www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
— Shu bois, ishdan hayda-hayda, shtat qisqarishlar avj olyapti.
— Men shtat qisqarishlardan ham qo‘rqmayman. Yuzlab ish joylar taqa-taq yopilib
qoladi. Ammo... o‘lim ishi taqa-taq yopilmaydi! Dunyoda hamma shtat qisqaradi.
Ammo... o‘lim qisqarmaydi! Dunyoda hamma narsa tamom bo‘ladi. Ammo o‘lim tamom
bo‘lmaydi! O’lim mangu yashaydi! O’lim barcha tuzumlar uchun abadiydir! Yashasin,
o‘lim!
— Shunday, ishingiz zo‘r, kasbingiz noyob kasb, shunday.
— Ha-da, ha!. Men noyob odamman, otaxon, noyob! Ish joyim ham noyob. Mana ish
joyim — shahrimizda barcha sharoit muhayyo. Shahrimizda... jondan boshqa narsa bor!
Shahrimizda faqat... jon yo‘q, jon!
Botir firqa ana shunda maqsadga o‘tar bo‘ldi. Maqsadini aytish uchun so‘z izladi.
Partiyaviy so‘z izladi. Ilmiy so‘z izladi. Xalqona so‘z izladi.
Oxiri, meditsina so‘zida bir to‘xtamga keldi.
— Shu, suitsid... suitsid... — dedi.
— Kim-kim?
— Suitsid, deyman...
— U kim?
— Suitsid... mana shu shaharga o‘z ixtiyori bilan tashrif buyurish, demak.
— Ha-a, o‘z joniga o‘zi qasd qilish, deng! Tinchlikmi, otaxon?
— Tinchlik-tinchlik. Shu, bittasi bor. Shuni hayotida suitsid sodir bo‘lmasa edi, deb
qo‘rqaman.
— Esi joyidami, o‘zi?
— Joyida, esi joyida. Aql-zakovat bobida... ul zotga teng kam topiladi! Yuksak
intellektual, shunday, yuksak intellektual!
— Unda, nega... haligidaqa holatga tushadi?
Botir firqa... yarasini yordi! Madda olib ketmish yarasini yordi:
— Odamga alam qilar ekan, uka. Qariyb bir asr mobaynida o‘rtoq Lenin dohiy, dedilar.
O’rtoq Lenin ulug‘, dedilar. Shunday deb o‘qitdilar, shunday deb tarbiya berdilar. Endi,
birdan... Lenin jallod, Lenin fashist, deb boshladi! Sovet tuzumi bir asr mobaynida hur
zamon bo‘lib keldi, to‘kin-sochin zamon bo‘lib keldi. Endi, birdan... Sovet tuzumi
qamoqxona, deb boshladi! Sovet tuzumi do‘zax, deb boshladi! Ideal qolmadi, uka, ideal
qolmadi! Idealsiz yashab bo‘lmaydi, uka, idealsiz yashab bo‘lmaydi! Idealsiz hayot —
hayot emas, uka. Mana, idealsizlik okibati — sovet xalqi bir-birini itday talab boshladi.
Sovet xalqi bir-birini jallodday otib boshladi!
— Tuzum almashyapti, otaxon, tuzum almashyapti. Tuzum almashish davri eng
yomon davr emish. Tuzum almashish davri urush davri bilan baravar emish.
— Ammo-lekin odamga alam qiladi-da, uka. Gazetalarni ochib qaraysiz: urush
qatnashchisi yo mehnat veterani qazo qilgan bo‘ladi. Bechoralar, qayta quruvchilarni
dag‘dag‘asiga yuraklari bardosh berolmay... olamdan o‘tmoqda!
— Bo‘laman degan el bir-birini botirim, deydi, bo‘lmayman degan el bir-birini etini
yeydi!
— Buyog‘i qimmatchilik. Go‘sht qimmat, dori-darmon undan-da qimmat. Pensiya pul
dori-darmonga yetmaydi. Vaholanki, keksa odam dori-darmon bilan tirik. Pensiya...
arpaga upoq bo‘lmaydi! Oqibat, keksalar birin-ketin ketyapti. Gazetani eng so‘nggi
chetida — qora ramkaga o‘ralib-o‘ralib ketyapti. Ana o‘sha qora ramkaga o‘rog‘liklar —
urush va mehnat veteranlari. Mana shu XX asrni yaratgan zotlar! XX asrni qurgan zotlar!
Bu zotlar urushda polk-polk bo‘lib jon berdi. Armiya-armiya bo‘lib jon berdi. Endi esa...
bitta-bitta bo‘lib ketyapti! Yakka-yolg‘iz bo‘lib ketyapti! Eni barmoqdaygina ramka ichida
ketyapti! To‘rttagina ramka ichida ketyapti! Bechoralarni qetayotganini birov bilyapti,
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |