KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Mamlakatimizning istiqlol yo’lidagi birinchi qadamlaridanoq buyuk ma’naviyatimizni tiklash va yanada yuksaltirish, milliy ta’lim tizimini takomillashtirish, uning milliy zaminini mustahkamlash, zamon talablari bilan uyg’unlashtirish asosida jahon andozalari va ko’nikmalari darajasiga chiqarish maqsadiga katta ahamiyat berib kelinmoqda.
“Ta’lim to’g’risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”ni amalga oshirish jarayonida hayotimizning barcha jabhalarida “Inson omili”ning roli ortib borishi kuzatilmoqda. Hozirgi davr yuksak qobiliyatli mutaxasislarni tayyorlashga nisbatan talab kun sayin ortib bormoqda, modomiki, shunday ekan alohida olingan shaxslardagina emas, balki, mehnatkashlarning ijodiy imkoniyatlarini iloji boricha ko’proq rivojlantirish zarurati yuzaga kelmoqda. Bunday sharoitda inson va uning intellektual salohiyatiga aloqador fanlarning roli ortib borishi, har bir inson shaxsida mavjud va yashirin tarzdagi imkoniyatlardan foydalanish, ularni ro’yobga chiqarish, yo’l-yo’riqlarini nazariy jihatdan ishlab chiqish ehtiyoji namoyon bo’lmoqda.
Bugungi kunda agressiya, tajovuzkorlik va zo'ravonlik, yoshlar o'rtasida jinoyatchilikning ortishi hollari juda ko'p kuzatilmoqda. Shu sababli inson agressiv xulq-atvorining namoyon bo'lish sabablarini aniqlash, destruktiv xulq-atvorning oldini olish yoki nazorat qilish muammolarini o'rganish, uni korreksiya qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq qilish psixologlar uchun dolzarb masala bo'lib kelmoqda.
Ma’lumki, shaxs kamolga yetib borar ekan unga atrofdagi tashqi muhit, shaxslararo munosabatlar, ta’lim olayotgan muassasasi hamda oilaviy muhit tizimli ravishda ta’sir ko’rsatadi. Shu bois, shaxs hayotida ijobiy tomonlar bilan bir qatorda salbiy jihatlar ham farqlanadi. Bu esa, o’z-o’zidan shaxsda emotsional holatlarda zo’riqish, xavotirlanishni yuzaga kelishiga olib keladi va shaxsning kamol topishiga to’sqinliq qiladi.
Xavotirlanish – bu odamning doimo o’zini tashvishli his etishi, turli vaziyatlarni xatarli holat sifatida idrok etishga moyilligidir. Xavotirlanishning boshdan kechirilishi ham individual xususiyat bo’lib, bunday his noaniq biror xavf oldidan paydo bo’ladi. Xavotirlanish ro’y berishi mumkin bo’lgan yoki ehtimol tutilgan noxushliklar, odat va vaziyatdagi o’zgarishlarni keltirib chiqaradi. U tashvishli harakatlarda, holatning keskinligida va hokazolarda namoyon bo’ladi. Xavotirlanishning yuqori darajada bo’lishi, odatda, faoliyatning samaradorligini pasaytiradi, shaxsda turli xil ziddiyatli xulq-atvor bilan birga kechadi. Odatda xavotirlanishning shaxs xususiyati sifatidagi va vaziyat bilan bog’liq ikki turi
farqlanadi. Shaxs xususiyati sifatidagi xavotirlanish asab tizimining xususiyatlari va uzoq davom etadigan noxush muloqot bilan belgilanadi. Vaziyat bilan bog’liq xavotirlanish yoki reaktiv xavotirlanishlar aniq vaziyat bilan bog’liq bo’lgan va undan tashqarida namoyon bo’lmaydigan tashvishli holatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |