Bog'liq JISMONIY TARBIYA NAZARIYASI VA METODIKASI. 2020.Abdullayev-конвертирован
Mashqlarning almashinishi .Darsning tayyorgarlik qismi ko’pincha saflanish mashqlarini bajarish bilan boshlanadi. Harakatlanishlarning turlari yoki saflanish mashqlari bilan almashtiriladi yoki bevosita ulardan keyin bajariladi. Darsning tayyorgarlik qismi, odatda, umumrivojlantiruvchi mashqlar majmuasi bilan yakunlanadi. Biroq ayrim hollarda, darsning asosiy qismi mazmuniga qarab, umumrivojlantiruvchi mashqlar turli xildagi harakatlanishlardan oldin qo’llanilishi mumkin.
Umumrivojlantiruvchi mashqlar majmuada shiddatining ortib borishiga qarab taqsimlanadi hamda mo’ljallanganligiga qarab almashinadi. Majmua oldidan past shiddatli, sekin maromda bajariladigan, me’yori cheklangan mashqlarni berish zarur. Majmuani bajarish davomida harakatlar amplitudasi, sur’ati va
me’yorlanishi ortib boradi.
Darsning tayyorgarlik qismini o’tkazish uchun umumiy uslubiy ko’rsatmalar o’qituvchi darsning tayyorgarlik qismini o’tkazishga qo’yiladigan talablarni bajarish uchun quyidagilarni bilishi kerak:
shug’ullanuvchilarga mashqlar to’g’risida xabar berishning turli xil usullaridan foydalanish;
shug’ullanuvchilarni maydon bo’ylab joylashtirish.
O’qituvchi dars o’tkazish vazifalari va sharoitlariga bog’liq holda turli xildagi axborot berish usullaridan foydalanishi mumkin:
Oddiy usul. Bunda ko’rsatish bir vaqtning o’zida gapirib berish bilan olib boriladi. Bu usul har qanday shug’ullanuvchilar tarkibi uchun qulay va o’qituvchiga mashqning nimaga qaratilganligini tushuntirishga, uni ta’riflab berishga, shuningdek ko’rsatishga imkon yaratadi.
Bo’lak (qism)larga ajratish usuli. Bu usulda o’qituvchi mashqni bo’laklarga bo’lgan holda ko’rsatadi va tushuntiradi hamda shug’ullanuvchilarga uni ko’rsatish bilan birga bajarishni taklif qiladi. Ko’rsatish orqali mashqning har bir qismining aniq bajarilishi ta’minlanadi.
Faqat gapirib berish usuli. O’qituvchi mashqni ko’rsatmay, uni aytib o’tadi yoki gapirib beradi.
Axborot berishning bu usuli diqqatni faollashtiradi va shug’ullanuvchilarda mashq bajarishga bo’lgan mustaqillikning hosil bo’lishiga imkon yaratadi. O’qituvchi maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar bilan mashg’ulotlar o’tkazish paytida syujetli hikoya olib borishi mumkin. Bolalar hikoyani o’zlarining tasavvurlaridan kelib chiqib va harakatlanish tajribalariga tayanib, harakatlar orqali ifodalaydilar.
Faqat namoyish qilish usuli. O’qituvchi shug’ullanuvchilarga mashqning nomini aytmasdan, uni namoyish qiladi. Namoyishdan so’ng u mashqni boshlash va tugatish uchun zarur buyruqlarni berishi, balki shug’ullanuvchilarga
o’zining harakatlarini o’xshatib bajarishni taklif qilishi mumkin.
Bunda o’qituvchi butun majmua yoki uning bir qismi oxirigacha hech narsa aytmaydi. Bu usulni turli xildagi kontingent bilan shug’ullanish paytida qo’llash mumkin, lekin u bolalar bilan o’tkaziladigan mashg’ulotlarda yaxshi natijalar beradi. Usul o’ziga xos o’yinni eslatadi. Bolalar o’qituvchining harakatlarini aniq o’xshatishga astoydil harakat qiladilar.