pishning zarari yo'q, bu ishdan savob olinadi, chunki
bunda bolaga nisbatan shafqat bor. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki
keksalarimizni ulug'lamasa, yoshlarimizga rahm qilmasa, bizdan emas", deganlar.
Muhammad ibn Asvad otasi Asvad ibn Xalafdan rivoyat qiladilar: "Payg'ambar (sollallohu
alayhi vasallam) Hasanni (roziyallohu anhu) quchoqlariga olib o'pdilar. Keyin
sahobalariga yuzlanib: "Bola qizg'aniladigan, qo'rqiladigan, o'rganilmagan, g'amxo'rlik
qilinadigan (ne'mat)dir", dedilar".
Ash'as ibn Qays Kindiy Payg'ambardan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar.
"Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: "Bolalar haqiqatan ham
qizg'aniladigan, qo'rqiladigan ne'matdir, albatta, ular qalblarning mevasi, ko'zlarning
qorachig'idir".
Umar (roziyallohu anhu) bir kishini ba'zi ishlar uchun yolladilar. U kishi Umarning
oldlariga kirganida bir bolakayni o'pib o'tirganlarini ko'rib: "Mening bir nechta bolam bor,
lekin bittasini ham o'pmaganman", dedi. "Senda go'daklarga mehr yo'q ekan. Kattalarga
mehring kamroq bo'ladi. Shartimizdan qaytdik", deb xazrati Umar u kishini yumushdan
bo'shatdilar.
Suyish besh xil bo'ladi: do'stona, rahmat bilan, shafqat qilib, salomlashib, shahvat bilan.
Do'stona o'pish – ota-ona farzandini peshonasidan o'pishidir. Rahmat bilan o'pish – bola
ota-onasining boshidan o'pishidir. Shafqat qilib o'pish – opa ukasini peshonasidan
o'pishidir. Salomlashib o'pish – mo'minlar bir-birlarining qo'llaridan o'pishidir. Shahvat
o'pishi – er xotinini o'pishidir.
Ba'zilar erkaklar bir-birlarini yuz-qo'llaridan o'pishni makruh ko'rishgan va
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) quchoqlashish va o'pishishdan qaytarganlar,
deb hujjat ko'rsatishgan. Ba'zi kishilar esa, bunga ruxsat berishadi. Payg'ambar
(sollallohu alayhi vasallam) Ja'far ibn Abu Tolib Habashistondan qaytganlarida quchib,
ikki ko'zining o'rtasidan o'pganlarini rivoyat qilishgan. Sahobalar ham safardan
kelganlarida bir-birlarini quchib o'pishardilar. Baro ibn Ozib Payg'ambardan (sollallohu
alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Allohdan bola so'ranglar, chunki bola qalblarning
mevasi, ko'zlarning qorachig'idir. Qari, tug'mas xotinlardan saqlaninglar". Boshqa bir
hadisda: "Bolalarimiz jigarlarimizdir", deganlar. Shuning uchun shoir aytadi:
Kim shod bo'lsa ko'rib jigarporasin,
Yerda yurgan bolasiga qarasin.
Bo’stonul orifiyn. Abu Lays Samarqandiy
Do'stlaringiz bilan baham: |