www.ziyouz.com kutubxonasi
30
— Azizim, mana, o‘n besh daqiqa bo‘layaptiki, biz hamkorlik qilayapmiz.
Palmer kulimsiradi.
— Agar shu ish deb atalsa, demak meni ko‘p yillardan beri ahmoq qilib kelishayotgan ekan-da.
Hozir biz nima qilayapmiz o‘zi?
— O’zimizni sharhlashga imkon berayapmiz, — tushuntirdi Berns. — Birgalikda. Aynan kerak joyda.
Aynan kimlarga kerak bo‘lsak, o‘shalarga. Bu menga Gollivuddagi dastlabki qadamlarimni eslatayapti.
Endi esa atrofga alanglamaslikka harakat qiling. Zalning burchagidagi stol yonida bir odam o‘tiribdi. U
nonushtasini tamaddi qilib bo‘ldi. Bir daqiqadan so‘ng u o‘rnidan turib eshikka qarab yuradi va o‘tib
ketayotib, siz bilan salomlashish uchun qarshingizda to‘xtaydi. Uning ismining ahamiyati yo‘q. Lekin u
bir necha nufuzli jurnalistlar xizmatidagi ayg‘oqchi. Biroq, uni stolimizga bir qadah konyak ichishga
taklif qilishga arzimaydi. Uning birdan-bir vazifasi shundan iboratki, siz bilan bir stol tevaragida o‘tirib
suhbatlashganimizni qayd etib, tegishli joyga yetkazishdir.
— Bizning bu yerda o‘tirishimizning nima ahamiyati bor?
— Mak Berns bilan bu yerga tamaddi qilgani kelgan har qanday odam gazeta maqolasi uchun
mavzu bo‘lishi mumkin. Bu odam reklama doirasining oddiy vakili, arzon shov-shuvlar bilan
shug‘ullanadi. Bundan yigirma yil muqaddam men ham shunday boshlagan edim. U shahar bo‘ylab
izg‘ib yuradi, qandaydir voqeadan xabar topib, jurnalistlarga yetkazadi.
— Birgalikda jurnalistlarga ko‘rinsak, qaytaga yaxshi bo‘lmasmidi?
— Unday qilish yaramaydi, — dedi Berns astagina boshini silkib. — Vudi, men, albatta bank
sohasida hali ko‘p narsani o‘rganishim kerak, lekin siz matbuot va reklama masalasida yaxshiroq
shug‘ullanishingiz lozim. Mavzu va mazmunni jurnalistga tiqishtirish mumkinmas. U o‘z-o‘zidan bunda
bir gap bor deb shubhalanib qoladi. Bu mavzu ularning qulog‘iga chalinishi kerak. Shundagina ular
oldingizga yugurib kelishadi. Gap nimadaligini o‘zlari qidirib, aniqlashlari darkor. Zero, shundagina u
o‘zini nimanidir sezgandek his qiladi. Shundagina unda bu aynan shunday ekan degan ishonch
tug‘iladi. Va shundagina u o‘zi maqolasini dadil chop ettiradi. — Bernsning qo‘li stol ustidan cho‘zilib,
Palmerning qo‘liga tegindi.
— Diqqat. Ana, u o‘rnidan turayapti. U yaqinlashganida, o‘zingizni uni ko‘rmayotganlikka soling.
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas ular tomonga bir semiz kishi kela boshladi. Ularning stoliga ro‘baro‘
bo‘lgach, to‘xtab, sassiz salomlashdi. Berns unga soxta hayrat bilan qaradi va shu zahoti tirjayib,
iltifot ko‘rsatdi:
— I-e, senmisan? Salom, og‘ayni Len.
Haligi kishi ularga yaqinlashdi, gupillab sharob hidi urildi.
— Mekki, qadrdonim, Wie geth’s1?
— Hamon o‘sha — eski hammom, eski tos.
— Ko‘p tushirayapsanmi?
Berns zaharxanda jilmaydi:
— Senga ko‘p bo‘lib ko‘rinsa kerak.
Len tushunganday kulib, Palmerga o‘girildi.
— Len Bennon, — o‘zini tanishtirda qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lib.
Palmer uning nigohidan ko‘zini olib qochib, bosh irg‘adi.
— Bu Vudi Palmer. Tanishinglar, — dedi Berns. — Lekin uni bu yerda ko‘rganingni unut, Lenni,
og‘ayni.
Lennining ko‘zlari olaydi.
— Nima, jiddiy gapmi?
Berns boshini chayqab, jilmaydi:
— Len, azizim, sen xafa bo‘lmagin-u, hamma narsani tushunaverish sening miyador kallangga ham
og‘irlik qiladi.
— O key, Mekki, mayli sen aytganday bo‘lsin. Seid gesund2.
Len Bernsga qo‘lini cho‘zdi, uning qo‘lini qisib qo‘ydi-da, eshikka shoshildi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |