Shuni ham aytish lozimki, tilning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq barcha farazlar imo-ishoralar bilan ham qaysidir ma’noda aloqadordir. Imo-ishoralarning hozirgi tilimizda ham kumakchi vosita sifatida qo‘llanilishi izoh talab qilmaydi, albatta. Qadimda imo-ishoralardan ba’zi qabilalar o‘zaro fikr almashuv davomida juda ko‘p foydalanganlar. Imo-ishoralar ba’zi qabilalarning urf-odatlari, udumlari bilan qorishib ketganligini ham kuzatamiz. Bunga Avstraliyaning yana bir qabilasi – Varramunga misol bo‘lishi mumkin. Bu qabila udumlariga ko‘ra, beva qolgan ayol bir yilgacha nutq tovushlari orqali so‘zlashi mumkin emas. U o‘z jamoasi a’zolari bilan ham, boshqa jamoalar a’zolari bilan ham faqat imo-ishoralar orqali so‘zlashadi. Bu singari odatlar amerikalik hindularda ham kuzatiladi. Ularning ko‘plari o‘zaro tovush tili orqali so‘zlashsalar-da, boshqa qabilalar a’zolari bilan imo-ishoralar orqali aloqa qilishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |