ASOSIY MAQSAD – EL – YuRT FAROVONLIGINI YaNADA YuKSALTIRISh
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturida ijtimoiy sohani rivojlantirish borasidagi «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyilini izchillik bilan hayotga tatbiq etish ustuvor vazifa deb belgilangan.
Saylovoli dasturida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun mamlakatimiz miqyosidagi qator maqsadli dasturlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Xususan aholi va korxonalarga elektr quvvatini kafolatli va barqaror tarzda yetkazib berish maqsadida shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash dasturini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bugungi kunda aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko‘plab e’tirozlar borligi, mamlakatimiz bo‘yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo‘lib, transformator punktlari zo‘riqib ishlayotganligi, kuz-qish mavsumida ularni almashtirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar esa masalani tubdan hal etmayotganini nazarda tutsak, ushbu dasturning amalga oshirilishi katta ahamiyat kasb etadi. Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstansiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda.
Saylovoldi dasturida ko‘mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Negaki, ko‘mir ishlab chiqarishning hozirgi hajmi mavjud talabni to‘liq qondirish imkonini bermayapti: o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha ko‘mir mahsuloti yetkazib berish rejasi 35 foizga, aholini ta’minlash bo‘yicha esa 17 foizga bajarilgan.
Shu sababli aholiga ko‘mir yetkazib berish tizimini takomillashtirish, uning narxi sun’iy ravishda oshib ketishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Saylovoldi dasturidan o‘rin olgan yana bir muhim masala qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va utilizatsiya qilishni yanada yaxshilash dasturini qabul qilish hisoblanadi.
Ushbu dasturning ro‘yobga chiqarilishi shaharlarimiz va qishloq aholi punktlarining tozaligi va go‘zalligini oshirish, atrof-muhitni zaharlaydigan va aholi salomatligi uchun xavf tug‘diradigan, noqonuniy paydo bo‘lgan 1,5 mingta chiqindixonani yo‘q qilish imkonini beradi.
Ayni vaqtda maishiy chiqindilar uchun, jumladan, barcha viloyatlar markazlarida hamda yirik shaharlarda 168 ta poligon barpo etiladi. Chiqindilarni tozalash bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar qo‘shimcha ravishda 405 ta zamonaviy maxsus texnika bilan ta’minlanadi.
Elga xizmat – oliy himmat. Partiyamiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoev saylovoldi dasturida odamlarni hayotdan rozi qilish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Elim deb, yurtim deb yonib yashayotgan, ijtimoiy-siyosiy hayotning har bir jabhasida faol ishtirok etib kelayotgan har bir yurtimiz fuqarosini prezidentlik saylovlarida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodiga ovoz berishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |