www.ziyouz.com kutubxonasi
240
ko‘rinardi.
— Qiziq, — javob berdi Palmer savolga savol bilan, — tinchlikmi? Erta uyg‘onibsan?
Siyqasi chiqqan olib qochishdan uyquga to‘ymagan Edisning ensasi qotdi.
— Soat birda ham uyg‘oq edim. Sendan esa darak yo‘q.
— Ikkigacha sabring yetmaydi-ku, — javob berdi Palmer bunga. — Tosh qotib uxlab yotibsan.
Dastlabki savoliga javob bermaganini bilib tursa ham Edis sir boy bermadi. Buning o‘rniga yuvinish
xonasiga bordi-da, tish cho‘tkasiga qo‘l cho‘zdi. U tishini yuva boshladi, Palmer esa soqol cho‘tkani
namlab, stakanda sovun ko‘pirtirdi. Vanna ichini yalpiz aralash yengil lavanda hidi tutdi. Shisha
devorda qizg‘ish yog‘du jilvalandi. Palmer yuzini chaydi-da, soqolini qirtishlay boshladi. Ahyon-
ahyonda u xotiniga ko‘z tashlab qo‘yardi — surishtirishga tushib ketmoqchi emasmi, ishqilib. Birdan
xotinini anchadan beri bunday holda ko‘rmaganini eslab, unga razm sola boshladi. Ular
mehmonxonada turishganida vannaxonaga faqat bir kishi sig‘ardi. Ular bu uyga ko‘chib kelganlaridan
buyon Edis negadir har kuni undan oldin kelib yuvinardi.
Yumshoq elastik pijama xuddi homilador ayollarday Edisning yelkasida shalvirab turardi. Tepadan
tushib turgan och pushti nurda pijama yanada to‘q ko‘k bo‘lib ko‘rinardi. Devordagi isitgichlar yaxshi
ishlab turganiga qaramay, Edisning ensiz yalang oyoqlari va boldirchalari sovqotganidan g‘oyat
ayanchli ko‘rinmoqda edi. Xotinini tishini tozalab bo‘lib, baland bo‘yli shishadan allaqanday sutrang
suyuqlik olib, yuzini chayayotganini kuzatar ekan, Palmer uning dumbalari silkinishidan sonida osilib
turgan ishtoni asta sirg‘alib, oyoqlari atrofiga taxlanib tushganini ko‘rdi, tushgan kiyim chekkasidan
faqat oyoq barmoqlarigina chiqib turardi.
Palmer kiyinishga chog‘languncha xotini yotoq bo‘lmadan chiqib keldi. Xalatni yechishdan oldin
tishlangan joyni berkitish uchun Palmer trusigini tortib qo‘ydi. Bir necha daqiqadan keyin u oshxonaga
kirgan edi, qarasa, u yerda hech kim yo‘q ekan, dasturxon yozilmagan. U oshxonaga bordi. Ola-bula
guldor qaviqli xalatida missis Keyj choynakka sovuq suv to‘ldirayotgandi.
— Salom. Missis Palmer qani?
Birmuncha muddat hech nima deb javob bermay, oshxona bekasi unga qarab turdi.
— Tepada. Nima, soatim orqadamikan? Meniki yetti yarim bo‘ldi.
Palmer o‘zining soatiga qaradi.
— To‘g‘ri.
— Bugun erta turibsiz, — dedi ayol, — salom.
Oshxonadan chiqib ketar ekan, Palmer jiddiy jilmayib qo‘ydi. Odatdagidan erta turganim ham hech
nimani anglatmaydi, o‘ziga tasalli berdi u. U uzun egma zinapoyalardan katta eshik oldiga tushib
bordi-da, eshikni ochdi. Eshik va devor oralig‘idagi bo‘shliqqa ko‘zdan yashirin tashlab qo‘yilgan
gazetalarni paypaslab topguncha shamolsiz qish tongining kuchli izg‘irini baribir badanini teshib
yuborgudek bo‘ldi. Gazetalarni topib ichkariga shoshildi va yana zinadan ko‘tarilib, “Tayms”dagi
Olbani xabarini o‘qishga tutindi. Aftidan, ayni vaqtda u yerda bahsli qonun loyihalari haddan tashqari
ko‘p edi, ammo bo‘limlar haqidagi qonun loyihalari haqida esa bir og‘iz ham gap yo‘q edi.
Palmer “Gerld tribyun” hisobotini mutolaa qilgancha birinchi qavat maydonchasida turar edi. O’z
odati bo‘yicha Olbanidagi voqealarni o‘zaro bo‘lashib, gazetalar ikkita maqola berar edilar. Biri
dalillarni xabar qilsa, ikkinchisi bu voqealar rivojini sharhlar edi. Har doimgidek, gapning tagiga yetish
uchun har ikkala maqolani yodlab olish zaruratidan xayol g‘ijinish his etardi. Shunday bo‘lsa-da,
voqealarni tanqid etayotgan maqola tagida mayda harflar bilan pot pourri qisqa xabarlarga ko‘zi
tushdi. Ularda turli mish-mishlar bayon etilgandi.
“Manba katta ham, kichik ham emas, Viktor S., Katta Vik esa ittifoqdoshlariga omonat banklari
bo‘limlari haqidagi qonun loyihasi munosabati bilan Tammanining mustahkam muxolifatida
parokandalik haqidagi mish-mishlarda zarracha haqiqat yo‘q. Uning mavjud holatidan ancha ko‘ngli
to‘q bo‘lib ko‘rinuvchi atter ego, publitsist Mak Berns shtatning g‘arbiy okruglari bo‘ylab kichikroq
sayohat qilmoqda”.
Palmer titrab ketdi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |