11-Mavzu.Ish joylarini tashkil etish, ixtisoslashtirish va rejalashtirish
REJA:
11.1.“Ish joyi” to’g’risida tushuncha va uning turlari.
11.2. Zamonaviy sharoitlarda ish joylarini rejalashtirishga va loyihalashga qo’yiladigan talablar.
11.3.Ish joylarini attestatsiya qilish
11.1.“Ish joyi” to’g’risida tushuncha va uning turlari.
Ishlab chiqarish hududining bitta ish bajaruvchiga yoki bir guruh ishchilarga ajratib berilgan hamda mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish uchun kerakli bo’lgan mehnat qurollari va mehnat buyumlari bilan yetarli ta’minlangan maydoni (uchastkasi) ish joyi, deb ataladi.
Ish joylarini tashkil etish va ularga xizmat ko’rsatish mehnatni tashkil etishning eng muhim yo’nalishlaridan biridir. Mehnat qanday shaklda bo’lmasin, doim xodimning ish joyida qiladigan harakatlar yig’indisidan iborat bo’ladi. Demak, mehnat samaradorligi ish joyini tashkil etish va unga xizmat ko’rsatish holati hozirgi zamon talablari darajasiga to’la javob berishiga ham bog’liq.
Har bir ish joyi ish vaqtini, aqliy va jismoniy kuchni kam sarflab, yuqori unumli va samarali ish qilishga maksimal darajada moslashtirilgan bo’lishi lozim.
Ish joyida mehnatni tashkil etish bu boradagi usul va uslublarni takomillashtirishni, mehnat uchun qulay shart - sharoit yaratilishini hamda mehnatni tashkil etishning boshqa elementlarini amalga oshirishni ko’zda tutadi. Bu tadbirlar, eng avvalo, asbob - uskunalardan yaxshi foydalanishga, unumli ishni ta’min etishga, ishlab chiqarish davrini qisqartirishga yordam beradi.
Ish joylari shu yerda bajariladigan mehnatning o’ziga xos xususiyatiga, ishlatiladigan asbob-uskunalarga, birgalashib ishlovchi xodimlar soniga, ish joylarini ixtisoslashtirish darajasiga, ko’chish va ko’chmasligiga, qaerda joylashganiga qarab bir-biridan farq qiladi.
Mehnat xarakteriga qarab, ish joylari qo’l kuchi ishlatiladigan, mexanizatsiyalashtirilgan, mashinalashtirilgan va avtomatlashtirilgan ish joylariga bo’linadi. qo’l kuchi ishlatiladigan ish joyining xarakterli xususiyati shundaki, unda xodim texnologik jarayonlarni eng sodda(oddiy) asboblar va uskunalar ishlatish vositasida bajaradi. Tikuvchilik korxonasidagi bichuv qaychisi bunga misol bo’lishi mumkin. Bichuvchi o’z ishini qaychi ushlab, faqat qo’l kuchi bilan bajaradi yoki bo’lmasa jihozning qismlarini va uzellarini qo’l bilan yig’ish haqida ham shunday deyish mumkin.
Bunday ish joylarida bajariladigan ishlar, xizmatlar nafaqat o’zlarining sermehnatligi bilan ajralib turadi, bunday ish joylarida, odatda, mehnat samardorligi (unumdorligi) ham uncha yuqori bo’lmaydi. SHuni ham eslatish joizki, ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish sohasidan qo’l kuchi ishlatiladigan ish joylarini mutlaqo yo’qotib bo’lmaydi. Hatto to’la avtomatlashtirilgan jarayonlarda ham avtomatik tizimni rostlash (naladka) va tartibga solish (regulirovka) kabi ishlar ko’p hollarda qo’lda bajariladi.
Mexanizatsiyalashtirilgan ish joyida ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish operatsiyalari mexanizmlar vositasida amalga oshiriladi. Bu yerdagi mexanizmlar kishi qo’li bilan harakatga keltiriladi va u mashina-qo’l kuchi ishlatiladigan ish joyi deb ataladi. Tikuv mashinasida tikish, metallsozlik va yog’ochsozlik jihozlarida qismlarni (detallarni) qo’lda uzatib ishlash va h.k.lar bunga misol bo’la oladi.
Bu holdagi ish joylarining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, xodim ish joyida ishlatilayotgan xom ashyolarning o’zgarishiga o’z kuchini sarflamaydi, ularga ta’sir o’tkazmaydi, faqatgina yordamchi ishlar, mexanizatsiyalashgan ish joylarida texnologik jarayonlar mashina yoki mexanizmlar yordamida amalga oshiriladi. Xodimlar bu jarayonlarda bevosita qatnashadilar, lekin ularning faoliyatlari asosan mehnat vositalarini boshqarishga (xom ashyolarni jihozga o’rnatish, jihozlarni yurgizish va to’xtatish, mashina (jihoz) mexanizmlarining ishlashini nazorat qilish, tayyorlangan mahsulot yoki bajarilgan xizmatning sifatini tekshirish, ishlov berilgan qismlarni, tayyor mahsulotlarni jihozlardan tegishli joyga olib qo’yish kabi ishlarga) qaratilgan bo’ladi.
Texnologik jarayon oldiga kuygan maqsadga mashina vositasida erishilsa, ishchining vazifasi mashinani qo’l bilan boshqarib borishdangina iborat bo’lsa, bunday o’ringa, mashinalashtirilgan ish joyi, deyiladi. Bunda barcha ishlab chiqarish operatsiyalarini mexanizm bajaradi, ishchi esa tugma (knopka)li mexanizm orqali jihozning ayrim qismlarini idora qiladi, xolos.
Avtomatlashtirilgan ish joyida detallarga ishlov berish bilan bog’liq bo’lgan barcha ishlar, ularning ishlov berilgan qismini ko’chirish, ish sifatini nazorat qilish, shuningdek, mashinaning o’zini idora qilish ham avtomatlashtirilgan bo’ladi. Ishchi esa avtomatik jihozlarni yuritish, to’xtatish, mexanizmlarining to’g’ri ishlashini, o’z vaqtida ish bilan ta’minlab turilishi va tayyor mahsulotlarning tushirilishini hamda nazorat-o’lchov apparatlari ko’rsatkichlarini nazorat qilib (kuzatib) turadi, xolos.
Jihozning avtomatik ishlash vaqti ancha davomli bo’ladi. Bunday holat esa, o’z navbatida, bir xodim tomonidan ko’p avtomatik-jihozlarga xizmat ko’rsatish imkoniyatini yaratadi.
Birgalikda ishlovchi ishchilar soniga qarab: bitta ishchi ishlaydigan yakka ish joylari, bir necha ishchi ishlaydigan jamoa yoki brigada ish joylari bo’ladi.
Ixtisoslashtirilganlik darajasiga qarab, ish joylari yakka, seriyali va ommaviy turlarga bo’linadi. Ishlab chiqarish turiga qarab, har bir ish joyiga ma’lum hajmdagi ishlab chiqarish operatsiyalari biriktiriladi. Shu munosabat bilan ish joylari ixtisoslashtirilgan, universal va maxsus ish joylariga ajratiladi.
Ko’chish-ko’chmasligiga qarab, ish joylari statsionar va ko’chma ish joylariga bo’linadi. Masalan, to’quv korxonasidagi buyoqchining ish joyi statsionar bo’lsa, avtomobil mashinasiga o’rnatilgan ta’mirlash ustaxonalarida, radio-televedenie ishxonalaridagi ish joylari ko’chma ish joyi bo’ladi.
Yuqorida ko’rsatilganlaridan tashqari, boshqa xil ish joylari ham bor. Masalan, ishlab chiqarish turlariga qarab bo’linadigan asosiy, qo’shimcha, yordamchi ish joylari, smenalar soniga qarab, bir smenali, ko’p smenali, shuningdek, xodimning ish vaziyatiga qarab, o’tirib, tik oyoqda, goh o’tirib, goh tik oyoqda ishlaydigan, joylashgan o’rniga qarab bino ichidagi, ochiq havodagi, balandlikdagi, bino ostidagi va h.k. ish joylari bo’ladi.
Ish joylarida xizmat ko’rsatiladigan jihozlar soniga qarab, bir jihozli yoki ko’p jihozli ish joylari bor. Bir jihozli ish joylari mashinasozlik va metallsozlik korxonalariga mos bo’lib, ko’p jihozli ish joylari sanoatning to’qimachilik, trikotaj, yengil va oziq-ovqat tarmoqlaridagi korxonalarda keng tarqalgandir. Ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish operatsiyalarining qaytarilib turishiga va ishlab chiqarish turlariga (tiplariga) qarab, yakka, seriyali, mayda va katta seriyali hamda ommaviy ishlab chiqarish ish joylari mavjud.
Ish joylari shu joydagi mehnat xarakteriga karab chilangar, payvandchi, yig’uvchi, operator, muhandis, texnik, to’quvchi, bo’yoqchi kabi ish joylariga bo’linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |