www.ziyouz.com kutubxonasi
33
cho‘qishtirish uchun stol osha cho‘zildi.
— Endi qadah so‘zi aytaylik, — dedi u, og‘zining burchaklarida nimadir titraganday bo‘ldi. — Men
sog‘liq, boylik, do‘stlar yoki pul uchun qadah ko‘tarishni taklif qilolmayman. Bularning barchasi sizda
bor.
— Qadah so‘zi aytmasdan ham ichish mumkin, — dedi Palmer, haligacha Berkxardt va Edisga
jahlidan tushmasdan.
— Do‘sting bilan birinchi marta ichayotgan bo‘lsang, qadah so‘zi aytmasdan bo‘lmaydi, — turib oldi
Berns. — Shunday qilib, nima uchun ichamiz? Biz ushbu ishimizni boshlab yuborgach, bunaqa
bemalol ovqatlanish imkoniyati bo‘lishi dargumon.
— Unda, keling, sizning ignatugmangizga yana bitta olmos qo‘shaylik, — dedi Palmer, achitib uzib
olmoqdan o‘zini tiyolmay. — Donolik uchun icha qolmaymizmi?
— Pul va do‘stlar bo‘lgan taqdirda donolikning nima keragi bor? — so‘radi Berns va o‘zi javob qildi.
— Yo‘q.
Bernsning qisqa javobi havoda bir necha soniya turdi, keyin Bernsning sarg‘ish ko‘zlari suzildi.
— Kel, yaxshisi, haligi... muhabbat uchun ichaylik.
Ular bir-birlarini ehtiyotkorlik bilan kuzatib, o‘z qadahlarini asta-sekin, qultum-baqultum
bo‘shatdilar.
Yettinchi bob
Bernsdan ajralib ketish unchalik oson emasdi. To‘g‘ri, Palmer tamaddini ikki yarimga tugallashga
muvaffaq bo‘ldi. Lekin Berns Palmerdan u bilan reklama agentligiga borishni so‘radi. U shu agentlikda
jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqarardi. Palmer bu taklifga chap berishga erishdi, lekin
buning o‘rniga Berns undan kechqurun birga ovqatlanish va’dasini oldi.
Berns uni taksida olib borishni taklif etdi, lekin Palmer piyoda yurgisi kelayotganini aytdi va nihoyat
u bilan xayrlashdi. Palmerning eng avval qilgan ishi shu bo‘ldiki, avtomatdan Berkxardtga telefon
qildi. Unga Berkxardt Beshinchi avenyudagi idoradan ketganini aytishdi. U bankning Bruklin va
Kuinsdagi filiallarida ish qanday borayotgani bilan tanishmoqchi ekan. Palmerga Berkxardt bilan
bog‘lanishning imkoni yo‘qligini aytishdi. Soat besh yarimlarda qaytib kelishi kutilmoqda ekan.
— Sizni bu yerda qachon kutsa bo‘ladi? — so‘radi telefonda gapirayotgan qiz. — Gap shundaki,
interer bo‘yicha bizning bezakchimiz sizni ko‘rmoqchi emish.
— Qanaqa bezakchi? — hayron bo‘ldi Palmer, lekin uning avtomatdagi vaqti tugadi va u
cho‘ntagini titib chaqa qidira boshladi. — Nima dedingiz? — deb so‘radi u nihoyat.
— Janob Berkxardt siz biror tuzatish kiritasizmi, deb o‘ylovdilar. Bu sizning ishlaydigan xonangiz
xususida. Shuning uchun biz bezakchi rassomni chaqirtirdik. U sizning ko‘rsatmalaringizni kutmoqda.
Rassom kunning ikkinchi yarmida istagan paytingizda siz bilan uchrashishga tayyor.
Palmer soatiga qaradi:
— Hozir soat uch. Unga ayting, soat to‘rtga kirsin. Chorak kam to‘rtda esa bizning reklama va
matbuot bilan aloqa bo‘yicha vakilimizni ko‘rmoqchiman.
— Miss Kleri, — dedi telefondagi qiz.
— Kechirasiz, nima dedingiz?
— Miss Kleri bizda reklama va axborot masalalari bilan shug‘ullanadi. Miss Virjiniya Kleri.
Palmer xo‘rsindi:
— Yaxshi. O’sha Virjiniya Kleri chorak kam to‘rtda huzurimga kirsin.
— Tashakkur, mister Palmer. Bor gap shumi?
— Ha, bor gap shu.
— Unda yaxshi qoling, mister Palmer.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |