Ixtisoslashgan brigadalar bir xil kasbdagi yoki bir xil ixtisosdagi ishlovchilardan tashkil topadi. Lekin ularning malaka darajasi har xil bo’lib, bir xil texnologik operatsiyalarni yoki xizmatlarni bajaradilar. Mehnat qisman mexanizatsiyalashgan, xodimlarning ixtisoslari tor va mehnat taqsimoti keng qo’llanilgan ishlab chiqarishlarda yoki xizmat ko’rsatishlarda ixtisoslashtirilgan brigadalar ko’p samara beradi. Masalan, to’qimachilik sanoati korxonalarida to’quv jihozlarini ta’mirlovchilar brigadasi bir kasbdagi, lekin malakasi (razryad) har xil xodimlardan iborat bo’ladi.
Kompleks brigadalar turli xil kasb va turli xil ixtisosdagi xodimlardan iborat bo’lib, ular xilma-xil vazifalarni bajaradi. CHunonchi, to’qimachilik korxonasida mokili to’quv mashinalaridagi usta yordamchisining brigadasida to’quvchilar, naychalovchilar, gohida arqon uzuvchi (otrivshitsa) bo’ladi. Kompleks brigada – butun ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish jarayonini bajaruvchi ijrochi jamoadir. Kompleks brigadadagi mehnat ixtisoslashtirilgan brigadadagiga qaraganda samarali va qiziqarliroq. Kompleks brigadalar xodimlarining hammasi yoki bir qismi bir-birini almashtira olish tartibi asosida tashkil etiladi. CHunki kompleks brigadalarda yondosh kasblarni o’rganish, kasblarni o’rindoshlash, o’zaro yordam va o’zaro o’rin almashinish, kelishib ishlash va h.k. lar uchun qulay sharoit yaratiladi. SHuning uchun ham kompleks brigadada ish vaqtidan yaxshiroq foydalaniladi, ishning ayrim elementlarini bajarish jarayonida kelishuvchanlik tufayli vaqt behuda o’tishi kamayadi, shuningdek, ish jarayonlarida operativ uyg’unlikni ta’minlash, barcha ijrochilarning aniq va tekis ishlashini tashkil etish uchun hamma imkoniyatlar mavjud bo’ladi.
Kompleks ishlab chiqarish brigadalarining uch xil shakli mavjud.
1) Mehnat to’la taqsimlangan kompleks brigada. Bunda har bir xodim doimo bir xil ishni bajaradi. Masalan, chilangar payvandlash ishi bilan shug’ullanadi, ammo vaqti-vaqti bilan bo’ladigan texnologik yoki tashkiliy tanaffuslarda bo’sh qolgan ishchi boshqa o’rtoqlariga yordamlashadi, chunki bu brigadada ish haqi jamoa (butun brigada) qilgan ish natijalariga qarab to’lanadi, shuning uchun ham har bir ishchi umumiy natijaning yuqori bo’lishidan manfaatdor bo’ladi.
2) Mehnat qisman taqsim qilingan kompleks brigada. Bunda ishchi o’z ixtisosiga doir amallarni bajarish bilan birga yana ikkinchi kasbni ham o’zlashtiradi.
3) Mehnat taqsim qilinmagan kompleks brigada. Bunda brigada a’zolarining har biri ishda boshqasini almashtiradi va topshiriq doirasidagi har qanday ishni yoki xizmatni ham bajaradi.
Bajarilgan ishlar hisobi yuritiladigan davrga qarab ishlab chiqarish brigadalari smenali va bir kecha-kunduzli (skvoznoy) brigadalarga ajratiladi. Bir necha smena bir agregatdan (masalan, ekskavatordan, avtomatik liniyadan) foydalanganida, ishlab chiqarish amallari smena vaqtida, shuningdek, qilingan ishning smena bo’yicha hisobini olib borish qiyin bo’lgan taqdirda bir kecha- kunduzli brigadalar tuziladi.
Tajriba shuni ko’rsatadiki, mehnatni tashkil etishning brigada shaklida pirovard natijaga qarab ish haqi to’lanishi, iqtisodiy jihatdan samarador bo’lishi bilan birga, xodimlarda kollektivchilik ruhini, o’zaro birodarona yordam munosabatini tarbiyalaydi.
Brigadalarning xarakteri va vazifalaridan qat’i nazar, brigada tarkibi turg’unligi ish samaradorligining muhim sharti bo’ladi. Ishchilarni bir brigada jamoasidan ikkinchisiga o’tkazaverish ma’suliyatsizlik tug’diradi, ishdagi tartib va o’zaro yordam jarayonini buzadi, brigadirni brigada a’zolarining o’ziga xos xususiyatiga qarab, ularning har biriga rahbarlik qilishdan mahrum etadi.
Brigada a’zolarning sonini to’g’ri aniqlash asbob-uskunalarning, jihozlarning bekor to’rib qolish vaqtini kamaytirishga katta yordam beradi. A’zolari ko’p bo’lgan brigada jihozning bekor to’rishini tezroq bartaraf qiladi, ammo brigadaning bekor qolgan ishchilari, ularning bekor turib qolish vaqtlari ko’payib, mehnat samaradorligi pasayadi. Ish vaqtining bunday bekor ketishi, birinchidan, brigada a’zolarining ishni baravar boshlay olmasligiga (ishni boshlash va uni tugatish vaqti bir xil bo’lmaydi) bog’liq bo’lsa, ikkinchidan, brigada a’zolari soni ko’payganda ishni bajarish muddati kamaymasligi mumkin.
Demak, brigada a’zolari sonini aniqlashda buning asbob-uskunalar va mehnat unumdorligiga qanday ta’sir etishini hisobga olib, har tomonlama va chuqur, birinchi navbatda, iqtisodiy tomondan asoslash talab qilinadi.
Mehnatga haq to’lash ham jamoa shaklida bo’lgan taqdirdagina mehnatni tashkil etishning jamoa shaklidagi afzaliklari ruyobga chiqishi mumkin. SHundagina brigada ichida o’zaro yordam berish, ko’maklashish va o’zaro almashlanish, kasblarni o’rindoshlash, yondosh kasblar bo’yicha ishlashni, xizmat ko’rsatishni o’rganish, o’zlashtirishni kengroq joriy qilish, ayrim sabablar bilan ishda qatnashmayotgan brigada a’zosining ishini yoki xizmatini o’zaro taqsimlash va nihoyat, mehnatning yanada mazmundor bo’lishiga erishish imkoniyati tug’iladi.
Sotsiologlar tomonidan o’tkazilgan ilmiy tadqiqtisodotlar shuni ko’rsatadiki, mehnatni tashkil etishning brigada shakli joriy bo’lgan uchastkalarda ishlab chiqarish faoliyatidan qanoat hosil qilgan xodimlar salmog’i yakka tartibdagi mehnat shakli hukm surgan uchastkalardagidan ko’ra ancha yuqori (tekshirilgan xodimlarning qariyb 82 foizi). Mehnat yakka tartibda tashkil etilgan uchastkalarda mehnat faoliyatidan qanoat hosil qilgan ishchilar 56-60% ni tashkil etadi.
Mehnat kooperatsiyasining shakllaridan biri, bu – kasblar o’rindoshligidir. O’rindoshlik esa, ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish korxonalarida ishlovchi ayrim xodimlarning bir xildagi bir necha vazifani bajarishidir, bu esa kasbiy saviyaning o’sishini, qo’shimcha bilimlar va malakalar hosil qilishni ko’zda tutadi.
Kasblar o’rindoshligining mohiyati shundaki, xodim butun ish kuni davomida asosiy kasbi yuzasidan tarif-malaka ma’lumotnomasida ko’zda tutilgan ishni amalga oshiradi, vaqtdan samarali foydalanish hisobiga qo’shimcha ravishda bir-biriga yaqin boshqa ishni yoki xizmatni bajaradi. Odatda, kasb o’rindoshligi xodimlarning tashabbusi bilan qo’llaniladi va ular o’z malakalariga ko’ra, ham asosiy, ham o’rindosh ishni yoki xizmatni o’z vaqtida va sifatili qilib bajaradigan bo’lsalar, bunga rozilik beriladi.
Ko’p yillik tajriba shuni ko’rsatadiki, kasblar o’rindoshligining keng ravishda qo’llanishiga:
har xil mehnat funktsiyalarini qo’shib olib borishga sharoit tug’dirib beradigan, kombinatsiyalashtirilgan mashina va mexanizmlar tizimining joriy qilinishi;
ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatish jarayonlarini boshqarishning avtomatlashtirilishi va shu munosabat bilan ish kuni davomida qattiq band bo’lmagan ham asosiy, ham yordamchi kasblardagi xodimlarning paydo bo’lishi;
ishlab chiqarish jarayonlariga xizmat ko’rsatuvchi chegaralarni kengaytirish maqsadida xodimlarning tor ixtisoslashtirilishi yo’qotilishi;
mehnatni tashkil etishning jamoaviy shakllari, xususan, kompleks brigadalar joriy qilinishi kabilar yordam beradi.
Kasblar o’rindoshligini joriy qilish va uning iqtisodiy foydaliligini ta’minlashning asosiy shartlari, birinchidan, ishlab chiqarish texnologiyasi va ishlatiladigan uskunalar tufayli vujudga keladigan bo’sh (foydalanilmaydigan) ish vaqtining mavjudligi; ikkinchidan, kasblar o’rindoshligini egallashi lozim bo’lgan xodimlar qiladigan mehnat mazmunining umumiyligi hamda ularning o’zaro texnologik va funktsional aloqadorliklari; uchinchidan, funktsiyalar o’rindoshligining turli vaqtlarda ijro qilinishi; to’rtinchidan, ishlar o’rindoshligi mehnatning puxtaligiga, sifati va unumdorligiga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi; beshinchidan, ishchining texnik saviyasi yetarli darajada bo’lishidir.
Kasblar o’rindoshligi ikki xil: to’la va qisman o’rindoshlikdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |