BALIQChI - Aynan shu hududda yashagan kishi menga poyezdda hamroh bo'lib, "Baliqchi” (Andijon viloyatidagi tuman) nomida umuman baliqqa nisbatan ishora yo'qligini, balki "balx” – shahar, "balxchi”- shaharsoz usta nomiga uyqash ekanligini aytgandi (muallif izohi).
Olimlarimiz fikricha ham "Baliqchi” – shahar, qal`a qo'riqchisi ma`nosida keladi. Yana bir ma`nosi o'zbek urug'laridan birining nomidir (X. Doniyorov, "O'zbek xalqining shajara va shevalari” 1968 yil). Boshqa turkiy xalqlardan turkmanlarning Ersari qabilasida "balyqchy”, boshqirdlarda "balyksy” urug'i uchraydi. Ammo hozir ma`lum bo'lgan 92 o'zbek urug'i nomida "baliqchi” urug'i yo'q.
ULUG'NOR – Andijon viloyatiga qarashli tuman nomi, aslida Qo'qon xoni tomonidan qazilgan – Ulug'nahr (ulug' daryo) kanali nomidir.
Xudoyorxon XIX asrning 70-yillarida o'z davlatining iqtisodiy va siyosiy hayotida nisbatan xotirjamlikka erishgach, yangi yerlar o'zlashtirish niyatida sug'orish inshootlari qurishga kirishgan. Shu munosabat bilan Qoradaryodan boshlanib, Markaziy Farg'ona yerlarini oralab o'tadigan "Ulug'nahr” (ulug' daryo) deb atalmish kanal rejalashtirib, 1868 yildan ish boshlagan. Biroq kanal nishabining tarhi olinganda (nivelirovka qilishda) cho'l yerlarining sho'rxok va qumli xususiyati hisobga olinmasdan kanalga suv quyilganida hozirgi Bo'z tumanidan oqadigan Sarijo'gadan o'tmasdanoq katta oqim bilan kanal yo'li "zambillanib” atrofga urib ketaveradi. 1871 yil ish vaqtincha to'xtatilib, yangidan tarx olish mo'ljallangan.
OLTINKO'L – shu nomli tuman markazi. Shu kungacha Oltinko'l deb ta`riflab kelinadi. Ammo ushbu joyning sharoiti shunday ediki, qadimda Andijonning asosiy o'zlashtirilmagan yerlari g'arb tomoni edi, asosan, tashlama suvlar, chakalakzorlardan iborat bo'lib, yanada g'arbga kelganda esa tabiiy ko'llar ko'p bo'lgan edi. Shayboniyxon davridan (XVI asr) ko'chmanchi o'zbeklar kelib o'rnashib, Andijonning g'arb tomonlari sekin-asta o'zlashtirildi, ko'p qishloqlar qatori "Olti ko'l” qishlog'i paydo bo'ldi.
Zamonlar o'tishi bilan yerning unumdorligiga ishora qilib yoki tilning fonetik tabiatiga ko'ra talaffuzda "Oltinko'l” bo'lib ketdi.
Yurtimizda yuqorida keltirilgani singari joy nomlari to'g'risida juda ko'p qiziqarli ma`lumotlarni berishimiz mumkin edi. Biroq internet o'quvchilari uzundan uzoq maqolalarga katta e`tibor bermasligini hisobga olgan holda materialni qisqa qildik. Barcha ma`lumotlar (muallif izohidan tashqari) manbalari professorlar S. Jalilov, S. Qorayev va A. Soliyev kitoblaridan olingan.
MMIBDO’: ______________
Do'stlaringiz bilan baham: |