www.ziyouz.com kutubxonasi
123
Endi Qorachaxon va Said Xalillar Komrondan himoya kutib, unga ko‘z tikdilar.
— Begim, ot ustidan ko‘p narsa aniqroq ko‘ringay,— dedi komron. — Sizning ko‘zingiz
to‘g‘onoqqa tushmagan bo‘lishi mumkin. Ammo yonimdagi janoblar — mening suyangan
tog‘larimdir. Bular ko‘zgu bo‘lib, menga haqiqatni ko‘rsaturlar. Men bu ko‘zguga
qarasam, ko‘nglim ko‘tarilur. Siz mening ko‘zgumga tosh otmang, begim!
— Ammo, — dedi Xonzoda begim, — Qorachaxon janoblari begunoh bolani jazolamoqchi
bo‘lib tahdid qilganlari — ko‘zguga tosh otish emasdirmi? Janoblar bilib qo‘ysinlarki, anu
tepalik ustida hazrati Boburning qabrlari turibdir. Inimning ulug‘ ruhi bu bolani himoya
qilgay! Agar Akbarga ziyon yetkazsalar, otangiz qabrlarida tikka turgay!
Komron sabrsizlanib o‘ynoqlayotgan otining yuganini asabiy tortib, uni sal tinchlantirdi,
orqada qiynalayotgan o‘g‘ilchasini egarnnig oldiga olib, chap qo‘liga ko‘tardi:
— Hazrat begim, Akbarga hech kim ziyon yetkazgan emas! Ko‘rib turibsiz, to‘rt oydan
beri biz buni o‘z o‘g‘limizdek asrab yuribmiz!
Mohim enaga bu orada Akbarni otliqlardan uzoqroqqa yetaklab olib ketdi. Ko‘kaldoshlari
chiroyli naqorani o‘rab olib tamosha qila boshladilar. Lekin kattalar orasida asabiy gaplar
bo‘layotganidan hayiqqan bolachalar naqorani chalgilari kelsa ham, bunga botinolmay
jim turardilar.
— Eng yomon xavf-u xatar Askariyning boshiga tushgan! — deb qizishib davom etdi
Komron. — Siz adolatli amma bo‘lsangiz, askariyni qutqarishga yordam bering!
Qizilboshlar Qandahorni olib, Askariyning xazinasini talabdilar, haramini benomus
qilibdilar!
Otliqlar qarshisida yolg‘iz turgan Xonzoda begimning jussasi kichik, o‘zi nimjon ko‘rinsa
ham, ko‘zlari shernikiday yonib turar, so‘zlari o‘qday chiqar edi:
— Bunday tuhmatlarni inim Bobur mirzo shoh Ismoil bilan ittifoq tuzgan paytda ham
ko‘p eshitganmiz! Hammasining yolg‘onligi keyin bilingay!
— Ammo Mirzo Humoyun Qandahorni qizilboshlar yordamida olgani yolg‘on emas-ku! —
dedi Bopusxon. — Bu haqda hazratim ajib masnaviy yozmishlar. Bir o‘qishdayoq menga
yod bo‘lib qoldi:
Chiqdi Xuroson saridin o‘g‘rivor
Keldi xom ta’ma aylabon Qandaxor,
Jam‘ bo‘lub bir necha badnom anga
Kufr o‘tining shu’lasini tez etib
Zulm-u sitam tig‘ini xunrez etib...
— Ofarin, hazratim!
— Boplabdilar! Bobur hazratlaridan meros olgan she’riy iste’dodlari rosa kamolga
yetibdir!
— Ammo bunday o‘tkir she’rni men Bobur hazratlarining devonlarida ham ko‘rganim
yo‘q! — deb Bopusxon Komronni yana bir daraja baland ko‘tardi.
Qorachaxon darhol bu gapni ma’qulladi:
— Ustozdan o‘tgan shogirdga tasanno!
Komron maqtovdan yog‘day erib iljayib turar, hatto shoirlikda otasidan o‘zganligi
haqidagi so‘zlarga ham e’tiroz qilmas edi. Buni ko‘rgan Xonzoda begim nima deyishini
bilmay lol turib qoldi. Shu payt Humoyunning o‘z ukasi Komrondagi bu xislatni —
maqtovga uchish odatini oynaga qarab aldanishga qiyoslab forscha yozgan ruboiysi
begimning yodiga tushdi:
Dar oyina garchi xudnamoyi boshad
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |