4. Belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob`ektlari va
me`yoriy muddatlarda o`rnatilmagan asbob-uskuna uchun mol-mulk solig`ini to`lash tartibi
Тugallanmagan qurilish ob`ektlari jumlasiga muayyan qurilish ob`ektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo`lsa, qurilish boshlanganidan e`tiboran yigirma to`rt oy ichida qurilishi tugallanmagan ob`ektlar kiradi.
Belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob`ekti uchun mol-mulk solig`ini to`lovchilar bo`lib qurilishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, ya`ni buyurtmachilar hisoblanadi.
Soliqqa tortish ob`ekti bo`lib, belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob`ektining qiymati, ya`ni buyurtmachi tomonidan F-3 shaklida (bajarilgan ishlar va xarajatlar hajmi to`g`risida ma`lumotnoma) rasmiylashtirilgan statistika hisobiga ob`ekt bo`yicha kiritilgan va tugallanmagan qurilish hisobvarag`ida hisoblanadigan barcha ishlar va xarajatlar xajmi hisoblanadi.
Qurilishning belgilangan muddati deb qurilishni tashkil qilish loyihasi (QТQL) tarkibida 1.04.03-85-son QMQ “Korxonalar, binolar va inshootlarni qurish muddati me`yorlari”ga muvofiq loyihalash tashkiloti tomonidan aniqlanadigan ob`ekt qurilishining me`yoriy muddati hisoblanadi.
Loyihalash tashkilotlari loyiha-smeta hujjatlarida tayyorlash muddatlarini ajratgan holda qurilish muddati me`yorini ko`rsatishlari shart. Loyiha-smeta hujjatlarida qurilish muddati me`yori ko`rsatilmagan taqdirda, buyurtmachi loyihalash tashkilotidan muayyan ob`ekt bo`yicha qurilish muddatining me`yori to`g`risida xulosa olishga majbur.
Me`yordagi muddatda o`rnatilmagan uskunalar uchun mol-mulk solig`ini to`lovchilar bo`lib kapital mablag`lar hisobiga qayta jihozlanadigan ob`ektlarda montaj qilish talab qilinadigan va o`rnatishga belgilangan texnologik, energetik va ishlab chiqarish uskunalari bo`lgan yuridik shaxslar hisoblanadi.
Me`yordagi muddatda o`rnatilmagan uskunalar uchun soliq solish ob`ekti bo`lib o`rnatishga belgilangan uskunalar qiymati hisoblanadi, ular qatoriga montaj qilishni talab qiladigan, faqat qismlarini yig`ish va poydevorga yoki ustunlarga, polga, qavatlararo to`siqlarga va boshqa bino va inshootlarni ko`tarib turuvchi konstruksiyalarga o`rnatiladigan uskunalar hamda uskunalarni hisobga olish hisobvarag`ida hisoblanadigan shunday uskunalarning ehtiyot qismlar to`plami (me`yordagi muddatda o`rnatilmagan uskunalar qismida) hisoblanadi. Ushbu uskunalar tarkibiga o`rnatiladigan uskunalar qatorida montaj qilish uchun belgilangan nazorat-o`lchov apparaturasi yoki boshqa asboblar ham kiradi.
Korxonalar, binolar va inshootlar qurilishida tasdiqlangan qurilish muddati va tayyorlab qo`yilgan zaxiralar me`yoriga muvofiq har bir ob`ekt bo`yicha texnologik yoki boshqa uskunalarni etkazib berish va montaj qilish jadvali belgilangan bo`lishi lozim.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan uskunalarni etkazib berish va montaj qilish jadvalida quyidagi muddatlarda topshirish hisobga olinadi:
yirik texnologiya va energetika uskunalari - ularni nomma-nom ro`yxatlari bo`yicha montaj qilish va etkazib berish jadvallarining rejadagi muddati o`tib ketgandan keyin;
texnologiya uskunalari, texnologiya liniyalari, qurilmalar va boshqa umumzavod uskunalari - uskunalarni montajga topshirishining rejadagi muddati o`tgandan keyin, lekin olti oydan ortiq bo`lmagan muddatda;
komplekt import uskunalari - ularni montajga topshirishning rejadagi muddati o`tib ketgandan keyin, lekin bir yildan ortiq bo`lmagan muddatga, agar texnik shart-sharoitlariga ko`ra uskunani qismlar bo`yicha montaj qilish mumkin bo`lmasa, ularni montajga topshirish muddati uskunalar butun komplektining kelib tushishi paytidan hisoblanadi;
qismlarga ajratilgan import uskunalari, shuningdek kabel mahsulotlari, simlar va troslar - ularni montajga topshirishning rejadagi muddati o`tgandan keyin, lekin olti oydan ortiq bo`lmagan muddatda.
Uskunalarni montaj qilish va o`rnatish uchun me`yorlar va jadvallar bo`lmaganida soliq quyidagi muddatlarda to`lanadi:
- ishlab chiqarish maqsadlaridagi ob`ektlar bo`yicha mamlakatimizda ishlab chiqarilgan va import qilingan uskunalarning o`rnatilmaganligi uchun - sotib olinganiga bir yillik muddat to`lganidan keyingi oydan boshlab;
- noishlab chiqarish maqsadlaridagi ob`ektlar bo`yicha - sotib olinganiga olti oy tugagandan keyin;
Uskunalarni etkazib berish va montaj qilishning yuqorida ko`rsatilgan muddatlarini buzganligi uchun korxona va tashkilotlar, O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, mol-mulk solig`ini ikki baravar ko`paytirilgan stavka bo`yicha to`laydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |