Klubning ichimliklar taklif qilinadigan pastki zali qariyb bo‘shab qoldi. Berkxardtning ketganiga ham
ikki soatcha bo‘ldi. Palmer g‘amgin, xayollari parishon, miyasida turli fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Boshlig‘i
tomonidan o‘ylangan dilkash suhbat butunlay barbod bo‘ldi. Bechora Berkxardt. Bechora Edis.
Bechora «Yunayted benk».
Palmer viskisini oxirigacha icharkan, eslashga urindi, bu ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi
qadahmidi... so‘ng o‘rnidan turdi, zalga ko‘z yugurtirdi va yana o‘tirdi. U hali yana nimalar bo‘lishini
o‘ylab dahshatga tushdi. Albatta, u tanlab olishi mumkin edi. Hozir yuz berayotgan narsa, hatto ko‘p
yillar mobaynida bo‘lib o‘tgan voqealar unga qandaydir yovuz kuch tomonidan tiqishtirilgani yo‘q edi.
Har holda unda hali tanlash huquqi bor edi. Mana, bugungi kechani olib ko‘raylik. Palmer uyga,
xotinining oldiga borishi va u bilan biror joyga; chaqirilgan ziyofatga, teatr tomoshasiga yoki
qandaydir yig‘ilishga tashrif buyurishi mumkin edi. Biroq unda boshqa imkon ham bor edi — Berns
bilan uchrashishi mumkin edi.
— Ha, bunday tanlovning havas qiladigan joyi yo‘q, — dedi o‘ziga-o‘zi Palmer, har ikki yovuzlikdan