5-Mavzu: Neyron. Uning tuzilishi va vazifalari.Asab impulsini о‘tkazish.
Sinaptik uzatish.Neyron tarmoqlari. Impulsli faoliyatni qayd etish.
Reja
1.Neyronning tuzilishi va funksiyalari.
2. Neyron tarmoqlari.
3. Sinaptik uzatish
4. Impulsli faoliyatni qayd etish
Neyronning tuzilishi va funksiyalari.
Neyronlarning tuzilishi va funksiyasi. Neyron – nerv tizimining tuzilma
va faoliy birligidir. Turli axborotlar uch xil neyronlar bо‘yicha о‘tkaziladi va
uzatiladi. Birinchi tipdagi neyronlar – sezuvchi yoki afferent neyronlar. Ular
axborotni sezuvchi nerv uchlaridan yoki maxsus tuzilmalardan – retseptorlardan
bosh va orqa miyalardagi nerv markazlariga olib beradi. Nerv markazlarida
olingan ma’lumot qayta ishlanadi. Axborotning qayta ishlovida ikkinchi guruh
neyronlari – oraliq neyronlar ishtirok etadi. Bu neyronlar bosh va orqa miya
kanalidagi kiritma neyronlardir. Markaziy nerv tizimidan keyin axborot tanadagi
barcha a’zolar va tо‘qimalarga uchinchi guruh neyronlar – motoneyronlar orqali
yuboriladi. Neyronlarning asosiy funksiyasi kodlangan axborotni tashuvchi nerv
impulslarini tahlil qilishdir. Neyronlarning shakli turlicha – yulduzsimon,
uchburchaksimon, duksimon va x.k. bо‘lishi mumkin. Shu bilan birga,
neyronlarning tuzilishi organizmdagi barcha hujayralarning tuzilishiga о‘xshash.
Neyronda membrana, yadro, turli organoidlarni kо‘rish mumkin. Har bir
neyronning bazal qismida uzun о‘simtasi – aksoni mavjud. Akson – neyronning
uzun о‘simtasi bо‘lib, ba’zida u ham tarmoqlanishi mumkin, unda yon va oxirgi
о‘simtalar hosil bо‘ladi. Akson qо‘zg‘alish impulsini neyrondan neyronga yoki
boshqa hujayralarga о‘tkazishga moslashgan. Uning asosiy funksiyasi –
qо‘zg‘alish tо‘lqinlarini о‘tkazish, shunga muvofiq uning uzunligi 1 m gacha va
undan ortiq ham bо‘lishi mumkin. Kо‘p sonli aksonlar nerv tolalari va nerv
tizimining о‘tkazuvchi yо‘llarini hosil qiladi. Neyronga axborotni olib keluvchi
tuzilmalar – juda kо‘p sonli shoxlangan о‘simtalar – dendritlari bо‘ladi.
Dendritlarning nozik shoxchalarida juda kо‘p bо‘rtmalar mavjud. Dendritlarning
umumiy yuzasi neyron tanasining о‘lchamidan katta bо‘lib, ularda juda kо‘p sonli
boshqa neyronlarning uchlari joylashgan bо‘ladi. Bu bо‘rtmalarning soni
tug‘ilgandan keyin ancha ortadi va ular neyronni boshqa hujayralar bilan
muloqotini oshiradi. Nerv hujayralarining kattalashuvi maktab yoshidagi
bolalarda kuzatiladi. Bola qanchalik kо‘p о‘qisa, uning neyronlardagi
bо‘rtmalar soni shunchalik kо‘p bо‘ladi.