9-mavzu: Navoiy yodnomalari – memuar janrining yuksak namunasi sifatida
Reja:
1.Yodnomalar – memuar janrining yuksak namunasi sifatida.
2.“Xamsat ul-mutahayyirin”asarining mndarijasi. Asarda Jomiy timsoli.
3.“Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” asarlari
Tarixiy shaxslar talqini
Shunday asarlardan biri Navoiyning piri, ustozi Abdurahmon Jomiy xotirasiga bag‘ishlangan “Xamsatu-l-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asari hisoblanadi. Muallif kirish qismida asar mundarijasini keltiradi. Unga ko‘ra, mazkur asar muqaddima, uch maqolat va xotimadan iborat. Asar muqaddimasida Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiyning nasl-nasabi, bolaligi, umr yo‘li haqida to‘xtaladi. Shuningdek, Jomiyning xizmatiga qachon kelganligi haqida ham xabar beradi. Shoir muqaddimada Abdurahmon Jomiyning bolaligi haqida hikoya qilish asnosida qiziq voqeani keltiradi. Bir kuni zamonasining piri murshidlaridan hisoblanmish Faxriddin Luristoniy Jom viloyatiga – Abdurahmon Jomiyning uylariga keladi. O‘sha paytlarda to‘rt-besh yoshlar atrofida bo‘lgan Abdurahmon juda sezgirlik bilan ulug‘ murshidning harakatlarini kuzatadi va shayx barmoqlari bilan “Umar” va “Ali” so‘zlarini havoga yozsa, ilg‘ab olib, o‘qib beradi. Buni ko‘rib, Faxriddin Luristoniy boladagi ziyraklikdan hayratga tushadi. Hazrat Navoiy Jomiyning umr yo‘li bilan bog‘liq ma’lumotlarni keltirib, ustozining Shohrux Mirzo zamonidan Abusaid zamonigacha Hirot shahrida yashaganligini aytadi. So‘ng avliyo Sa’diddin Koshg‘ariy mozori qoshida maskan tutadi. Shundan so‘ng umrining oxirgacha shu yerda yashaydi. Asarning ikkinchi qismi “Avvalg‘i maqolot” deb atalib, hazrat Navoiy o‘zi va ustozi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qiziq va ibratli voqealar, ma’naviy suhbatlar xususida ma’lumot beradi. Mazkur qismda Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ishtirokidagi o‘n to‘rt voqea keltirilgan. Ularning barchasi turli vaqt va holatlarda ro‘y bergan bo‘lsa-da, ustoz va shogirdning, balki ikki do‘stning mehru muhabbati, sadoqati, hamfikrliligi haqidagi xulosalarni beradi. Masalan, Navoiy keltirgan voqealardan birida kotib Abdullohning Alisher Navoiyga shayx Xoja Abdulloh Ansoriyning “Ilohiynoma” kitobini ko‘chirib keltirganligi qalamga olinadi. Kotib kitobni tashlab ketgach, Alisher Navoiy bir varaqlab ko‘rish bahonasida ikki qismdan iborat yirik asarni bir o‘tirishda o‘qib tugatib qo‘yadi. Ertasi kuni kotib Abdulloh shoirdan kitobni qaytarishini yoki haqini to‘lashini so‘raydi. Shunda atrofdagilar unga Alisher Navoiy kitobni qo‘liga olib, bir zarb bilan o‘qib tugatganligini aytadilar. Hayratga tushgan kotib: “Kecha kitobni hazrati Maxdumi Nuran – Abdurahmon Jomiyga ham eltib edim, ul zot ham xuddi shu tarzda uni xatm qilib edilar”, - deydi.
Shuningdek, yana bir qiziq voqea keltiriladi: Bir majlisda Udiy ismli hofiz Xoja Hasan Dehlaviyning g‘azalini kuylaydi. Shunda g‘azalning
Misoli qatri boron sirishki man ham dur shud,
Chunin asar dihad, alhaq, tului chun tu suhayle
“Mening yomg‘ir tomchisi kabi ko‘zyoshlarim injuga aylandi, haqiqatan, sening suhayl yulduziday chiqishing shunday ta’sirlantiradi” baytiga kelganda majlis ahli misradagi “dur” so‘zidan ko‘ra ko‘zyoshni qonga o‘xshatilganligi badiiy ta’sirchanlikni oshiradi, deyishadi. Hamma shunday fikr aytib, Navoiydan ham fikr so‘raydilar. Shoir g‘azaldagi ifodaning o‘zi chiroyli, lekin buni isbotlab berolmayman, kelinglar, bir kishini hakam qilamiz, u to‘g‘ri fikrni aytsin, garov o‘ynaymiz, deydi. Hamma rozi bo‘ladi va g‘azal bayti Abdurahmon Jomiyga yuboriladi. Baytdagi “dur” yoki “xun” (“qon”) so‘zlarining qaysi biri ma’qul ekanligini so‘rashadi. Shunda Jomiy: Suxan durr astu taalluq bu go‘shi shah dorad –
“So‘z – dur, shohning qulog‘iga tegishli” mazmunidaga bir misrani bitib yuboradi. Davra ahli javobning nozik va qisqaligidan, Navoiy va Jomiyning shu qadar hamfikr ekanligidan hayratga tushadilar. Bu voqea butun Hirotga tarqalib ketadi, majlislarda uzoq vaqt aytib yuriladi.
Yana bir voqeada bir qurilishga sarv daraxtlari kesilib olib ketilayotgani bilan bog‘liq holat tilga olingan. Aravada qurilishga sarv daraxtlarini olib ketilayotganini ko‘rgan Jomiy aravakashdan sarv daraxt qoldimi, nechta yog‘och olib ketyapman, deb mutoyiba bilan savol bersa, bir yuz to‘rtta deydi. Navoiy adad, axir, sarv yorning qaddiga qiyosdir, “qad” so‘zining adadi ham bir yuz to‘rtdir deydi. Jomiy Navoiyning zakovatiga qoyil qoladi.
Asarning ikkinchi maqolati Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy bir-biriga yozgan xatlari xususida. Bu maktublar Jomiy ham, Navoiyning ham ba’zi asarlari tarkibishga kiritilgan. Aynan shu qismda Alisher Navoiy o‘zining “Tuhfatu-l-afkor” qasidasining yozilishi tarixiga ham to‘xtalib o‘tadi. Maqolatda yozilishicha, bir kuni Alisher Navoiy va Jomiy suhbatlashib o‘tirganlarida Xusrav Dehlaviyning “Daryoyi abror” qasidasidan so‘z ketadi. So‘z asnosida Navoiy Xusrav Dehlaviyning “Agar aflok havodisi va ro‘zigor navoyibidin mening borcha nazmim zamona sahifasidan mahv bo‘lsa va bu qasidam qolsa, meng basdir, nevchunkim, har kishi ani o‘qisa bilurkim, nazm mulkida mening tasarruf va iqtidorim ne martabada erkandur” mazmunidagi faxriyasini eslab o‘tadi. Biroz vaqt o‘tib Jomiy Margva ravona bo‘ladi. Hazrat Navoiy Jomiy huzuriga borganida Jomiy “Daryoyi abror”ga tatabbu tarzida yozilgan “Lujjatu-l-asror” qasidasini Navoiy e’tiboriga havol qiladi. Navoiy qasidani o‘qib, g‘oyat ta’sirlanganligidan yo‘lda bu qasidaga tatabbu tarzida matla’ni bitib, agar Jomiyga ma’qul kelsa, uni davom ettirishi mumkinligini aytadi. Jomiyga bu matla’ ma’qul kelib, uni yakunlashga Navoiyni ilhomlantiradi. “Uchinchi maqolat”da Jomiy yaratgan asarlar ta’rifiga bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur faslni jomiyshunoslikning poydevori deb aytish mumkin. Unda Navoiy Jomiyning 38 asarining nomini keltirgan. “Xotima”da Navoiy ustozi Jomiy huzurida o‘qigan asarlari ro‘yxatini keltiradi. Bu asarlarning ba’zilari Abdurahmon Jomiy qalamiga mansub bo‘lsa (“Risolai qofiya”, “Risolai muammo”ning ikkinchi daftari, “Risolai aruz”, “Lavoeh” (“Yaltiroqliklar”), “Lavome’” (“Ravshanliklar”), “Sharhi ruboiyyot”, “Nafahotu-l-uns” (“Do‘stlik tarovati”), “Ashi’atu-l-lamaot” (“Porloq shu’lalar”), “Shavohidu-n-nubuvvat” (“Payg‘ambarlik shohidlari”), “Haft avrang”), qolganlari Xoja Muhammad Porsoning “Qudsiya”, Faxriddin Iroqiyning “Lamaot”, Xoja Ubaydulloh Ahrorning faqr va fano to‘g‘risidagi risolalari, Abdulloh Ansoriyning “Ilohiynoma” asari va boshqalar edi. Shuningdek, xotimada Jomiyning xastaligi, vafoti, davn qilinish tafsilotlari ham keltirib o‘tiladi. Abdurahmon Jomiy vafotidan bir yil keyin Navoiy ustozi qabri ustiga katta maqbara qurdiradi, Sulton Husayn Boyqaro ishtirokida katta marosim o‘tkazib, bu marosimda o‘zining vafotiga bag‘ishlab yozgan ta’rix va marsiyasini o‘z davrining mashhur notig‘i Mavlono Husayn Voiz Koshifiyga o‘qittiradi. Mazkur marsiya keyinchalik “Devoni Foniy” tarkibidan o‘rin olgan. “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” manoqibi Sayyid Hasan Ardasher vafotidan ikki yil keyin – 1490-91 yillarda yaratilgan. Alisher Navoiy Sayyid Hasan Ardasher bilan birinchi marta hijriy 860 yil – milodiy 1455-56 yillarda Sulton Ibrohim Mirzo taxtga o‘tirgan yili uchrashib, tanishgan. Buyuk shoirning bu zotga alohida hurmat va ehtirom bilan qaraganligini yigitlik davrida unga bag‘ishlab she’riy maktub – masnaviy bitganligi, uning nomini “Majolisu-n-nafois”, “Nasoyimu-l-muhabbat” asarlariga kiritganligi, “Xazoyinu-l-maoniy”dagi tarkibband-marsiyani buyuk zot vafotiga bag‘ishlaganligi, “Soqiynoma”da uning nomini alohida eslab o‘tganligi ham ko‘rsatadi. Navoiy bu zotning sarf (morfologiya), nahv (sintaksis), lug‘at, arab tili, mantiq, kalom (e’tiqod ilmi), fiqh (islom huquqshunosligi), hadis, tafsir (Qur’on oyatlari sharhi), muammo va ta’rix ilmi, nujum ilmi (astronomiya), advor (musiqa nazariyasi) sohalarida mukammal bilimga ega bo‘lsa-da, g‘oyat kamtarlik va odob yuzasidan majlislarda sukut saqlab o‘tirishlarini chuqur hurmat bilan qayd etadi. Sayyid Hasan Ardasher Lutfiy, Atoiy, Muqimiy, Navoiy, forsigo‘y ijodkorlardan Xoja Hofiz Sheroziy, Sa’diy Sheroziy, Farididdin Attor asarlarini sevib mutolaa qilgan. Ayniqsa, hazrat Navoiyning quyidagi baytlarini takrorlab yurishni xush ko‘rgan:
Furqatingdin za’faron uzra to‘karmen lolalar,
Lolalar ermaski, bag‘rimdin erur pargolalar...
Ul parivashkim, bo‘lubmen zoru sargardo anga,
Ishqdin olam manga hayronu men hayron anga.
Navoiy bu zotni rindlar shohi deb atar ekan, Sayyid Hasan Ardasher saxovat, shafqat, lutfu tavoze, odob, hilm (yumshoq tabiatlilik), tahammul (sabrlilik), dunyoga befarqlik kabi boshqa hamma rindlarga ham nasib etavermaydigan ko‘plab nodir fazilatlar egasi bo‘lganligini ta’kidlaydi. Sayyid Hasan Ardasherning bu kabi fazilatlarini Navoiy bir necha voqealar misolida isbotlab beradi. Masalan, Sulton Husayn Boyqaro ham Sayyid Hasan Ardasherning juda chuqur hurmat qilib, saroyda vazir sifatida o‘z yonida bo‘lishini istagan. Biroq “rindlar shohi” bo‘lgan Sayyid Hasan Ardasher rozilik bermaydi va shohning ra’yini qaytarmaslik uchun lashkarda oddiy navkar bo‘lib ikki yil xizmat qiladi. Lekin sulton bu bilan u zotga zulm qilayotganligini anglaydi va xizmatdan ozod qiladi. Husayn Boyqaro o‘z farzandlariga Sayyid Hasan Ardasherni hamisha o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Asarda Sayyid Hasan Ardasherning pok e’tiqodi, Haqqa muhabbati, Allohning taqdiriga hamisha rozi ekanligini ta’kidlar ekan, Navoiy bir voqeani keltiradi. Unga ko‘ra, Sayyid Hasan Ardasherning Sayyid Muhammad ismli o‘n to‘rt yoshli yakkayu yagona o‘g‘li vafot etganida hamma g‘amu qayg‘uga tushganida bu zot “Allohning irodasi”, deya sabr bilan musibatni yengadi, hatto, boshqalarga taskin beradi.
Hazrat Navoiy va Sayyid Hasan Ardasher juda yaqin do‘st edilar. Ular hamisha, har kuni bir-birlariga ma’naviy-ruhiy ehtiyoj sezardilar. Alisher Navoiy bu holatni shunday ifodaydi:
“ ...bir kun alar mulozamatig‘a yetmasam erdi, sabru toqatim qolmas erdi va alar ham kelib ahvol so‘rarlar erdi: “Tashvishe bo‘lmamish bo‘g‘aykim, bukun sendin xabar topa olmaduq”.
Sayid Hasan Ardasher hajga borishni niyat qilar edi, lekin ko‘p mone’liklar bo‘lib bu niyatiga erisholmaydi. Navoiy davlat yumushi bilan Hirotdan tashqarida ekanligida Sayid Hasan Ardasher yetmish to‘rt yoshida vafot etadi. Bundan buyuk shoir chuqur qayg‘uga botadi, Hirot shimolidagi tog‘ etagida do‘sti va ustozi hisoblanmish bu zotning qabri ustiga sag‘ana qurdiradi. Keyinchalik Sayid Hasan Ardasherning boshqa yaqin insonlarining xoklari ham bu yerga keltirilib, shu yerga dafn etiladi. El orasida bu joy “Azizlar hazirasi” – “Aziz zotlar xilxonasi” deb nom oladi. “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” yakunida bu zotning vafoti sanasiga bag‘ishlangan ta’rixni ilova qiladi, unga ko‘ra bu sana “Jannati pokash makon bod” (“Makoni pok jannatda bo‘lsin”) jumlasida namoyon bo‘ladi. Xulosa tarzida shuni aytish mumkinki, Alisher Navoiy Sayyid Hasan Ardasherni komil inson sifatida tasvirlaydi. Asarni o‘qish jarayonida Sayyid Hasan Ardasherning ma’naviy-ruhiy dunyosi bilan yaqindan tanishar ekanmiz, ulug‘ shoir bu zotni bejiz komil inson sifatida tanlamaganligiga guvoh bo‘lamiz.
Hazrati Alisher Navoiy uchun ham do‘st, ham ota, ham ustoz maqomida bo‘lgan zotlardan biri Pahlavon Muhammad edi. Bu zotning vafotidan so‘ng ulug‘ shoir “Holoti Pahlavon Muhammad” asarini yozadi. Asarda Pahlavon Muhammadning ezgu amallari, barchaga birdek yoqimli fe’l-atvori, kuchli salohiyati haqida so‘z boradi. Navoiy Pahlavon Muhammad haqida so‘z boshlar ekan, avvalo, uning jismoniy jihatdan zabardast va kuchli bo‘lganligini aytadi. Hatto, uning kabi kuchli inson besh yuz, ming yillarda ham tug‘ilmaydi, deydi. So‘ng uning yuksak ilmiy iste’dod va iqtidori haqida to‘xtalib, uning musiqa, tibbiyot, she’riyat, qofiya, aruz, badiiy san’atlar, ilmi nujum (astronomiya), fiqhda keng ma’lumotga ega bo‘lganligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, musiqa borasida juda iqtidorli bo‘lib, bir necha g‘azallarga kuy bog‘lagan edi. Masalan, Ustod Muhammad Xorazmiy, Mavlono Nu’mon, Mavlono Sohib Balxiy, Shayx Safoyi Samarqandiy, Xoja Yusuf Andijoniy kabi mohir sozanda va bastakorlar yo‘lida yaratgan kuylari tinglovchilar tomonidan iliq kutib olingan. Ayniqsa, Mir Buzurg Termiziyga bag‘ishlab kashf qilgan “Chohorgoh” kuyi butun Xurosonda, hatto, Samarqand va Iroqda ham bag‘oyat mashhur bo‘lib, uni kuylamagan biror hofiz bo‘lmagan. Muammo ilmi borasida ham Pahlavon Muhammad tengsiz bo‘lib, “Kushtigir” taxallusi bilan bir qancha muammolar yaratgan.
Pahlavon Muhammad g‘oyat xushaxloq inson bo‘lib, uni Hirotda barcha tanigan-bilgan insonlar yaxshi ko‘rib, hurmat qilganlar: “Takallufsiz va mubolag‘asiz podshohdin gadog‘acha va ahlullohdin yahud va tarsog‘acha Pahlavonni sevmas va tilamas kishi yo‘q erdi”.
Shuning uchun ham, Pahlavon Muhammad sulton huzurida yuksak mavqega ega bo‘lib, shohning har bir majlisida ishtirok etgan. Navoiy Pahlavon Muhammad bilan bog‘liq xotiralarini eslarkan, Abu Said Mirzo davrida Mashahadda bo‘lgan qiziqarli voqeani keltiradi. Mafosil (bod, revmatizm) bilan og‘rigan yosh Alisher Navoiyni tabib Mavlono Abdussalom Sheroziy muolaja qilib, uqalash lozim ekanligini aytadi. Pahlavon Muhammad mehribonlik ko‘rsatib, o‘zi bu ishni bajarishini aytadi va suhbat orasida yosh shoirdan turkiy shoirlardan qaysi birini ko‘proq ma’qul ko‘rishini so‘raydi. Navoiy avvaliga hamma shoirlarni hurmat qilishini aytadi. Lekin Pahlavon Muhammad baribir ular orasida tafovut bor, o‘zingga eng ma’qulini ayt, deb turib olgach, Navoiy Lutfiy, deya javob beradi. Shunda Pahlavon Muhammad nega Sayid Nasimiyni aytmading, deydi. Alisher Navoiy Lutfiy majoz bilan so‘z aytadi, Nasimiy esa haqiqat yo‘lidagilar kabi Haq ishqni oshkora kuylaydi, sen mendan majoz yo‘li bilan ijod qiladiganlarni so‘rading, deydi. Pahlavon Muhammad unday emas, Nasimiyda ham ishqni majoz bilan ifoda etish bor deydi va shu kuni Navoiy tongda yozib, hali hech kimga ko‘rsatmagan g‘azalini o‘qib beradi va uning maqta’sidagi Navoiy so‘zi o‘rniga Nasimiyni qo‘yadi:
Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko‘rsa ranj,
Yo‘q ajab, nevchunki, xom etgan kishi ranjur erur.
Navoiy bundan hayratga tushadi. G‘azal yozilgan qog‘ozini tekshirsa, o‘z joyida. Ertasi tongda Pahlavon Muhammad uch-to‘rt kishini yetaklab kelib, bu g‘azalni o‘n ikki yil burun Abulqosim Bobur majlisida “tinglab, yod olganini” isbotlash uchun ularni guvoh qiladi. Ular ham bu g‘azalni o‘sha majlisdan eshitganmiz, deb g‘azalni yoddan aytib beradilar. Navoiy esa yanayam hayron bo‘ladi. Keyinchalik ma’lum bo‘ladiki, shu kuni yosh shoirning liboslarini tikayotib, Pahlavon Muhammad yangi g‘azalni topib, olib yod oladi va joyiga qo‘yadi. So‘ng esa biz yuqorida ko‘rib o‘tgan holatni uyushtiradi. Shundan so‘ng Alisher Navoiy bemorlikdan qutuladi. Bu yerda biz Pahlavon Muhammadning beg‘ubor haziliga guvoh bo‘lish bilan birgalikda oyog‘i boddan aziyat chekayotgan Navoiyning kasalini davolagan ham deya olamiz. Chunki o‘zi yozgan g‘azalni boshqa shoirga nisbat berib o‘qilganidan keyin Navoiy bu holatni tahlil qilib, oyoq og‘rig‘ini ham unutib yuboradi. Bu esa oyoqdagi kasallikni bosh orqali chiqarib yuborishdir, ehtimol. Navoiy va Pahlavon Muhammad qirq yil davomida do‘stu hamsuhbat bo‘ladilar: “Qirq yilg‘a yaqin bu faqir bila musohibi joniy, mahrami rozi pinhoniy erdi”. Navoiy Pahlavon Muhammadning vafot etganini chuqur alam va g‘am bilan tasvirlaydi. Bir kuni Pahlavon Muhammadning shogirdlaridan biri uning ahvoli og‘irlashib qolganligini aytadilar. Navoiy tabib yuboradi. Birozdan so‘ng tabiblar yetib borgunlaricha Pahlavonning vafot etganligi to‘g‘risida xabar keladi. Pahlavon Muhammad Sulton Husayn Boyqaro uning uchun atab maxsus qurdirgan Ne’matoboddagi dahmaga dafn etiladi. Shoir uning xotirasiga bag‘ishlab yozgan ta’rixida Pahlavonning vafoti sanasi “ba’di Maxdumi ba yak sol” (“Maxdumdan bir yil keyin”) jumlasida aniqlanadi. Chunki Pahlavon Muhammad maxdumi nuran – Abdurahmon Jomiydan bir yil o‘tib, bu foniy dunyoni tark etgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |