www.ziyouz.com
kutubxonasi
95
qilish, demakdir! O’z joniga o‘zi qasd qilish — xudoyim taoloni ne’matiga qasd qilish,
demaqdir! Shu bois, o‘z joniga o‘zi qasd qilish — xudoga qo‘l ko‘tarish, demakdir!
Albatta, xudoyim taolo bunday bandalarini la’natlaydi. Ey inson, sen mening bandam
emassan, deya la’natlaydi. Shu bois, o‘z joniga o‘zi qasd etgan bandasini... yuvmay
ko‘mishni buyuradi!
— Nima qiladi-nima qiladi?
— O’z jonini o‘zi olgan insonni... yuvmaydilar. Marhumni tobutga solishdan oldin...
yuvib-chaymaydilar.
Botir firqa seskandi. Badanlari uvishdi. Ko‘zlari pirpiradi. Ko‘zoynagi ustidan olayib-olayib
qaradi.
— Bir inson-a? — deya hayratlandi. — O’z ixtiyori bilan tarki dunyo etayotgan inson-
a...
— Xudoyim taolo: bu mening bandam emas, la’natini yuvib-chaymasdan... ko‘mib
tashlanglar, deydi. Sadqai inson nomi ketsin, deydi. Haromlayin... haromlayin ko‘mib
tashlanglar, deydi.
— Insonni yuvmasdan ko‘mish? Inson... mol emas-ku?
— Bandasiyam emas-da? Bandasiyam emas ekanki... o‘z joniga o‘zi qasd qiladi!
— Inson-a, bir inson-a...
— Xudoyim taolo o‘z joniga o‘zi qasd qilganlar uchun... janoza ham buyurmaydi,
janoza! Suf senga janoza, suf, deydi!
— A-a?! U-uh! U-u-u...
Botir firqa... hir-hir tovush chiqardi. Pish-pish nido chiqardi. Shir-shir hushtak chiqardi.
Ammo... tili aylanmadi! Tili kalimaga kelmadi. Bir so‘z-da aytolmadi.
Beixtiyor-beixtiyor joyidan qo‘zg‘oldi. Qo‘llarini yon cho‘ntaklariga soldi. Marhumlar
shahriga qarab serrayib qoldi. Marhumlar shahriga qarab qotib qoldi...
Botir firqa ana shularni... bilmas edi! Dafn urf-odatlari barcha mo‘min-musulmonlar
uchun bir xil, deya o‘ylar edi. Marhumlar bir xil rasm-rusumda dafn etiladi, deya o‘ylar
edi. Marhummi, bo‘ldi — ko‘p qatori dafn etiladi, deya o‘ylar edi.
— Birdan turib ketdingiz, otaxon?
Botir firqa tosh bitikchini ovozidan o‘ziga keldi. Sergak bo‘lib, tevarak-boshiga qaradi.
— A? Oyoqlarim uyushib qoldi, uka, oyoklarim! — dedi.
— Ha-a, meniyam oyoqlarim qotib qoldi. Xo‘p, otaxon, men endi boray. Meni
yo‘qlayottan bo‘lishlari mumkin. Botir bo‘ling: o‘zbek — o‘zagini qirqadi! Bo‘laman degan
el bir-birini botirim, deydi, bo‘lmayman degan el bir-birini etini yeydi! Keling, keladigan
joyingiz!
— Kelaman, albatta kelaman!
— Xudoyim taolo quyoshni ziyo, oyni nur qilib yaratgan, otaxon. Emishki, xudoyim
taolo odamzotni zuvalasini loydan pishitib bo‘lgach... odamzot ustidan atigi bir kun... bir
kungina quvonch yomg‘irini yog‘diribdi! Keyin, odamzot ustidan... qirq kun, ha-ha, qirq
kun... g‘am selini yog‘diribdi! Ana shu g‘am seliga bardosh berish... bandasi uchun ham
qarz, ham farz, otaxon!
71
Qabriston darvozasidan... bir soya chiqib keldi. Shunday, bir soya chiqib keldi.
Soyada hayot alomati bo‘lmadi. Jon alomati bo‘lmadi. Yuzlarida rang bo‘lmadi. Ko‘zlarida
nur bo‘lmadi.
Soya... siljib-siljib qimirladi. Shunday, soya siljidi, soya qimirladi.
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |