«Himmat» (arabcha g‘ayrat, shijoat, jo‘shqinlik, harakat, hafsala, qunt) – odamgarchilik, muruvvat yuzasidan qilinadigan yaxshilik, yaxshi ish, yordam, insonga xos xislatni anglatuvchi tushuncha bo‘lib, bu borada Farididdin Attor:
«Himmati oliyga yetsa har ko‘ngul,
Davlati beminnat unga yuzlanur» - deya insonlarni himmatli bo‘lishga chorlash orqali qalb sofligi, ko‘ngil xotirjamligi, ma’naviy yetuklikka undaydi. Himmat tushunchasining asosida iqtisodiy yoki moddiy asos yotadi. Shuningdek tarixiy manbalarda uchraydigan «himmat» tushunchalari ijtimoiy xizmat ko‘rsatish nuqtai nazaridan qiyosiy o‘rganilganda uning asosan ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Biri beg‘araz yordam ko‘rsatish, ikkinchisi, qo‘llab-quvvatlash.
Markaziy Osiyo mintaqasida qadimdan keksalarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, keksayganda ularga g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy himoyaning tarkibiy qismi bo‘lib kelganki, ular etnoan’ana tariqasida namoyon bo‘lmoqda. Bunda jins, yosh, kasb kabi ijtimoiy-madaniy omillar belgilovchi hisoblangan. Bu o‘ziga xoslikning ma’naviy asosi o‘zbek xalqining turmush tarzida dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi va jamoaviy tarzda mehnat qilish singari omillar bilan izohlanadi. Mazkur holat ma’naviy birlik tuyg‘usi bilan bog‘liq bo‘lib, milliy ma’naviyatning tarkibiy elementi sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Shu bois mehr ko‘rsatish, oqibatli bo‘lish, g‘amxo‘rlik qilish milliy ta’lim-tarbiya tizimida vazifadorligi jihatidan ajralib turishini ta’kidlash lozim.
Inson o‘z yaqinlariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish bilan birga, ularning g‘am-tashvishlariga hamdardlik qilishga tayyor turish fazilatini o‘zida mujassam etishi lozim. Aynan ana shu jihatlar bizning davrimizgacha yetib kelgan xalq og‘zaki ijodi namunalarida, ya’ni rivoyat va ertaklar, afsona va maqollarda, shuningdek, «Avesto», «Qur’on», Hadislar to‘plami kabi diniy manbalar va o‘tmish ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan nodir qo‘lyozmalarda ham o‘z ifodasini topgan.
Mana shunday fazilatlarni shakllantirish asosida jamiyatda ijtimoiy muhofazaga oid ijtimoiy foydali maqsad ommalashtirib borilgan. Shunday ezgu maqsadlardan birini ijtimoiy yordam ko‘rsatish ma’naviyati deb oladigan bo‘lsak, u albatta muayyan ma’naviy, axloqiy muhitda shakllanadi. Ma’naviy-axloqiy muhit esa – insonlar yashaydigan hudud-makonidagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy farovonlik va barqaror siyosiy muhitni anglatadi. Barqaror ijtimoiy, siyosiy muhit deganda hududdagi mavjud jamiyat a’zolarining tinch-totuvligi va farovonligi tushuniladi. Shu sababli ajdodlarimiz ijtimoiy xizmat yoki beg‘araz yordam ko‘rsatishni ma’naviy hayot, milliy ong va qadriyatlar, e’tiqod va tafakkur, urf-odat va an’analar tarkibiga singdirganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |