www.ziyouz.com kutubxonasi
251
— Senga ovsarlik yarashadi.
— Bunday emasligimni yaxshi bilasiz, — Palmer imkon qadar hazil ohangida gapirishga urindi. Men
sizni bir oydan oldinroq ogohlantirgandim. Siz ahamiyat bermadingiz.
— Meni uning tuzatish haqidagi g‘oyalari ishlab chiqilishi haqida ogohlantirganlaring yo‘q. Yo bu
sening ham g‘oyangmidi?
— Uning g‘oyasi edi. Men tashviqot qilgandim. Sizdan boshqa birorta ko‘rsatma olmaganim uchun,
sizning odamingizni — Bernsni qo‘llayverdim.
Berkxardtning ko‘zlari qisilib ketdi.
— Senga umuman nafas olgin deb buyruq bermasam, nima bo‘lardi, Vudi? Ko‘karib, o‘lib
qolasanmi?
Palmer do‘stona jilmaydi.
— Yolg‘iz yo‘lboshchining odatdagi kasali, Leyn. Agar hokimiyatni topshirishga o‘zingizni majburlay
olganingizda bu boshi berk ko‘chaga kirib qolmagan bo‘lardingiz. Biroq hozir ancha kech bo‘ldi deb
qo‘rqaman.
— Ana shu-da, jin ursin, — g‘ijindi Berkxardt.
— Umid qilamanki, siz haqsiz.
— Men boshidan nima qilishim kerak bo‘lsa, ana shundan boshlamoqchiman. Kichik qora
chamadonni yap-yangi “ko‘ki” bilan to‘ldiraman, Olbaniga borib, ayyorlik bilan menga nima sotib
olishga intilgan bo‘lsalaringiz, o‘shalarning hammasini sotib olaman. Ayyorlikning bas qilinglar! Naqd
pul bilan to‘lash vaqti keldi.
— Suhbat mavzusini o‘zgartirish vaqti ham yetti, — javob berdi Palmer. — Biz tomonga Madigal
kelayapti.
Ular barobariga o‘zlari tomon kelayotgan ellik besh yoshlardagi yigit — gavdali erkakka qarashdi. U
“Merrey xil” jamg‘arma bankining rahbarlaridan biri Jim Madigal edi. Endilikda zal juda tez to‘lib
borayotgani uchun Madigal qiyinchilik bilan yo‘l ochib, ular tomon yaqinlashardi. U og‘zini katta ochib,
jilmaydi.
— Sizlarning bu yerdaliklaringni bilmagan edim, — dedi Madigal ularning qo‘lini qisib. — Men
gubernator bilan laqillashib, agar kelgan bo‘lsalaring, sizlar ham unga hurmatlaringni bildirasizlar-da,
deb o‘ylabman.
— Keyinroq, — shang‘illadi Berkxardt. — Jin urgur, Jim, ko‘rinishing muncha beso‘naqay?
Semirayapsanmi?
Madigal yanayam quvnoq jilmayib, Berkxardtning tekis qorniga shapatiladi.
— Qari Temir Qorin. Siz qachon iste’foga chiqib, hayotdan lazzat olasiz?
— Qachon siz, gadoylarga o‘xshab bo‘sh qutilarni silkitishni qo‘yib, yangi bo‘linmalar ochishni
so‘rashdan to‘xtaganlaringdan keyin.
Palmer Madigalning jilmayishiga jilmayish bilan javob berib, bu guruhdan ajralish uchun ularga
yonlamasiga turib oldi. U Edis va Berkxardt xonim bilan suhbatlashishim kerak degan bahonada
erkaklardan nari ketdi. Muruvvati buralgan qo‘g‘irchoqqa o‘xshagan ikkala qariya endi boshqa
musiqaga raqs tushishardi. Ularga bir nechta yoshroq juftlar qo‘shilishgan. Raqslardan ilhomlangan
musiqachilar tun bo‘yi musiqa chalmoqchiga o‘xshardilar. Palmer ko‘p sonli mehmonlarni ehtiyotkorlik
bilan oralab borar ekan, ular gapirayotgan gaplarning uzuq-yuluq bo‘laklarini eshitib, anglash uchun
bor diqqatini jamladi.
— ... Buning o‘rniga jinday viski ichasizmi?
Palmer o‘girilib, bu savol bilan o‘ziga murojaat qilayotgan Vik Kalxeynni ko‘rdi.
— Siz viski ichasizmi, Vik?
— Shampan vinosi oyoqdan oladi.
Palmer bosh irg‘adi:
— Sizga o‘xshagan ishbilarmon odamning oyog‘idan oladigan narsa bo‘lishi mumkinligini
o‘ylamagan ekanman.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |