II bob. Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi bilan bog’liq hujjatlar
2.1. Muxtoriyatning bostirilishi va oqibatlari bilan bog’liq hujjatlar
Mazkur paragrafni Turkiston Muxtoriyatining bostirilishi bilan bog’liq voqealar va ularni tasdiqlaydigan hujjatlar asosida yoritishga harakat qilamiz.
Keyingi yillarda ilmiy tadqiqotlar, ilmiy nashrlar va matbuotda yuqoridagi mavzu bo’yicha ko’plab, respublikamiz mustaqilligigacha tarix fanida ma’lum bo’lmagan yangi ma’lumotlar berilgan. Jumladan, S.A’zamxo’jaev, M.Hasanov, SH.Doniyorov, N.Norqulov, X.Sodiqov, N.Karimov va boshqalarning ilmiy tadqiqot va maqolalarida bevosita muxtoriyatning tugatilishi va uning oqibatlari bilan bog’liq bo’lgan voqealar o’z aksini topgan.
Endi shu davrda yuz bergan voqealarni qisqacha esga olamiz. SHuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, Turkiston Muxtoriyati vakillari, asosan, ulamochilar va sho’roi islomchilar o’rtasidagi munosabatlar 1918 yil boshlarida yana keskinlasha boshladi. SHu yil 5 yanvarda “Ulamo” tashkiloti tomonidan miting chaqirildi va Muvaqqat Turkiston hukumatiga ishonchsizlik bildirildi. Natijada, M.Tanishboev o’rniga M.CHo’qaev bosh vazir etib tayinlandi. Buning ustiga Muvaqqat hukumatning iqtisodiy ahvoli ham tang ahvolda edi. CHiqarilgan 30 million so’mlik zayomdan kutilgan natija chiqmadi. Harbiy tuzilmalarning ortib borishi bilan sarf-xarajatlar yanada ko’payib bordi (bu davrda milliy qo’shin askarlar soni 2000 kishiga yetgan edi). Bundan tashqari, Qo’qon militsiyasi boshlig’i Ergashning qo’l ostida ham anchagina kuch to’plangan edi.
Qurolli kuchlar o’sib borgan sari muxtor Turkiston hukumatida bir muncha qat’iy harakatlar tarafdorlarining mavqei kuchayib bordi. Mana shunday sharoitda Qo’qon soveti hokimiyatni qo’lida tutib turgan yangi shahar bilan muxtoriyatchilar joylashgan eski shahar o’rtasida qarama-qarshiliklar tobora keskinlasha bordi. Buning ustiga, sovetlarning IV s’ezdi qarorlari vaziyatni yana ham og’irlashtirdi. Qo’qon hukumati Toshkentga bo’ysunmadi va har ikkala hukumat bir-birini rad etuvchi qonunlar qabul qildi hamda bajarilishini talab etdi. Natijada, Qo’qonda shunday vaziyat yuzaga keldiki, arzimas bir bahona bo’lsa bas, muxtoriyatchilar bilan sovetlar o’rtasida urush harakatlari boshlanib ketardi. Mana shu bahona bo’ldi ham, 30 yanvar (12 fevralь)ga o’tar kechasi bir guruh noma’lum kishilar qal’aga, telefon stantsiyasiga, Qo’qon soveti binosiga hujum qildilar63. Bu kimning tashabbusi bilan bo’lgani haligacha ma’lum emas. Lekin, shu voqaelar sovetlarning anchadan beri ko’zlab yurgan maqsadlari (muxtoriyatni yo’q qilish)ni amalga oshirishga yo’l ochdi va keyingi fojeali voqealarning kelib chiqishiga sabab bo’ldi.
30 yanvar (12 fevralь)dayoq Qo’qon soveti safarbarlik e’lon qildi, inqilobiy qo’mita tuzildi, ishchi va temir yo’lchilarga qurol tarqatildi. Toshkent, Skobelev, Andijon, Namangandan harbiy madad so’raldi, kechasi bo’lib o’tgan voqealarni va muxtoriyatchilarga qo’yilgan ulьtimatumni – qo’lga olinganlarni 3 soat ichida ozod etish va hujum tashabbuskorlarini tutib berish to’g’risidagi talablarini ma’lum qilib, aholiga maxsus chaqiriq chiqarildi. Muvaqqat hukumat vakillarini qamoqqa olish uchun inqilobiy qo’mita a’zolaridan maxsus guruh tuzildi. Bunga bolьshevik Sazanov xotiralari isbot bo’la oladi: “Temir yo’l stantsiyasidan turib, Babushkin noma yuboribdi. Unda Zigelь, CHo’qaev va uning kotibini qamoqqa olinglar, deb yozilgan edi. Ikkala qizil gvardiyachi askar bilan birga, ularni qamoqqa olish uchun jo’nadik. Zigelь ham, CHo’qaev ham uylarida yo’q ekan. Uylarini rosa tintuv qildik. Kotibni uyidan topdik va uni qal’aga olib keldik. U bizga muxtor hukumat a’zolarining ro’yxatini va rus zobitlarining ism-shariflarini aytib berdi”64.
Mana shu tarzda Muxtoriyatga qarshi urush harakatlariga tayyorgarlik ko’rila boshladi.
Lekin, bu ishlardan Muvaqqat hukumatning xabari yo’q edi. Bunga Inqilobiy qo’mita tomonidan eski shaharga muzokaralar uchun yuborilgan guruhning M.CHo’qaev bilan bo’lgan suhbati misol bo’la oladi. Mana shu muzokaralar davrida muxtor hukumat vakili Yu.Davidov M.CHo’qaevning Sovetlar bilan tinch muzokaralar olib borishiga e’tiroz bildirib, “fuqarolar urushi olib borish”ga qat’iy qaror berilganini ma’lum qildi65. Bundan ma’lum bo’lishicha, M.CHo’qaev hukumati ham mustahkam emas edi. U hukumat nomidan qat’iy qaror qabul qila olmasdi, hukumat ichida birlik yo’q edi. M.CHo’qaev vaziyatni tinch yo’l bilan hal qilishga harakat qildi. Lekin, buning iloji yo’q edi. Muxtorchilar urushdan bosh tortganlarida ham, Sovetlar baribir hujum qilardi. CHunki, ularning maqsadi bitta – Muxtoriyatni yo’q qilish edi. Qo’qon Sovetining muzokaralar boshlashga harakat qilganining sababi, o’sha paytda, uning muxtoriyatchilarga qarshi kurashadigan kuchi yo’q edi (qal’ada bor-yo’g’i 16 ta askar mavjud edi). Lekin, Skobelevdan yordam kelishi bilan, ular o’z siyosatini darhol o’zgartirdi va qat’iy qarorlar qabul qildi.
31 yanvar (13 fevralь)ga o’tar kechasi Skobelevdan K.Osipov boshchiligida 120 nafar yaxshi qurollangan askar, 4 ta pulemyot va 5 ta zambaragi bo’lgan otryad Qo’qonga keldi. Buni isbotlovchi arxiv hujjati mavjud. Bu – Farg’ona viloyati ishchi, dehqon va qizil askar deputatlarning qarori66. Mazkur qarorda Qo’qonga 250 nafar kishilik otryad jo’natilishi aytiladi. Lekin, adabiyotlarda 120 nafar kishi jo’natilganligi qayd etiladi. Harbiy otryad Qo’qonga kelgan kuniyoq majlis o’tkazilib, muxtoriyatchilarga quyidagi mazmunda talabnoma yozildi:
Ertaga kunduzi soat 3 gacha qurol-yaroqlarni Voskresenskiy maydoniga olib kelib topshirilsin;
Muxtor hukumat taslim bo’lsin va sovetlar hukumatini tan olsin67.
Bu talabnomani muxtoriyatchilar rad etdi. Sovetlar eski shaharga zambaraklardan o’q uza boshladi. SHu tariqa janglar vaqti-vaqti bilan bo’lib, o’rtada bir necha bor muzokaralar ham bo’lib o’tdi.
Muzokaralarning birida muxtoriyatchilar Sovetlarga quyidagi talab shartlarini taklif etdilar:
Ishchi, dehqon va askar Qo’qon SHo’rosi musulmon deputatlari, ishchi, askar deputatlari Kengashi va “Gorodskoy samoupravlenie” idoralaridan birlashgan hukumat tuzish;
“SHo’roi islom” jamoasidan 2 kishi;
“Ulamo jamiyati” dan 2 kishi;
“Gorodskoy samoupravlenie” dan 2 kishi:
Ishchi, dehqon va askar deputatlari kengashining 4 ta vakilidan iborat hukumat tuzish.
Qo’qon shahar qal’asi mazkur unitar (manfaatdor) hukumatning bevosita nazorati ostiga berilsin.
Qizil gvardiyachilar qurolsizlantirilsin.
Musulmon aholisi qurolsizlantirilsin (militsiya bundan mustasno).
Ishchi, askar va musulmon dehqonlarining bevosita nazorati ostida milliy harbiy qism tashkil etilsin.
Musulmon deputatlari Kengashi va Xalq Komissarlari Soveti birganlikda, zudlik bilan Turkiston Ta’sis majlisini chaqirsin.
Ikkala tomon ham birodar kushlik voqealarini kuzatmasin va unda ishtirok etmasin.
Ikkala tomon ham o’lganlar va yarador bo’lganlar uchun gina saqlab, adovatda bo’lmasin.
Xalq Komissarlari tomonidan tuzilgan yo’l-yo’riqlar SHariat qonunlariga zid kelsa, musulmonlar u yo’l-yo’riqlarga amal qilmaydi.
SHartnomaga imzo qo’yilgan zahoti ikkala tomon ham bandilarni ozod etsin.
Aholidan tortib olingan molu mulklar mumkin qadar o’z egalariga qaytarilsin.
Yarashuv konferentsiyasi Raisi nomiga muzokara olib borish uchun “Rus-Osiyo” banki yoniga kelasizlar. U yerdan sizlarni musulmon soqchilari Rusiya mehmonxonasigacha kuzatib borishadi. Muzokara “Kanishka” do’konida o’tkaziladi. Muzokara paytida ikkala tomon ham o’q otishni to’xtatib turishlari shart.
Javobini kunduzi soat 4 gacha kutamiz.
Qo’qon shahri, 16 fevralь, 1918 yil.
“Vaqtinchalik Musulmon harbiy Kengashi Raisligini bajaruvchi (imzo)”68.
Lekin, Qo’qon qal’asidagilar bu talabnoma shartlariga to’plardan Eski shahar ustiga o’q yog’dirish bilan javob berdilar.
Musulmon delegatsiyasi yana bir necha bor urushning oldini olib, muzokaralar boshlashga urinib ko’rdi, lekin natija chiqmadi.
5 fevral (18 fevralь)da Muvaqqat hukumatda to’ntarish sodir bo’ldi, hokimiyatni militsiya boshlig’i Ergash qo’lga oldi, M.CHo’qaev mahkamasi hukumatdan chetlashtirildi. Bu ham vaziyatga salbiy ta’sir ko’rsatdi.
5 fevraldan 6 (18 dan 19ga)ga o’tar kechasi Toshkentdan XKS tomonidan 11 eshelonda harbiy qismlar Qo’qonga keldi. Otliq askarlar, artilleriya va piyoda askarlarga ega bo’lgan bu qismga Ye.O.Perfilьev qo’mondonlik qildi. Bu qism poezdda kelishidayoq qishloqlarni qirg’in qilib keldi. Bu haqda qism qo’mondoni Perfilьevning o’zi shunday deydi: “bizning poezdimiz yo’l-yo’lakay yo’lda uchragan har qanday qalang’i-qasang’ini o’qqa tutib bordi”69.
Perfilьev otryadi 6 (19) fevralь kuni Eski shaharga hujum boshladi, 12 ta zambarak uzluksiz shaharni o’qqa tutdi. Muxtoriyatchilar qo’shinlari qarshilik ko’rsatmasdan, tinch aholi bilan birga qochdi. Mahalliy aholi bilan birga badavlat rus kishilari ham Skobelev tomonga qocha boshladi. SHahar o’t ichida qoldi, qizil askarlar hamda arman dashnoqlari Qo’qon xalqini qirish bilan birgalikda, mol-mulklarini ham talay boshladilar. Arman dashnoqlari Qo’qonda va keyinchalik Farg’ona vodiysida tarixda bo’lmagan vahshiyliklarni amalga oshirdilar. Bu vahshiyliklar haqida keyingi yillardagi ilmiy tadqiqotlarda, xususan, S.A’zamxo’jaevning Turkiston Muxtoriyatiga bag’ishlangan asar va maqolalarida, SH.Doniyorovning “Muxtoriyat qismati” maqolasida batafsil ma’lumotlar berilgan.
1918 yilning 19-26 yanvarь kunlari Toshkentda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV s’ezdi Qo’qon muxtoriyati va hukumat a’zolarini qonundan tashqari, deb e’lon qildi, hukumat a’zolarini hibsga olish haqida qaror qabul qildi. Ana shu qarorga binoan Qo’qon qonga botirildi. Muxtor hukumatning 30 vakili (hukumatga aloqador bo’lgan shaxslar) qamoqqa olindi. Ayrimlari qo’lga tushgan zahotiyoq sudsiz otib tashlandi. Hukumat boshlig’i M.CHo’qaev Skobelevga, u yerdan Qashqarga qochib ketishga majbur bo’ldi.
Qo’qon hukumati tor-mor keltirilgandan so’ng, arman dashnoqlari shaharni 9 kun taladi. Qo’qon kasalxonasida davolanayotgan bemorlar va yaradorlarni binosi bilan birga yoqib yubordi. Qo’qon paxta tozalash zavodi ishchilarining 50 tasi oilasi bilan pichoqlab o’ldirildi. SHaharning 10 mahallasida so’yilmagan odam qolmadi. Qisqa vaqtda 10 ming kishining yostig’i quridi70.
1918 yilda Qo’qonga kelgan ingliz kapitani Brun shaharni yarim bo’sh holda ko’rgan, murdalar ko’chalar bo’ylab sochilib yotgan ekan. Brunning yozishicha, shahar bosqinida ishtirok etgan nemis, avstriyalik, venger asirlaridan yollangan askarlar 100000 so’mdan ko’proq pulni o’marishgan71.
Mana shunday tarzda Turkiston Muxtoriyati tugatildi va Qo’qon shahri qonga botirildi. Har bir hodisaning sababi va oqibati bo’lganidek, bu qonli voqea ham o’zining keyingi aks-sadosini ko’rsatdi. Qo’qon fojeasi turli xil siyosiy partiyalar va guruhlarning ichida noroziliklar keltirib chiqardi va sof vijdonli kishilarni oyoqqa turg’azdi. Bu fojeadan jabrlangan xalqning mard o’g’lonlari allaqachon tegishli xulosa chiqargan edilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |