www.ziyouz.com kutubxonasi
250
Shunday bo‘lsa ham familiyamizni eslab qolipti.
— Siyosat arbobning qizi bunaqa narsalarni unutmaydi.
— Azizim, bu odamlar haqida menga biroz gapirib ber.
— Adlermi? U ajoyib inson. U o‘ta halol odam sifatida obro‘ qozongan. Balki, shundaydir ham.
Hozir esa to‘y xarajatidan tamoman dovdirab qolibdi.
— Mak Berns shu yerdami? Negadir uni ko‘rmayapman.
— Mak kechroq keladi, — bashorat qildi Palmer. — Ajoyib ayol davrasida u. Bu — firma belgisi.
Hov ana, ismi nimaydi, ha, Qo‘shma shtatlar senatori.
— U qaerdan?
— Yo qishloqdan, yo markazdan. Anig‘i esimda yo‘q. U bilan suhbatlashib turgan ayol
gubernatorning rafiqasi. Bundan ko‘rinadiki, janob oliylari ham shu yerda-yu, kim bilandir siyosat
haqida fikrlashyapti, shekilli.
— Hozirgina kirib kelgan juft kimlar?
— Voy xudoyim, Edis, sen merimizni kimligini bilishing kerak-ku?
— Ularning yonidagi bahaybat erkak-chi? Yuzi g‘alati ekan. Uni hatto aqlli deb atash mumkin.
— U Viktor Kalxeyn. Azizam, senga u haqda gapirgandim.
— Kattakon Vik. G’aroyib.
— U bilan tanishishni xohlaysanmi?
— Yo‘q, qo‘yaqol...
— Oh, anavilarni qara.
Palmer uning nigohi qadalgan tomonga qarab, yetmish yoshlardagi erkak va ayol sho‘x kuyga raqs
tusha boshlaganini ko‘rdi. Palmer avvaliga ularning harakatlaridagi nuqsonni ilg‘ay olmadi. Ular
musiqaga mos ohangda harakat qilayotgan bo‘lsalar-da, harakatlarida qandaydir g‘ayritabiiy holatlar
bor edi.
— Ular bundan tuzukroq raqs tusha olmasa kerak, — dedi Edis past ovozda. Keyin: — Umuman,
birontasi ulardan o‘zib keta olarmikin? — dedi va qo‘shib qo‘ydi: — Ana, Berkxardtlar ham kelishdi.
Palmer ular uy egalari bilan tezgina salomlashib, o‘zlariga shampan vinosi quyishganini, keyin
gubernatorning yordamchisi bilan qadah urishtirib, tanishlarini izlab, atrofga alanglashganini kuzatib
turdi. Berkxardtning ko‘zi darhol Palmerlarga tushdi va xotinini yetaklab ularning yoniga keldi.
— Xayrli oqshom, Edis, Vudi.
Ikkala juftlik bir-biridan hol-ahvol so‘rab ulgurmaslaridan Berkxardt Palmerning tirsagidan ushlab,
uni nari tortdi. Shu tarzda ular suhbatlashayotgan yana bir guruhga aylandilar.
— Bugun qayoqqa yo‘qolding, jin urgur? — so‘radi u.
— Berns bilan birga edim.
— Olbanidami?
— Shu yerda. U kunduz soat birlarda kelib, qayta-qayta kechirim so‘radi.
— Grekka hech qachon ishonma, — Berkxardt chuqur-chuqur nafas oldi, biroq shunda ham
tinchlanmadi. — O’zingni oqlash uchun nima deya olasan?
— Faqat bir odim ilgarilaganimizu, Bernsni o‘z ishonchimizga olganimizni...
— Sendan aynan mana shunday ahmoqona gaplarni kutgandim, — dedi Berkxardt iloji boricha
Palmerning qulog‘iga yaqinlashib, ovozida ochiq zaharxanda sezilib turardi. — Sen qanday chora
ko‘rmoqchisan? Yo shu yerda, arzon shampan vinosini ichib turaverasanmi?
— Siz nima, “Bolinger” oldingizmi? — Palmer katta ochilgan ko‘zlarini boshlig‘iga qadadi.
— Quloq sol, o‘g‘il bola, — Berkxardtning ovozi Palmerning naq qulog‘ining ichida yangrab, miya
qopqog‘ini ko‘tarib yuborganday tuyuldi. — Bu xaromi bizni chuv tushirib ketdi, — ma’lum qildi
Berkxardt. — Ularga rahbarlik qilishni senga topshirgandim. Haligacha tushuna olmayman: sen
ahmoqmisan yo aldoqchimisan? Ikkovidan qay birisan?
— Siz nima deb o‘ylaysiz?
Berkxardt o‘zini bir qadam nariga olib, qahrli moviy ko‘zlarini Palmerga qadadi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |