www.ziyouz.com kutubxonasi
176
* * *
Hamida begim hayotining eng katta muammosi bo‘lib turgan maqbara qurilishiga
Bayramxonning roziligini olganidan mamnun va muloyim bo‘lib qoldi. Bayramxon mana
shu paytdan foydalanib, dilidagi nozik gaplarni unga aytishga chog‘landi. Ammo yosh
yigit Akbarning oldida siri ochilishidan iymanganday taraddudga tushdi.
— Hazrat begim, — deb u o‘ng‘aysizlanib gap boshladi, — ko‘ngil odamni ne ko‘ylarga
solishini boshqalar bilmasa ham siz yaxshi bilursiz. Yoshlikdagi bir dard menga umr bo‘yi
azob berib yurganidan Humoyun hazratlari xabardor edilar. Dilimdagi armonni
bilganlaridan so‘ng, «eski xatoni, albatta, tuzatgaymiz, agar Hindni xudo qayta nasib
etsa, bizga qarindosh bo‘lgaysiz», degan edilar...
Akbar xonbobosini hech qachon hozirgiday o‘ng‘aysiz va uyatchan qiyofada ko‘rmagan
edi. Uning soqol-mo‘yloviga va o‘siq qoshlariga tushgan oq tolalar ilgari o‘z yoshiga
yarashgan kabi salobatli ko‘rinardi. Bugun Akbar uning soqol-mo‘ylovi yigitlarnikiday
qop-qora ekanini ko‘rib taajjubga tushdi. Uning Hamida begimga aytayotgan gaplari
ham g‘alati edi.
Lekin ko‘p nozik sirlardan xabardor Hamida begim Bayramxonning nima demoqchiligini
darhol fahmladi-yu, dili alg‘ov-dalg‘ov bo‘la boshladi. Bayramxon podshoh oilasiga
qanday qilib qarindosh bo‘lmoqchiligi unga ma’lum...
Humoyunning jiyani Salima sulton begim bo‘y yetib qolgan, ota-onasi o‘lib ketgandan
beri Hamida begim uni ona o‘rnida tarbiyalab o‘stirgan. Bugun Bayramxon Dehlining
Puran qal’asiga kelganda o‘n besh yoshli Salima begimni uzoqdan ko‘rib, yuragi «jig‘»
etib ketdi. Chunki Salima ulg‘aygan sari onasi Gulrang begimga ikki tomchi suvday
o‘xshaydigan go‘zal qiz bo‘lib bormoqda edi. Bayramxon yigit paytida Gulrang begimni
qattiq sevganligi, qiz ham unga moyil bo‘lganligi, lekin taqdirlari qo‘shilmay, ikkovi ham
dog‘da qolganlari Hamida begimga ma’lum edi. Qandahorda Xonzoda begim Bayramxon-
ning Humoyunga qilgan yaxshiliklaridan behad mamnun bo‘lgan paytlarida: «Yana bitta
qizim bo‘lsa Bayramxonni o‘zim kuyov qilar edim!» degan so‘zlari ham begimning yodida
qolgan.
Keyinchalik Bayramxon Kobulda Salima begimni onasiga juda o‘xshab qolgan paytida
ko‘rdi-yu, yuragida hali so‘nmagan o‘sha yoshlik mehri qayta alanga olganday bo‘ldi.
O‘rta bog‘da Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab o‘sgan Salima hazrat tog‘asining eng
ishongan do‘sti Bayramxondan ko‘pda tortinmas edi. Bayramxonning katta xotinidan
tug‘ilgan o‘g‘illari uylangan, o‘zining o‘siq soqol-mo‘yloviga oq tushgan. Shuning uchun
Salima ham uni Akbarga o‘xshab: «Xonbobo», deb atar edi. Bayramxon Salimani O‘rta
Bog‘dagi shiyponda o‘n uch yoshida bir uchratdi-yu, gapga soldi. Gulrang begimga atab
yozgan she’rlaridan Salimaga o‘qib berdi:
Ey pari paykarki, umri jovidonimsen* mening,
To tirikmen, sendan ayrilmonki, jonimsen mening.
she’rni yaxshi ko‘radigan va o‘zi ham g‘azal mashq qila boshlagan Salima begim
Bayramxonning bu haroratli baytidan astoydil zavq olgani uning parpirab yongan
ko‘zlaridan bilindi. Shunda Bayramxon avvalgidan ham haroratliroq ovoz bilan yana bir
bayt aytdi:
Yo‘q sencha kishi sevguluk el ichraki, yo‘qtur,
Sendek sevarim, xoh inon, xoh inonma.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |