www.ziyouz.com kutubxonasi
177
Bayramxonning bu g‘azali kuyga solib aytiladigan mashhur ashulalardan ekanini Salima
bilardi. Onasi Gulrang begimga atalgan bu satrlarni Bayramxon endi uning shoirtabiat
qiziga tikilib aytganda, eski muhabbati go‘yo yangilandi-yu, el ichida endi unga Salima
begimdan suyukliroq qiz yo‘qday tuyuldi.
Bayramxonday katta shoir bilan suhbatlashganidan xursand bo‘lgan Salima keyinroq
payt topib unga o‘zining she’riy mashqlarini ko‘rsatdi. Qiz bolaning ishqiy she’rlar yozishi
mutaassib odamlar tomonidan uyat sanalardi, shuning uchun Salima o‘z she’rlariga
«Mahfiy» deb imzo chekar edi.
Salima bir vaqtlar Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab yurgan paytlaridan beri Akbarni
bolalarcha bir mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Uning ishqiy she’rlari Akbarga bag‘ishlangan,
lekin buni hech kimga, shu jumladan, Bayramxonga ham aytmas edi.
Qizning she’rlaridagi bu yashirin olov Bayramxonning unga bo‘lgan mehrini yanada
alangalantirganday bo‘ldi. she’r bahonasi bilan ular bog‘da bir necha marta
suhbatlashdilar.
Bayramxon Salimaga uylanish va podshoh oilasiga kuyov bo‘lish niyatini ko‘ngliga
mahkam tukkan edi. Humoyun va’dasini bajarishga ulgurmay olamdan o‘tdi. Salimaning
ham otasi, ham onasi o‘rnida Hamida begim qoldi.
— Endi, hazrat begim... xudo bizni osuda kunlarga yetkazdi. Katta qurilishlar, orzu-
havasli to‘ylar qiladigan paytlar keldi...
Xonbobo bugun Salima begimga yosh ko‘ringisi kelib, soqol-mo‘ylovini bo‘yattirganini
Hamida begim endi payqadi. Lekin uch kam oltmish yillik umr mashaqqatlari uning
yuziga, peshonasiga, hatto, bo‘yinlariga chuqur ajinlar solib ketgan edi. Bo‘yalgan soqol-
mo‘ylov bilan bu ajinlar bir-birini fosh qilishini Bayramxon o‘zi ham sezayotganday
qimtinib, o‘ng‘aysizlanardi. Xonboboni hech qachon bu ahvolda ko‘rmagan Akbar gap
nimadaligiga tushunmay, goh unga, goh onasiga hayron bo‘lib qarardi. Hamida begim
iztirob ichida qolganini sezgan Bayramxon uning biron sovuq gap aytib qo‘yishidan
cho‘chidi va so‘zini tezroq tugatishga intildi:
— Qolgan gapni bugun oqshom shayx Gadoyi kelib aytgay, begim. Men Sherxon
asirligidan qochib yurganimda bu shayx meni uyiga yashirib, naqd o‘limdan olib qolgan.
Shuning uchun uni munosib ko‘rdim... Men o‘ttiz yil davomida shu xonadonga qilgan
xizmatlarimni o‘zingiz bilursiz. Bizga shu inoyatni munosib ko‘rsalaringiz, men uchun eng
oliy mukofot bo‘lg‘ay. Shu vaqtgacha qilgan xizmatlarim daryodan tomchi. Daryoning
o‘zidek katta xizmatlarni qon-qarindosh bo‘lganimizda qilgaymen!
— Janob vakili saltanat! Hali dilimizdan qayg‘u arigani yo‘q. Shayx Gadoyi
shoshmasinlar. Keyinroq...
— Qachon? — sabrsizlanib so‘radi Bayramxon.
— Yana uch-to‘rt oy o‘tsin.
Bir vaqtlar Qazvinda elchilik qilib yurgan kezlarida juda bardoshli va mulohazakor odam
bo‘lgan Bayramxon keyingi yillarda xiyla o‘zgarib qolgan. Qandahorda o‘n yil hokim
bo‘lgan va so‘nggi paytlarda Akbarni ham o‘z izmiga bo‘ysundirgan tojsiz podshoga
aylangandan beri avvalgi sabr-bardoshi va mulohazakorligi uni go‘yo tark etgan. Hozir
ham «uch-to‘rt oy» degan so‘zlardan ozorlanib:
— Hazrat begim, paysalga solinsa gap ko‘paygay!— dedi. — Mayli, bir hafta o‘tsin.
Shayx Gadoyini kelgusi chorshanbada qabul qiling...
Akbar bu orada gap nimadaligini fahmlay boshlagan edi. U hozir onasining yonini olsa,
gap battar chigallashishini sezgan Bayramxon:
— Amirzodam, — deb Akbarning xayolini boshqa yoqqa burdi, — siz mendan Panjob
bilan Mankot viloyatiga borish uchun ijozat so‘ragan edingiz. Mana, yomg‘ir fasli tugadi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |