www.ziyouz.com kutubxonasi
306
sezgandirsiz?
Badavniyning rangi qo‘rquvdan oqardi. Nahotki Akbar uning yashirin yozuvlaridan xabar
topgan bo‘lsa? Badavniy qo‘l qovushtirib o‘rnidan turdi:
— Hazratim, faqir nonimni halol qilib yeyish uchun jon-jahdim bilan tarjima
qilmoqdamen. «Ramayana» bilan «Mahabxorat»ni forsiycha aruzda yozganim sari bu
dostonlarning she’riy qudrati meni sehrlab olayotgani rost. Hatto hindlarning imon-u
e’tiqodi dilimga yo‘l topib kelgandek bo‘lur. Islomga xiyonat qilgan kabi seskanib
keturmen!
— Agar barcha e’tiqodlarni barobar bilganingizda bunday seskanmas edingiz.
Nazarimda, sulhi kull hali dilingizda qaror topgan emas.
Akbarning bu so‘zlari Badavniyga «begonasen!» degandek eshitildi:
— Hazratim, faqir sulhi kullni tan olganim uchun hind dostonlarini tarjima etmoqdamen-
ku! Nahotki, faqirni hamon begonalar qatoriga qo‘shsangiz?!
— Biz emas, o‘zingiz o‘zingizni begona ko‘rsatmoqdasiz...
Badavniy yana xavotirga tushdi:
— Meni afv eting, faqir qachon o‘zimni begona ko‘rsatibmen?..
— Mana hozir ham... — Akbar davradagilarni bir-bir ko‘rsatdi. — Hech kim soqol qo‘ygan
emas. Faqat siz bizdan norozi shayx-u imomlar kabi uzun soqol bilan yuribsiz!
Chindan, Akbarning o‘zi soqol qo‘ygan emas, faqat mo‘ylovi bor. Abulfazl ham, Birbal
ham, yangi e’tiqod tarafdori bo‘lgan boshqa kishilar ham ilgarigi uzun soqollarini oldirib
tashlaganlar, faqat mo‘ylovlarini qoldirganlar. Hozir Akbar tarafdorlarini shundan ham
tanib olish mumkin. Lekin eski musulmonchilik tarafdori bo‘lganlar soqolni «mo‘yi
muborak» deb ulug‘lashar, «uni oldirganlar dahriylar yo‘liga kirgay!» deb tahdid
qilishardi. Badavniy shu tahdiddan qo‘rqqani uchun oq oralagan chiroyli soqolini
haligacha oldirmay yurar edi. Biroq hozir Akbar uni begonalar qatoriga qo‘shgani narigi
tahdiddan xatarliroq tuyuldi. Kechalari yashirincha yozayotgan asari va unda Akbarning
aybini fosh etayotgani yodiga tushdi. Podshoning xufiyalari bor. Agar ularga buyurilsa,
Badavniyning uyini yashiriqcha tintib maxfiy yozuvlarni qo‘lga tushirishlari hech gap
emas. Keyin Badavniyning barcha orzu-umidlari puchga chiqadi! Undan ko‘ra Badavniy
ham Akbarga o‘zini sodiq ko‘rsatib, soqolini oldirib tashlay qolgani afzal emasmi? Yaxshi
kunlar kelganda yana soqol qo‘yishi mumkin-ku!
Shu fikr bilan Badavniy kelgusi hafta Akbar kutubxonaga keladigan paytgacha soqolini
oldirib, uning sodiq tarafdorlari qiyofasiga kirdi. Akbar kulimsirab:
— Jasorat ko‘rgazibsiz, mavlono! — dedi va sarmunshi Naqibxonga buyurdi: — Hijriy
ming yillikka* atab tayyorlanayotgan «Tarixi alfa»dan bir bobini yozish mavlono
Badavniyga topshirilsin!
«Tarixi alfa» — ming yilning tarixi degan ma’noni bildirardi. Shu ming yildan ikki asrlik
davr tarixini yozish Badavniyga topshirildi va bu ishga yarasha durustgina maosh ham
belgilandi. Badavniy bundan juda mamnun bo‘ldi-yu, lekin soqol oldirgani tufayli ilgarigi
maslakdosh do‘stlaridan ko‘p ta’nalar, istehzolar eshitdi. Islomga sadoqat saqlab soqolini
oldirmay yurgan shayxlar Badavniyni sotqin hisoblab, undan o‘zlarini olib qochadigan
bo‘ldilar. Badavniy esa oynaga qaragisi kelmay qoldi. Chunki ilgarigi bo‘liq soqoli
ingichka xunuk iyagini bekitib, uni o‘ziga ham chiroyli va salobatli ko‘rsatardi. Hozir
oynaga qarasa, yuzi sichqonnikiday farishtasiz tuyulib, ta’bini tirriq qiladi. Buning ustiga
Badavniy kutubxonada o‘ltirib tarjima qilayotgan hind dostonining g‘ayridinlarga xos
ta’siri uni dahriy qilib qo‘yayotganday bo‘ladi. U xudoning g‘azabidan qo‘rqadi, dilini
gunohlardan poklash uchun kechqurun uyga qaytganda yaxshilab tahorat qiladi, namoz
o‘qiydi, so‘ng Qur’on suralaridan dilimga yaqin tuyulganlarini toza oq qog‘ozga
xattotlarcha chiroyli harflar bilan ko‘chirishga tushadi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |