Bitiruv malakaviy ishning tuzilishi. Mazkur bitiruv malakaviy ish kirish, 2 ta bob, 4 paragraf, xulosa hamda foydalanilgan manbalar va adabiyotlar ro’yxatidan iborat.
I bob. Turkiston Muxtoriyatiga munosabat haqidagi hujjatlar
1.1. Farg’ona viloyati aholisining muxtoriyatga munosabati haqidagi hujjatlar
Turkistonda muxtoriyat tuzish g’oyasi 1917 yil Fevralь burjua inqilobidan keyinoq tug’ilgan edi. Bu haqda 1917 yil 1 – 11 may kunlari Moskvada bo’lib o’tgan I Butunrossiya musulmonlari s’ezdida7, Butunturkiston musulmonlari I o’lka s’ezdida (1917 yil 16 – 21 aprelь, Toshkent) ta’kidlanadi. SH.Doniyorov “Turkiston Muxtoriyati” nomli maqolasida: “Turkistonda muxtoriyat tuzish g’oyasi Fevralь inqilobi bergan ozodlikdan so’ng paydo bo’lgan.
Bu fikr dastlab 1917 yilning 12 noyabrida “SHo’roi ulamo” jamiyatining rahbari SHerali Lapin rahbarligidagi Toshkentda bo’lib o’tgan “Musulmon jamoalarining birlashgan yig’ini” da rasman o’rtaga tashlangan”8 – deydi. Lekin, biz bu fikrga qo’shilmaymiz, chunki muxtoriyat tuzish g’oyasi o’lka musulmonlarining I s’ezdidayoq o’rtaga tashlangan edi.
O’lka musulmonlarining II s’ezdi (1917 yil 17 – 20 sentyabrь, Toshkent) ishida ham Turkistonning kelajakdagi siyosiy tuzumi to’g’risidagi masala asosiy o’rin egalladi: “Bu s’ezdda Turkistonning milliy davlatchilik tuzumi haqida turli fikrlar bildirildi. “Ulug’ Turkiston” gazetasida yozilishicha, “s’ezd Mulla Mahmudxo’ja eshon va mulla Siddiqxo’ja eshonlarning boshqaruv shakli haqidagi nutqlarini tinglab, duoyu ijobat ila Turkiston Muxtoriyatini tayin etishga jazm qildi”. Bu esa Turkiston o’lkasining mahalliy va milliy muxtoriyati bo’lib, o’z ichki ishlarini mustaqil hal etajagini bildirar edi”9.
Turkistonda siyosiy hokimiyat masalasi III o’lka musulmonlari s’ezdi (1917 yil 12 – 15 noyabrь, Toshkent) ishida ham muhokama qilindi. S’ezdning kun tartibida “Turkistonda hokimiyatni tashkil etish” masalasi turar edi.
Toshkentdagi Oktyabrь to’ntarishi va “Butun hokimiyat sovetlarga!” shioridan kelib chiqib, musulmonlar III s’ezdi quyidagicha qaror qabul qildi: “Hokimiyatning mahalliy aholi manfaati uchun deyarli zid bo’lgan begona va o’tkinchi, tasodifiy kishilar guruhi – harbiylar, ishchilar va krestьyanlar tashkilotlari qo’lida bo’lishi demokratik qoidalar talabiga javob bermaydi va mahalliy aholiga xalqlarning o’z taqdirini o’zi belgilash asosida to’g’ri hayot qurishga kafolat berolmaydi”10.
SHu qarorda “to’g’ri yo’nalish” ham ko’rsatiladi. Musulmonlarning o’z taqdirlarini o’zlari belgilashlari va ularning umuminsoniy taraqqiyotga erishishlari Qur’oni Karimda aytilgan va shariatda ko’rsatilganidek bo’lmog’i darkor. SHu bois ham musulmonlar inqilob natijasida erishilgan huquqlarni amalga oshirishda mavjud birorta siyosiy partiyaga butkul qo’shila olmaydilar va ularning partiyaviy kurashida ishtirok etmaydilar11.
Bundan tashqari, s’ezdda Qo’qonda bo’ladigan musulmonlar s’ezdiga tayyorgarlik ko’rish va Muvaqqat hukumat tuzish haqida qarorlar qabul qilindi. S’ezdning tashkilotchilaridan – SHerali Lapin (“SHo’roi ulamo” rahbari) sovetlarning III o’lka s’ezdi (1917 yil 15 – 22 noyabrь, Toshkent)da musulmonlarning milliy va hokimiyat masalasidagi pozitsiyasini ma’lum qildi. Lekin, mazkur s’ezdda bolьsheviklar milliy masalada juda katta siyosiy xatoga yo’l qo’ydilar. Bolьsheviklar rahbarlarining ayrimlari shovinistik ruhdagi kayfiyatlarini namoyon qildilar.
Toshkentdagi Oktyabrь voqealaridan so’ng, sovetlarning III o’lka s’ezdi chaqirildi. S’ezdning diqqat markazida o’lkada hokimiyat masalasi turdi. SH.Lapin nutqi muhokama qilingan, menьshevik va o’ng eser vakillari o’lka Soveti tarkibiga musulmonlar vakillarini ham kiritishni taklif etishdi. Biroq bu takliflar, turli sabablarga ko’ra, qarshilikka uchradi. S’ezdda 15 kishidan iborat Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylandi. XKSning raisi etib bolьshevik F.I.Kolesov saylandi. Xuddi shu kuni s’ezdda quyidagicha deklaratsiya qabul qilindi: “hozirgi vaqtda musulmonlarni o’lka inqilobiy hokimiyatining oliy tashkilotiga kiritish maqsadga muvofiq emas, chunki mahalliy aholining soldat, ishchi va krestьyanlar sovetlari hokimiyatiga munosabatlari noaniq, shuningdek, mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlari bo’lmaganligi tufayli, ular o’lkaning oliy hokimiyatida vakolat tashkil etib, fraktsiyaning madadiga tayana olmaydilar”12.
Yuqorida aytganimizdek, bu bolьsheviklar tomonidan milliy masalada qilingan juda katta siyosiy xato edi. Bunda ayrim rahbarlarning shovinistik kayfiyatlari namoyon bo’ldi. Bu esa o’lka aholisining sovetlarga bo’lgan ishonchini puchga chiqardi va muxtoriyatchilar atrofiga yanada jipslashtira boshladi. O’z navbatida, muxtoriyatchilar ham sovetlarning III o’lka s’ezdidan xulosa chiqarib, tezroq hukumatni tuzib, hokimiyatni qonuniy ravishda qo’lga olishga harakat qila boshladi.
1917 yi 2 (15) noyabrda V.I.Lenin va I.V.Stalin tomonidan imzolangan “Rossiya xalqlari huquqlari deklaratsiyasi”da millatlar masalasi yuzasidan quyidagicha qaror qabul qilingan edi:
Rossiya xalqlari erkin ravishda o’z taqdirlarini begilash va mustaqil davlat tuzishgacha huquqqa ega;
Har qanday va har qanaqa milliy va milliy-diniy imtiyoz va cheklanishlar olib tashlanadi.
20 (3 dekabrь) noyabrdagi V.I.Lenin va I.V.Stalin tomonidan imzolangan “Rossiya va SHarqdagi barcha musulmon mehnatkashlariga murojaatnomasi”da quyidagilar ta’kidlanadi: “O’z milliy hayotingizni erkin va xalaqitsiz amalga oshiravering. Siz bunga haqlisiz. Bilingki, sizning huquqlaringiz Rossiyadagi barcha xalqlarning huquqlari kabi inqilob va uning tashkilotlari – soldat, ishchi va krestьyan deputatlarining Soveti qudrati bilan himoya qilinadi”13.
Yuqoridagi bu ikki hujjatga Turkiston o’lka Sovetlari yuzaki qaradi. Bu haqda II bobda batafsil to’xtalamiz.
Xullas, Oktyabrь to’ntarilishidan so’ng, Turkistonda hokimiyat bolьsheviklar va so’l eserlar qo’liga o’tdi. Ular mahalliy aholining o’lkani boshqarishdagi rolini inkor etib, inqilobiy qo’mitaga yerli aholi vakillari kirishini istamadilar. Natijada, mahalliy siyosiy tashkilotlar milliy masalani hal etishda mustaqil harakatni boshlashga majbur bo’ldilar va faoliyatini Qo’qonda davom ettirdilar.
1917 yil 26 noyabrda Qo’qon shahrida O’lka musulmonlarining IV favqulodda s’ezdi ish boshladi. Unda o’lkaning barcha mintaqalari va ko’pgina jamoat tashkilotlaridan 200 nafardan ortiq vakil qatnashdi. S’ezd kun tartibida quyidagi asosiy masalalar hal etildi:
Turkiston Muxtoriyati to’g’risida;
Turkistonning Janubiy-SHarqiy ittifoqqa qo’shilishi to’g’risida.
Bundan tashqari, ijroiya qo’mitani saylash, unga beriladigan nakazlar, Turkiston Markaziy musulmonlar sho’rosini qayta saylash, bugungi ahvol, Turkiston Ta’sis majlisi, militsiya, moliya va boshqa masalalar ham s’ezdning diqqat markazida bo’ldi.
S’ezdda Farg’onadan – 100, Sirdaryodan – 22, Samarqanddan – 21, Buxorodan – 4, Kaspiyortidan – 1 vakil qatnashayotgan edi, keyinroq vakillar safi 203 nafarga yetdi. Viloyat vakillaridan tashqari, s’ezdda shuningdek, “SHo’roi Islomiya”, “SHo’roi ulamo”, musulmon harbiylari sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati (Paoley Sion) va boshqalar qatnashdilar. S’ezd demokratik va baynalmilallik kayfiyatida o’tdi. Isbot tariqasida quyidagilarni keltiramiz: “Behbudiy o’z chiqishida shunday degandi: “S’ezd qarorlari shuning uchun ham katta mavqega sazovorki, unda Turkistonning ovrupalik aholisi vakillari ham qatnashmoqda”. M.Behbudiyning ta’kidlashicha, hay’atni ham shunday tuzish kerakki, unda turli musulmon guruhlari bilan birga rus, yahudiy va boshqa xalqlar vakillari kirtilsin. Vakillar uni qo’llab-quvvatladilar. Undan so’ng so’zga chiqqan qo’qonlik vakil O.Mahmudov ham “hay’atni saylashda viloyatlar bo’yicha emas, balki alohida diniy qarashlar va milliy guruhlarni hisobga olgan holda, ya’ni bilimdon, uquvli va g’ayratli kishilarni tanlab olish kerak”14 - deydi”. Vaholanki, bu s’ezdga uzoq yillar davomida “millatchilar to’dasi” degan yorliq yopishtirib kelingan.
S’ezdning uch kunlik faoliyati mobaynida vakillar Turkistonning bo’lg’usi siyosiy tuzumi to’g’risida qat’iy bir qarorga keldilar. S’ezd tomonidan 1917 yil 27 noyabrь kuni kechasi deyarli yakdillik bilan (2 kishi qarshi) quyidagicha qaror qabul qilindi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi va’da etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi”.
SHundan keyin, s’ezd “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”15.
28 noyabrь kuni yangi tarkib topayotgan davlat “Turkiston Muxtoriyati” deb ataladi. Ta’sis majlisi chaqirilib, hukumat aholi tomonidan rasmiy tan olinguncha hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (milliy) Majlisi qo’lida bo’lishi kerak edi.
Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolarining soni Butunrossiya Ta’sis Majlisiga yuborilgan deputatlar soniga qarab belgilandi (32 kishi). Buning tarkibidan 12 kishidan iborat Muvaqqat hukumat tuzildi. Xalq (milliy) Majlisi (54 nafar kishi belgilangan) tarkibiga shaharlarning mahalliy boshqaruv organlaridan 4 nafar vakil kiritildi, 18 o’rin o’lkadagi turli ovrupalik millatlar vakillariga ajratildi, ya’ni 1/3 o’rin. Vaholangki, ovrupalik millat vakillari o’lkada 7 foizdan oshmasdi. Bu s’ezdning o’z davri uchun juda demokratik ruhda o’tganligini, uning qarorlarida demokratik g’oyalar ilgari surilganligini ko’rsatadi.
S’ezdda Muvaqqat hukumat tarkibi quyidagicha belgilandi:
Muhammadjon Tinishbaev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri, ikkinchi chaqiriq Davlat Dumasi a’zosi, Turkiston Muvaqqat hukumati komitetining a’zosi, yo’l muhandisi.
Islom Sulton SHoaxmedov – bosh vazir o’rinbosari, Butunrossiya Musulmonlari kengashi Markaziy Komitetining a’zosi, huquqshunos.
Mustafo CHo’qaev – Turkiston Musulmonlari Kengashi Makaziy Komitetining raisi, huquqshunos.
Ubaydulla Xo’jaev – harbiy vazir, Butunrossiya Musulmonlar Kengashi Markaziy Komitetining a’zosi, huquqshunos.
Yurali Agaev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom.
Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo’qon shahar Dumasining raisi o’rinbosari, jamoat arbobi.
Abdurahmon O’razaev – ichki ishlar vaziri o’rinbosari, huquqshunos.
Solomon Abramovich Gertsfelьd – moliya vaziri, huquqshunos.
Qolgan 4 o’rin ovrupalik aholi vakillaridan nomzodlar ko’rsatilgach, qayd etilishi ko’zda tutildi16.
Bizning asosiy maqsadimiz hujjatlar va yangi ma’lumotlar asosida Turkiston Muxtoriyatiga bo’lgan munosabatni ochib berishdan iborat. SHundan kelib chiqib, s’ezdning ish faoliyatiga batafsil to’xtalmadik. Bu haqda, umuman muxtoriyatning tashkil etilishi haqida, so’nggi yillardagi matbuot nashrlarida va ilmiy tadqiqotlarda to’liq ma’lumotlar berilgan.
Endi asosiy masalaga o’tamiz. Muxtoriyatni mahalliy xalq, umuman Turkiston aholisi qanday kutib oldi? Unga nisbatan qanday munosabatlar bildirilgan? Mana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi aholi o’rtasida katta shov-shuvlarga sabab bo’ldi. Aholi yangi hukumatni mamnuniyat bilan, katta ehtiros va hayajon bilan kutib oldi. Ularning muxtoriyatga bo’lgan xayrixohligi, his-hayajonlari miting va namoyishlarda, mahalliy matbuot sahifalarida o’z ifodasini topdi. “Ulug’ Turkiston”, “Hurriyat”, “Ishchilar gazetasi”, “El bayrog’i”, “Turk eli”, “Kengash”, “Najot”, “Turkestanskiy vestnik” kabi mahalliy matbuot nashrlarining butun-butun sahifalari Muxtoriyatni qo’llab-quvvatlovchi, uni keng xalq ommasi orasida targ’ib qiluvchi maqolalarga bag’ishlandi. O’zbek milliy uyg’onish harakati faollaridan M.Behbudiy “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 19 dekabrь sonida muxtoriyat e’lon qilingan kunni xalqqa quyidagicha yetkazdi: “27 noyabrь Xo’qandda Turkiston Muxtoriyati umummusulmon s’ezdi e’lon qilindi. Muborak va xabarli bo’lsin! Kamina ham majlisda bo’lish uchun iftixor etaman. Yashasin Turkiston Muxtoriyati!...”17.
Behbudiy o’sha yilning 22 dekabrь kuni “Hurriyat” gazetasida yana “Turkiston Muxtoriyati” nomli davomli maqolasini e’lon qilib, unda bunday so’zlarni yozadi: “Turkistonning har tarafidan 300 qadar kishi bunda bor edi. Ya’ni vakolat ila yuborib edilar kim, buning katta bir qismi mullo va mashoyix edilar. Rus, yahudiy va armanilardan ham vakillar bor edi. Birgina kishi bo’lsin, bu Muxtoriyatga hech bir firqadan muxolifat etmadi... xulosa. Barcha maftu edi. Bugun vakillar ijmoh etgan edilar hamda besh-o’n ming jamoat ila birga Turkiston Muxtoriyati islomiyasining, qon ila bo’lsa ham, butun mol va jonlarini fido etib, mahkam tutmoqqa “Lo iloha illalloh, Muhammadur Rasululloh” yozilgan qizil va yashil, oy va yulduzli ilmu saodat ostinda yig’ilib, ahd etdilar va bu ahdni “Alloh Akbar, Alloh Akbar, loalo ila allo va illa akhar va Alloh al-ahmad” takbirini o’n minglar ila umut mahmudiya (s) arshi a’loga yetkurub, butun ufqqa g’ulg’ula solganlaridek, olam baloni ham va lulazor etdilar. Oqshomgacha butun Xo’qand ko’chalaridan, maktab va madrasalaridan takbir ovozlari chiqur edi. Zahi saodat!”18.
Behbudiyning bu so’zlaridan Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi mahalliy xalq va turli viloyatlardan kelgan vakillar uchun katta milliy bayram bo’lgani ma’lum bo’ladi.
CHo’lpon ham ana shu umumxalq bayrami ta’sirida “Ollohu Akbar” she’rini yozgan. Uning “Ozod turk bayrami” she’ri yuzlab varaqalar shaklida tarqatilib, muxtoriyatning madhiyasi sifatida kuylandi:
Ko’z oching, boqing har yon,
Qardoshlar qanday zamon!
SHodlikka to’ldi jahon,
Fido bu kunlarga jon19.
CHo’lponning shunday jo’shqin satrlar bilan boshlanuvchi madhiyasi turli yig’in va namoyishlarda yangrab, yangi davlatga xalq ishonchini va mehr-muhabbatini uyg’otdi. O’zbek xalqi tarixiy taqdirida katta o’zgarish sodir bo’lganini sezgan shoirlar Muxtoriyatni olqishlab talay she’rlar yaratdilar. Jumladan, H.H.Niyoziyning “Turkiston Muxtoriyatina”, H.Alievning “Turkistonga”, “Muxtoriyat shodligi” kabi she’rlarida ana shu mavzu teran yoritildi.20
Xullas, milliy matbuotda Turkistonning taniqli ma’rifatparvarlari, siyosiy arboblari va jamoat arboblari o’z maqola va she’rlarida, chiqishlarida Muxtoriyatni tabrikladilar va xalq orasida keng targ’ibot ishlari olib bordilar.
Turkiston xalqi ham, o’z navbatida, muxtoriyatni qo’llab-quvvatlovchi namoyishlar bilan kutib oldilar. Bunday namoyishlar va chiqishlar butun o’lka shahar va qishloqlarini qamrab oldi.
1 dekabrь (1917 yil)da Namangan uezdida 100 mingga yaqin kishi ishtirok etgan namoyish bo’lib o’tdi. Unda namoyishchilar bayroqlarida “Yashasun muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!” deb yozilgan so’zlar hilpirab turar edi21.
6 dekabrda Jalolobod volostining Xonobod qishlog’ida ham Muxtoriyat e’lon etilishi munosabati bilan namoyish o’tkaziladi. Namoyishda Abdulla eshon va Xuseyn Validiy so’zga chiqib, xalqqa muxtoriyatning tashkil etilishi, uning maqsadlarini tushuntirishdi. Bu yerda Muxtoriyatni qo’llab-quvvatlash uchun 500 so’mcha iona ham yig’ildi22.
Xuddi shu 6 dekabrь kuni Toshkentda ham miting bo’lib o’tdi. Jome masjidida o’tkazilgan bu mitingda 60 ming kishi qatnashdi. Miting Saidg’ani Mahmud raisligida o’tgan (Munavvar Qori, Mulla Odil, SHerali Lapin va boshqalar uning o’rinbosarlari edi). “Ulug’ Turkiston” gazetasining ta’kidlashicha, yig’ilganlar muxtoriyatni bir ovozdan ma’qulladilar va bundan buyon Turkistonda ana shu muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qildi. SHundan keyin, miting qatnashchilari “Omin, Allohu Akbar!” deb fotiha o’qib, xalq Kengashiga sodiq qolishga qasamyod qilganlar. Miting yakunida bir ovozdan ushbu qaror qabul qilindi: “Biz musulmonlar sinfi va daraja ayirmalariga qaramasdan, Turkiston Muxtoriyatini olqishlagan holda, Qo’qondagi favqulodda s’ezd tarafidan e’lon etilgan Turkistonda Xalq hukumati vujudga keltiruv haqidagi qarorga butun vujudimiz birla qo’shilib, ishonamizki, buyuk Rusiya revolyutsiyasi tarafidan e’lon etilgan hokimiyati asoslarining suyunchi haqqini Rusiyaning birlashgan demokratiyasi Turkiston xalqlari tarafidan bir og’izdan bayon etilgan tilagiga qo’shilur, ham birga istiqlol yo’lida qadam bosishda va o’z kunimizni o’zimiz ko’ra boshlashda yordam etar.
SHunga imon etgan holda, biz o’lkadagi musulmonlarni muxtoriyatli Turkiston hukumati atrofida jipslashib, hozir o’lka idorasi boshida bo’lib turgan Muvaqqat tashkilotlar bilan qanday bo’lmasin dushmanlarcha muomala qiluvdan saqlanishga da’vat qilamiz.
Turkiston Muxtoriyati amaliy suratda tezroq yuzaga kelishi uchun tinch va totuvlikni saqlashimiz kerak. Toinki shuning orqasidan o’zaro so’g’ish (urush) va bugundan e’tiboran hur bo’lgan Turkistonning bir to’g’on kabi xalqlarimiz orasida gunohsiz qon to’kilmasin.
Yashasin Muxtoriyatli Turkiston!”23
7 dekabrda esa Qo’qon shahrining 42 jamoat tashkilotlari nomidan yig’ilgan vakillarning qo’shma majlisi bo’lib o’tdi. Unda qabul qilingan qarorda ko’p millionli Turkiston xalqiga tabriklar yo’llandi.
Samarqandda bo’lib o’tgan viloyat Soveti s’ezdida yig’ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo’shilishga qaror qildilar va Xalq Majlisi tarkibiga besh vakil sayladilar.
Kaspiyorti viloyatida ham s’ezd chaqirilib, unda Turkiston Muxtoriyatiga qo’shilish to’g’risida qaror qabul qilindi24.
1917 yil 13 dekabrda Toshkentning eski shahar qismidagi namoyish fojeali va qon to’kilishi bilan tugadi.
Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati Mavludi sharif bayrami kuni, ya’ni 13 dekabrni “Turkiston Muxtoriyatining milliy jamg’armasiga pul yig’ish kuni” deb e’lon qildi hamda bu mablag’ mustaqillik va ozodlikni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
M.Tanishbaev, S.Gertsfelьd, I.SHoahmedov, A.O’razaev va yana bir qator hukumat a’zolari imzo chekkan “Murojaatnoma”da s’ezd qarorlari va hukumatning yaqin ish rejalari xususidagi ma’lumotlar bilan birga, butun Turkiston ahliga chaqiriq ham bor edi. Unda jumladan, quyidagilar qayd etiladi: “Turkistonning barcha fuqarolari – musulmonlar, ruslar, yahudiylar, ishchilar, askarlar va dehqonlar, o’lkada yashab turgan barcha elatlar va xalqlar, shahar va zemstvo boshqarmalari, siyosiy, ijtimoiy va kasaba uyushmalari, barcha davlat, jamoat va xususiy muassasalar Turkiston xalq hokimiyati atrofiga birlashib, uning zimmasiga yuklangan vazifalarni hayotga joriy etishda ko’mak berishga chaqiradi”25.
Xuddi shu kunlari Toshsovetga Eski shahar aholisi nomidan miting va namoyish o’tkazish uchun ariza tushgan edi. Toshsovet qaroriga muvofiq miting Toshkentning eski shahar qismida o’tkazilishiga ruxsat berildi.
13 dekabrь kuni erta tongdan Eski shahar bayram qiyofasida edi. Har tarafdan SHayxontoxur masjidi tomon guruh-guruh odamlar oqib kela boshladi soat 12 larda ko’p ming kishilik yig’in to’plandi. Hukmron partiyalarning rahbarlari va Sovnarkom a’zolari mitingga qo’shildi.
SHaharning ruslar yashaydigan qismlaridan ham juda katta guruh “Turkistonga muxtoriyati!” shiori yozilgan bayroqlar bilan kela boshladi.
Namoyishga musulmonlardan tashqari, ruslar, yahudiylar, armanlar, shuningdek, bolьsheviklardan boshqa, turli ijtimoiy-siyosiy tashkilotlarning vakillari ham chiqishdi. Namoyishchilar SHayxontoxur masjidi oldida yig’ildi. To’planganlar boshlari uzra yuzga yaqin qizil, moviy va yashil bayroqlar hilpiradi. Mitingni Munavvr Qori ochdi. U yig’ilganlarni muborak kun bilan tabrikladi. Ruslar orasida miting vakilligiga doktor SHortts saylandi. T.Norbo’tabekov va Sadriddin Mahdum kotiblikka saylandi. Bu yerga yig’ilgan mullalar Qur’ondan suralar o’qishdi. Mitingda turli tashkilot va uyushmalar vakillari nutq so’zladi. Ular ma’ruzalarida Xalq komissarlari, ya’ni bolьsheviklar xatti-harakatlaridan noroziliklarini bildirishdi.
SHu payt yig’ilganlarni kapitan Frolov boshliq bir guruh harbiylar vaqtli hukumat komissari G.I.Dorer va Ivanovlarni qamoqdan ozod qilishga chaqirdi. Bu chaqiriqdan ta’sirlangan bir guruh miting qatnashchilari yangi shahar, ya’ni qamoqxona tomon yurdilar. Yangi shahar yo’llarini o’rab olgan harbiylar to’qnashuv yuz bermasligi uchun namoyishchilarni o’tkazib yubordi. Bir guruh harbiy va amaldorlar shahar soqchilari boshlig’i Gudovichni qo’lga oldilar. SHundan keyin odamlar qamoqxona tomon yurdilar. Dorer va Ivanovlar ozod qilinib, avtomobilda Kaufman bog’iga (hozirgi A.Temur xiyoboni) yo’l olishdi. Askarlar Dorer o’tirgan mashinani to’xtatmoqchi bo’lganda, olomon tomonidan o’q otila boshladi. Bunga qarshi askarlar avval miltiqlardan, keyin pulemyotdan namoyishchilarga qarata o’t ochdi. Natijada 15 nafar kishi namoyishchilardan, 1 nafar kishi askarlardan to’qnashuv qurbon bo’ldi. Dorer va Ivanovlar bolьsheviklar tomonidan ushlanib, otib tashlandi26.
SHunday qilib, 13 dekabrdagi Toshkentda bo’lib o’tgan namoyish bir guruh g’alamislarning aybi bilan qonga botirildi.
Bu voqealar yuzasidan Muxtoriyat rahbarlari murojaat bilan chiqishdi. Murojaatda muxtoriyatchilarning musulmonlarni haqoratlovchi bu voqealarga noroziligi bildirildi, shu bilan birga, ular aholini xotirjamlik, tinchlik va osoyishtalikka chaqirdilar27.
1917 yil 25 dekabrda Qo’qonda o’z ishini boshlagan musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlarining I favqulodda s’ezdi diqqat markazida Muxtoriyatga munosabat to’g’risidagi masala turdi. Bu s’ezdda Turkistonning turli burchaklaridan kelgan 200 nafarga yaqin vakil qatnashdi. Bir necha kunlik bahslardan so’ng, s’ezdda Turkiston Muxtoriyati Vaqtli hukumatini qo’llab-quvvatlashga va uning tarkibiga musulmon ishchi va askar vakillarini kiritishga qaror qilindi. S’ezdning so’nggi qaroriga ko’ra, Petrograd Xalq Komissarlari Sovetiga telegramma yo’llanadigan bo’ldi.
1917 yil 27 dekabrda yuborilgan telegrammada shunday deyildi: “Xalq Komissarlari Soveti e’lon qilgan shiorlar Turkistonda joriy etilmoqda. Butun Turkiston xalqi ikkala s’ezdda Turkiston Muxtoriyatini bir ovozdan e’lon qildi va Turkiston Ta’sis Majlisiga o’lkani boshqarishning so’nggi shaklini ishlab chiqish taklif etildi. Barcha shaharlar va qishloqlarning turli tashkilotlari namoyishlar va qarorlarida muxtoriyatning e’lon qilinishini qo’llab-quvvatlayaptilar. Saylangan Xalq Sovetida ruslar va ovrupaliklar shahar va qishloqlar aholisining 2 foizini tashkil etsa, biz tomonimizdan 33 foiz o’rin ajratilgan, xalqlarning urushlarga chek qo’yish, annektsiya va kontributsiyasiz sulh tuzishiga bir ovozdan qo’shilamiz...”
Telegramma davom etib, quyidagi so’zlar bilan yakunlanadi: “... sizlardan Rossiya demokratik respublikasining oliy hokimiyati sifatida Toshkent Xalq Komissarlari Soveti (XKS)ga hokimiyatni Turkistonning Muvaqqat hukumatiga topshirish to’g’risida farmoyish berishingizni so’raymiz. Bu bilan siz Turkistonni juda katta falokatga olib keluvchi anarxiya va qo’shhokimiyatchilikdan qutqargan bo’lardingiz”28.
Mana biz yuqorida Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan aholi va ayrim siyosiy tashkilotlarning bildirgan munosabatini o’sha davr mahalliy matbuotida, asosan, “Ulug’ Turkiston”, “Ishchilar dunyosi” gazetalarida e’lon qilingan maqolalaridan qisman yoritdik. Albatta, bu maqolalar asosli dalil va hujjatlar asosida berilgan. Endi, Farg’ona viloyati davlat arxivida saqlanayotgan va Turkiston Muxtoriyati bilan bog’liq bo’lgan ba’zi hujjatlar bilan tanishamiz va ularni tahlil qilishga harakat qilamiz.
Muxtoriyat bilan bog’liq hujjatlarning juda ko’pi uning tugatilish davrida yo’q bo’lib ketgan, ayrimlarini chet ellarga o’tib ketgan ba’zi muxtoriyat rahbarlari o’zlari bilan olib ketgan. Lekin, o’sha ayrim hujjatlar ham muxtoriyat masalasida fikr-mulohazalarni oydinlashtirishga qisman bo’lsa-da, asos bo’la oladi. Bizga ma’lumki, IV o’lka musulmonlari s’ezdining ikkinchi majlisi janubiy-sharqiy ittifoqqa qo’shilish to’g’risida edi. Bu iqtisodiy jihatdan o’lka uchun foydali edi. CHunki, o’lkaga SHimoliy Kavkaz va Orenburgdan don mahsulotlari keltirilardi. Bu hududlar esa ataman Dutov armiyasi qo’li ostida edi. Bundan tashqari, Muxtoriyat hukumati, zarur bo’lganda, bu ittfoqdan harbiy yordam olish maqsadi ham bor bo’lganligi ehtimoldan holi emas edi. SHu holatlardan kelib chiqib, s’ezd bu ittifoqqa kirishga qaror qiladi.
Kazak armiyalari ham, o’z nabatida, Turkiston Muxtoriyatini o’lkadagi qonuniy yagona hukumat deb tan oldilar. XKSni tan olish u yoqda tursin, ularni “jinoiy shayka, talonchi va o’lkadagi hokimiyatni uyatsizlarcha qo’lga olgan safsatabozlar”, deb atadilar: “O’rtoqlar va fuqarolar. Mana uch oydan beri jinoyatchi shayka, ochiq talonchi va uyatsiz safsataboz (demagog)lar o’lkada hokimiyatni qo’lga oldilar. Kolesovlar, Poltoratskiylar, TSendilar, Sinitsinlar, Frolovlar va shu kabilar, bolьshevizm ostida qator qotilliklar, talonchiliklar kabi o’zlarining jinoiy faoliyatlari bilan bizning yorug’, saodatli inqilobimizni butun tinch fuqarolar ko’zi oldida, ayniqsa, musulmonlar ko’z oldida rasvo, badnom qildi”. Kazaklar davom etib: “...biz o’z hayotimizni (xo’jaligimizni) qurish (o’rnatish, yo’lga qo’yish) uchun o’z uylarimizga ketyapmiz va Turkiston o’lkasi ham, Rossiyadan ajralmagan holda, erkin va bemalol o’z hayotini (hokimiyatini) qurishini (o’rnatishini) xohlaymiz...” Mazkur chaqiriq quyidagicha so’zlar bilan yakunlanadi: “Yashasin inqilobiy xalq, inqilobiy armiya va Muxtor Turkiston!”29
SHu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, yuqorida biz Muxtoriyat hukumati kazak qo’shinlaridan harbiy madad olish maqsadi ham bo’lgan, degan edik. SHu fikrimizga dalil sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: “Polkovnik Zaytsev oq kazaklar va muxtoriyatchilar bilan birlashib, CHorjo’yda SHo’ro hokimiyatini ag’darib, Samarqand, Toshkent tomon yurish qildi. Qizil qo’shin qo’mondonlaridan D.Manjara shunday xotirlaydi: “Yanvarь oyi (1918 yil) boshlarida Samarqandda eshelonlar to’plana boshladi. Ular Kavkaz frontidan qaytayotgan, asosan, Orenburg va Yettisuv kazaklari edi. Bu to’planish behuda emas edi, kuch to’plab, “Qo’qon muxtoriyati”ga madadga bormoqchi edilar”30.
Muxtoriyatchilar va kazak qo’shinlari o’rtasidagi aloqalar haqida quyidagi fikrlar ham mavjud: “Oktyabrь to’ntarishi arafasida Kavkazdan Sibirga Tokent orqali 10 ming nafar chor armiyasi o’tgan, bolьsheviklar ta’siridan holi bo’lgan ana shu katta harbiy kuch 3-4 kun mobaynida Toshkentda to’xtab turganida, Munavvar Qori va U.Xo’jaev qo’shin qo’mondoni bilan muloqot qilgan. Ikki o’rtadagi kelishuvga ko’ra, o’lka Markaziy musulmonlar sho’rosi, aniqrog’i, “SHo’roi islomiya” shu qo’shin yordamida hokimiyat tepasiga kelishi kerak edi. So’ng, qo’shin Markaziy Turkiston davlati rasman shakllanib kuchga kirgunga qadar shu yerda turishi, ishchi va soldat sho’rolari (qizil armiya)ni qurolsizlantirishi, keyin esa o’z qurol-yarog’larini ham Turkiston hukumati ixtiyoriga topshirib, tarqalishi zarur edi. Qo’shin qo’mondonlari bilan kelishuvga ko’ra, turkistonliklar gardaniga faqat moliyaviy xarajatlarni olganlar. Buning uchun 2 million so’m darkor bo’lgan. Munavvar Qori va U.Xo’jaev darhol toshkentlik boylarni yig’ib, kengash o’tkazgan. Toshkent boylari Munavvar Qori va U.Xo’jaevlarning so’zlariga ishonmadilar. 2 million so’m to’lanmaganligi bois milliy Turkiston davlati tuzilmay qoldi. Millat ozodligi uchun to’lanishi kerak bo’lgan arzon tovon shu tariqa to’lanmay qoldi va bu to’lov 74 yilga cho’zildi – g’oyat qimmatga tushdi”31.
Yuqoridagi fikrlar qaysi hujjat va manbalarga asoslanganligini aniqlash kerak. CHunki, Munavvr Qori bilan U.Xo’jaevlarning kazak qo’shinlari qo’mondoni bilan muloqot qilganligi haqida mavjud hujjat va manbalarda ko’rsatilmagan.
O’lkada Turkiston Muxtoriyatini yagona qonuniy hukumat deb tan olgan yana bir muhim hujjat mavjud. Bu Skobelev (Farg’ona)dagi harbiy asirlari (Birinchi jahon urushining 41 ming 285 nafar harbiy asiri Turkistonda saqlanar edi32. Skobelevda asirlar soni 3200 nafar edi)ning Turkiston Muxtoriyati Muvaqqat hukumati nomiga yozilgan iltimos xati33. Mazkur xatda harbiy asirlar 4 banddan iborat masalalarni qonuniy hukumat sifatida Muvaqqat hukumat tomonidan hal qilinib berilishi iltimos qilinadi. Harbiy asirlar Skobelev shahar Dumasi va Farg’ona Soveti bo’la turib, Qo’qonga, Muvaqqat hukumatga murojaat qildilar. CHunki, ular ham bu hukumatni tan olgan, unga ishonch bildirgan edilar.
1918 yil 17 yanvarda Skobelev shahrida o’tkazilgan Farg’ona viloyat jamoat tashkilotlarining qo’shma yig’ilishida ham Turkiston Muxtoriyati masalasi ko’rib chiqildi. Yig’ilish kun tartibining 3-masalasida Muxtoriyatga vakillarning munosabati bildirildi va ular quyidagicha qaror qabul qildilar: “3-masala bo’yicha bir ovozdan quyidagi qaror (rezolyutsiya) qabul qilindi: “Xalqlarning o’z-o’zini belgilash huquqlarini tan olib va qo’llab-quvvatlab, askar, ishchi va dehqon deputatlari sovetidan Muvaqqat hukumatni tan olish va hokimiyat uchun kurashni to’xtatish yo’lidan borishini so’raydi”34.
Yuqorida keltirilgan hujjatlardan xulosa shuki, muxtoriyatni keng xalq ommasi bilan birga, Rossiya inqilobini bolьsheviklarning noqonuniy ravishda o’ziniki qilib olishga qarshi kurashgan kazak qo’shinlari, o’lkadagi turli jamoat tashkilotlari, hatto, harbiy asirlarning tan olishi va unga ishonch bildirishi ko’p yillar davomida kommunistlarning “millatchi muxtoriyatchilar xalqdan madad ololmadilar”, “mehnatkash xalq ularni qo’llab-quvvatlamadi”, “muxtoriyatchilarga qarshi bolьsheviklar bilan birgalikda keng xalq ommasi kurash olib bordilar”, - deb yozilgan “tarix”larning qup-quruq tuhmat ekanligini isbotlaydi, ularning tarixiy voqea-hodisalarni o’z mafkuralarining quliga aylantirganini, soxtalashtirganini ochib tashlaydi.
Endi Turkiston Muxtoriyatiga umuman boshqacha munosabat bildirilgan hujjatga to’xtalib o’tamiz. Bu hujjat shunisi bilan qiziqki, u Farg’ona viloyati askar, ishchi va dehqon deputatlari sovetlarining 1917 yil 12 dekabrь 938-sonli xatiga javob sifatida Turkiston Muxtoriyatiga bo’lgan munosabatni aniqlash uchun “tayyorlangan”, ya’ni to’g’rirog’i Muxtoriyatga qarshi uyushtirilgan hujjat.
1917 yil 21 dekabrda Andijon uezdi Bozor-Qo’rg’on volostiga qarashli Mariinskiy posyolkasida yashovchi 15 nafar rus uy bekalari ishtirokida, komissar Pavel Grigorьevich Turtov raisligida umumiy yig’ilish o’tkaziladi. Bunda Turkiston Muxtoriyatiga nisbatan quyidagicha qaror qabul qilinadi:
muxtoriyat so’zi, uning ma’nosini tushuntirishsiz, ko’plarimiz uchun kam tushunarli.
ayrimlarimiz uchun Turkiston Muxtoriyati oddiy mol uyiga yangi eshikday ahamiyat kasb etadi.
bizning Turkiston Muxtoriyatiga munosabatimiz quyidagicha:
Turkiston aholisidan so’ramay, o’zlaricha Turkiston Muxtoriyatini e’lon qilgan g’oyaviy rahbarlari, eski tuzumning sobiq amaldorlari va o’z xalqini hozirgacha ekspluatatsiya qilib kelayotgan sobiq boy tarjimonlar singari, bizning ishonchimizni qozonmaydi;
Turkiston aholisining ko’pchiligi, o’zining nodonligi va ongsizligi bilan nafaqat Turkiston Muxtoriyati haqida tushunchaga ega, balki uni o’zlari uchun zarar, xalqni rus aholisiga qarshi gij-gijlab, mahalliy xalqning ongsizligidan katta foyda olayotgan mahalliy avantyuristlar va chet el josuslari deb biladi.
Bizning xohishimiz quyidagicha, Turkiston aqliy va axloqiy yuksalgunga qadar hech qanday muxtoriyat berilishi mumkin emas, Turkiston Rossiya Respublikasining qonunlariga bo’ysunishi kerak.
Biz ularni (muxtoriyatchilarni) darhol qamoqqa olishni va hokimiyatni qonunga xilof ravishda egallashga intilgan (uzurpator) va Rossiya Demokratik Respublikasining xoinlari sifatida sud qilinishini talab qilib, mazkur hukmga imzo chekamiz: imzolar”35.
Farg’ona viloyati kengashi (soveti)ning 938-sonli xatiga javob sifatida Andijondan yuborilgan telegramma esa quyidagicha yangraydi: “G’ulcha garnizoni aholisi, ayniqsa, rus aholisi uchun, Turkiston Muxtoriyati halokatli”36. Mazkur telegramma bolьshevik Rogoyanov tomonidan yuborilgan.
Endi mana shu ikkala hujjatni tahlil qilib ko’raylik. Birinchi hujjatda qabul qilingan qarorlarga 4 nafar rus mujigi va 11 nafar rus ayoli imzo chekkan. SHunisi qiziqki, ulardan faqat 6 nafari savodli, qolganlari savodsiz bo’lganlar. Vaholangki, mana shu imzo chekishni ham bilmaydigan (hujjatda “savodsizlar nomidan Yelena Titova imzo chekdi” deb yozilgan) rus kishilari mahalliy xalqni nodon, ongi past deb baholayapti, muxtoriyatchilar ustidan esa hukm chiqaryapti.
Mazkur hujjatda mahalliy aholiga nisbatan past nazar, shovinistik kayfiyat aniq ko’rinib turibdi. Bu komissar Turtovning rus aholisi o’rtasida “juda yaxshi” targ’ibot-tashviqot ishlari olib borganligini ko’rsatadi. CHunki, bolьsheviklar (kommunistlar)ning targ’ibot-tashviqot ishlarini qoyil qilib ado etganlari, o’z mafkuralariga, qoliplariga tushmagan har qanday fikrni badnom qilganlari tarixdan ma’lum.
Kommunistlar Turkistonning asl farzandlarini “xalq dushmani” sifatida “tugatish” uchun, ularning ustidan qilmagan ayblarini “fosh” qiluvchi hujjatlar ubshtirganlar. Yuqoridagi hujjat ham Turkiston Muxtoriyati va uning rahbarlarini “fosh” qilish uchun uyushtirilgan hujjatdir. Ikkinchi hujjat, ya’ni telegramma ham birinchisiga o’xshab, mahalliy aholining ishtirokisiz, 5-6 nafar savodsiz rus mujigi yoki bolьsheviklarning “qashshoqlar hokimiyati”ga laqqa tushgan ayrim kishilarninggina munosabati bo’lsa, ajab emas.
Mazkur paragrafni yoritishda, biz o’sha davr mahalliy matbuoti xabarlari va ayrim arxiv hujjatlarini ko’rib chiqdik. Ularning aksariyatida Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinishi keng aholi qatlami tomonidan, har xil siyosiy va jamoat tashkilotlari tomonidan, o’lkadagi ovrupalik millat vakillari tomonidan ham yaxshi kutib olinganligining, yangi hukumatni qonuniy hokimiyat deb tan olganligining va qo’llab-quvvatlaganligining guvohi bo’ldik.
Do'stlaringiz bilan baham: |