www.ziyouz.com kutubxonasi
339
lohdan boshqa iloha yo‘qdir» degan ma’noni bildiradir-ku. Biz boshqa dinlar, boshqa
xudolarni tan olsak, Allohning irodasiga qarshi borgan bo‘lmaymizmi?
— Yo‘q! Chunki men oltin ashrafiylarimga «Allohu akbar» iborasini zarb ettirganmen.
Dini ilohiy «Alloh ulug‘dir» degan shu e’tiqodga asoslanmishdir. Manfaatparast ulamolar-
u, zolim hukmdorlar kalimayi shahodatni tor mahalliy ma’noda talqin qilib, diniy
bosqinchiliklarga yo‘l ochib bermishlar. Ular «Allohdan boshqa iloha yo‘q» degan iborani
«Boshqa xalqlarning ilohalari qalbaki, dinlari yolg‘on, shuning uchun biz g‘ayridinlarni qul
qilishga haqlimiz, ulardan jizya solig‘i olib boyishimiz kerak!» degan ma’noda
tushuntirib, badnafs tamagirlarni rag‘batlantirdi. Bunday zo‘ravonliklar islom olamini
boshqa xalqlarga yomon ko‘rsatdi, uning dunyodagi mavqeyini pasaytirdi.
— Lekin boshqa dinlar islomni tan olmasa, biz ular bilan nechuk inoqlashgaymiz, hazrat
otajon?
— Islomni tan olmasa, Xudoni tan olgay-ku. Axir Xudo demagan biror din bormi?
Qochgan ham Xudo deydir, quvgan ham! Xudo bitta, faqat turli qavmlar uni turli nomlar
bilan ataydilar, unga turfa sifatlar berurlar. Bu xilma-xillik — muqaddas yuksaklikka olib
boruvchi yo‘llarning bir-biriga o‘xshamasligidan dalolat berur. Ammo inson zotining eng
muqaddas tuyg‘ulari axir oqibatda yuksak bir haqiqat mehvariga yig‘ilgusidir. Men bunga
imon keltirurmen, chunki barcha ellar bir quyosh ostida, bitta zaminda yashamoqdalar.
Insoniyat ulg‘aygan sari imon-u e’tiqod yo‘llari tobora baland ko‘tarilib bormoqda. Men
sizga tog‘ yonbag‘rlarining bir cho‘qqi ustida birlashib ketishini avval ham misol qilib
aytgan edim. O‘shal cho‘qqini siz ham hozir tasavvur ko‘zi bilan ko‘rsangiz bo‘lur.
Qarama-qarshi tomonlardan toqqa qadam qo‘ygan turli din vakillari bir-birlarini
ko‘rmagan-bilmagan paytlarda har qancha yovlashgan bo‘lsalar ham, eng baland ilohiy
nuqtaga chiqqanlarida ko‘zlagan maqsadlari-yu, intilgan manzillari yagona ekaniga amin
bo‘lurlar. Muqaddas tuyg‘ularimiz oliy yuksaklikda bir-biriga tutashganda biz hammamiz
odamzodning taqdiri ham, parvardigori ham yagona ekaniga ishongaymiz. O‘shanda
ayturmiz: «dunyoda bizdan boshqa insoniyat yo‘qdir, yagona parvardigordan boshqa
iloha yo‘qdir». «Lo iloho illollohu»ni mana shunday umuminsoniy miqyosda tushunsangiz
dini ilohiy dilingizga yo‘l topgay, o‘g‘lim!
Salim bir lahza otasining mantiq kuchiga tan berib, uning haqligiga imon keltirishga
chog‘landi... Ammo birdan Farid Buxoriy kabi eski musulmonobod tarafdorlari esiga
tushdi. Ular ming-ming, hammasi Salimdan najot kutadi, unga umid ko‘zini tikadi.
Nahotki Salim birdan shuncha odamni noumid qilib, imon-u e’tiqodini o‘zgartirsa?
«Buning oqibati yomon bo‘lg‘ay» dedi unga ichki bir ovoz.
Salim otasi oldida majolsiz bosh egdi-yu:
— Hazratim. Siz aytgan oliy yuksaklikka ko‘tarilish bugundan boshlab mening ezgu-
niyyatimga aylangay. Ammo hozir hibsdan keyingi darmonsizlik tufaylimi... dilim
allanarsadan xavotir bo‘lmoqda...
Akbar xotinlariga qaradi.
— Nelar sizni xavotir qilmoqda, bolam? — deb Salima begim Salimga mehribon ko‘zlarini
tikdi: — Biz sizning xavotiringizga ham sherikmiz. Dilingizdagi g‘uborni ota-ona mehri
bilan yuvsangiz yengil tortgaysiz... Ochiq so‘zlang!
— Rost, sizlarning mehringiz menga shifodir... Xavotirim shulki, — deb Salim Farid
Buxoriyning Kobulda aytgan so‘zlarini esladi: — Dunyoda g‘ayridinlar bizdan ko‘proqdir.
Dinlar qo‘shilsa islom suyulib, mavqeyimiz pasayib ketmagaymi? Biz g‘ayridinlar
ummonida o‘zligimizni qanday saqlagaymiz?
Akbar og‘ir tin oldi-yu, Salima begimga «javob bering!» degandek ishora qildi.
— Amirzodam, hazrat otangiz dini ilohiyni e’lon qilganlariga yigirma yildan oshdi.
Shundan beri mavqeyimiz pasaydimi, yoki ko‘tarildimi?
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |