www.ziyouz.com kutubxonasi
337
Shuncha yomonlik qilganingiz ozmidiki, mana bu tangalardan mening nomimni olib
tashlabsiz!
Akbar zarbof ko‘rpacha tagidan bir siqim oltin tangani olib o‘g‘lining ustiga sochib
yubordi:
— Men ellik yil jon chekib, amalga oshirgan nek ishlarni nahotki tilab olgan o‘g‘lim
shunchalik noinsoflarcha barbod qilsa?! Yana buning ustiga Abulfazldek eng suyangan
do‘stimning boshiga yetsa?!
Salim so‘nggi gapdan dir-dir titray boshladi. Akbar uning gunohkorligini shundan ham
sezdi-da, qattiq qarsak chaldi. Eshik ortida turgan ikkita devqomat yigit tez kirib
kelishdi.
— Oling buni! — deb Akbar yigitlarga buyurdi: — G‘uslxonaga eltib hibs qiling! Jazosini
tortsin!
Tanasi lattaday bo‘shashib qolgan Salimni xizmatkorlar ikki qo‘ltig‘idan olishdi, qasrning
bir chetidagi g‘uslxonaga olib borib, qamab qo‘yishdi.
Podshoh oilasining cho‘miladigan joyi bo‘lgan g‘uslxonaning ichi nam, derazasi yo‘q.
Devorlari marmardan, oyoq ostilariga rangli toshlarni chiroyli qilib terib sangfarsh
qilishgan. Dam oladigan xonasiga xushbo‘y atirlar sepilgan, guldor gilam va kimxob
ko‘rpachalar to‘shalgan. Lekin hozir yomg‘ir fasli, buning ustiga g‘uslxona o‘zi nam,
hamma narsa zax tortib qolgan. Sochiqlarning ho‘li qurimagan. Odamlar badanlarining
kirlarini yuvgan shu joyda kecha-yu kunduz qamalib o‘ltirish ta’bi nozik shahzoda uchun
chidab bo‘lmas qiynoqqa aylanib ketdi.
Akbar ichkariga hech kimni, hatto onalarni ham kiritmaslikni, suv-nondan boshqa hech
narsa bermaslikni buyurdi. Soqchilar bu buyruqni qattiq turib bajara boshlashdi.
Mudom sarxil ovqatlar yeydigan, har kuni kechki payt xushbo‘y chog‘ir ichib turadigan,
ikki-uch kunda bir afyun qo‘shilgan ma’jun yeb, kayf qilishga o‘rgangan Salim to‘qqiz
kun non-suv bilan zax g‘uslxonada o‘ltirgach, badanlari tirishib, o‘ladigan holatga keldi.
Eshiklarni taqillatib dod soldi:
— Men kasalmen! Oching! Chog‘ir bering! Bas! Bo‘shating meni! Bo‘shating!
O‘g‘lini ko‘rishga kelgan, lekin ichkariga kirolmayotgan Rani Jodha Bay yig‘lab gapirdi:
— Men ne qilay, bolam? Otangiz qahridan tushmayaptilar!
— Meni Murodga o‘xshatib o‘ldirmoqchimilar?! Badanim tirishib qolyapti! Chog‘ir
bersinlar, bir xumordan chiqay! Bo‘lmasa o‘lamen!
Maryami Zamon Akbarning oldiga bordi:
— Shafqat qiling! Meni ham farzand dog‘iga giriftor etmang!
— Qo‘rqmang, Maryami Zamon. Chog‘ir so‘ragan bo‘lsa hali dami baland. Yotsin o‘sha
joyda! Tavbasiga tayansin!
O‘ninchi kuni Salim yana eshikni taqillatib dod sola boshladi. Goh afyunni ko‘p yeb,
ostonaga bosh qo‘yganicha abadiy uyquga ketgan birinchi xotini Man Bay, goh
Abulfazlning kesilgan boshi uning ko‘ziga ko‘rinib ketardi. G‘uslxonada qandaydir
dahshatli sharpalar uni quvib yurganday bo‘lardi. U jinnilarcha baqirib, ho‘ngrab yig‘ladi:
— Bo‘shatinglar meni! Ko‘zimga arvohlar ko‘rinmoqda! Jinni bo‘lishimni istaysenlarmi?!
Ochinglar!
Bu gal yopiq eshikning oldiga Jodha Bay bilan birga Salima begim ham keldi.
— Men bir bor elchi bo‘lib oraga tushgan edim, bolam! — dedi Salima begim. —
Sarkashlik qildingiz! Nechun chog‘ir so‘raysiz? Shafoat so‘rang! Bir og‘iz «tavba qildim»
deng!
Holdan toygan Salim zaif tovush bilan:
— Xo‘p, onajonlar, menga shafe bo‘linglar!.. — dedi. — Meni otamning oldiga olib
borsinlar!.. Afv so‘ray!..
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |